Namangan viloyatining Norin tumanida “Norin” bolalar yozgi oromgohi foydalanishga topshirildi.
O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi homiyligida qurilgan oromgohning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, faxriylar, yoshlar ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.
Tumanning Eski Haqqulobod qishlog`ida ish boshlagan yangi oromgohda mavsum davomida 800 nafar o`g`il-qiz maroqli dam olishi, vaqtini mazmunli o`tkazishi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Umumiy maydoni qariyb to`rt gektarni tashkil etgan oromgoh turfa gullaru, yam-yashil maysazor va manzarali daraxtlarga burkangani o`ziga xos ekobog`ni eslatadi. Bu erda o`rnatilgan favvoradan musiqa ohanglariga hamohang otilayotgan suv kishi ruhiyatiga sokinlik bag`ishlaydi.
Sport maydonchalari, kutubxona, madaniy tadbirlar o`tkazishga mo`ljallangan dekorativ sahna va suv havzasi zamonaviy jihozlangan, tibbiyot xonasi birinchi yordam ko`rsatish va stasionar davolash uchun zarur bo`lgan barcha dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan ta`minlangan.





