Yurtimizda har yili 9may — Xotira va qadirlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu kuni Vatan ximoyasi uchun jon fido qilgan va yurt ravnaqi uchun xizmat qilgan marhum ota-bobolarimiz ruhlarini shod etish uchun haqlariga duoi xayr qilnadi. O`tib ketgan yaqinlarimiz qabrlarini ziyorat qilish uchun qabristonlarga chiqamiz. Zero, ushbu go`zal odat, ota-bobolarimizdan qolgan udum va dinimiz ko`rsatmasi hamdir. Payg`ambarimiz sallollohu alayhi vasallam ham “O`tganlaringizni yaxshi sifatlari bilan eslang”, deya marhamat qilganlar.
Qabrlar qay tarzda ziyorat qilingani ma`qul? Muqaddas dinimizda bu borada qanday ko`rsatmalar berilgan? Ayollar ham qabristonga chiqsa bo`ladimi? Shu kabi savollar javobi bugun ko`pchilikni qiziqtirayotgan bo`lishi mumkin.
Payg`ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida Baqiy` qabristoniga borib, mayyitlar haqiga duo qilardilar. Shuning uchun islom dinida tabarruk zotlarning qadamjolarini va vafot etgan yaqinlarimizni qabrlarini hamda qabristonlarni ziyorat etish savobli amallardan sanaladi. Ammo qabristonni ziyorat qilishning ham odoblari bor. Imom Muslim (r.a.) va Imom Ahmad ibn Xanbal (r.a) rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallollohhu alayhi vasallam: “Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi uni ziyorat qilaveringlar. Sababi, u sizlarga oxiratni eslatadi”, deganlar. Ushbu hadisi sharif qabristonlarga ziyorat qilish uchun erkak kishi ham, ayol kishi ham borishligi, ularning xaqqiga duo qilish joizligi, o`qilgan Qur`on va qilingan duolarning vafot etganlar uchun manfaati bor ekanligiga dalolatdir.
Darhaqiqat, shariatimizda ayollarimizning qabristonga borishlariga hech qanday monelik yo`q. Faqat odob-axloq doirasidan chiqmagan holda, ziyorat qilishlari joiz. U erda ovozlari boricha dod solib, Allohning taqdiriga norozi holda yig`lash, bitgan yarani yangilab, hammani g`amga botirish mumkin emas. Chunki payg`ambarimiz sallollohhu alayhi vasallam “Vafot etgan inson yaqinlarining oh-voh chekishlari sabab qabrda azob chekadilar”, deganlar. Dinimiz avvalida aynan shu kabi holatlar borligi sabab Payg`ambarimiz sallollohhu alayhi vasallam qabr ziyoratidan qaytarganlar.
Qabristonga ziyoratga borganlarida libos va ziynat bobida kamtarona ish tutishni unutmaslik zarur. Ya`ni ayollarning avrat joylari yopiq bo`lishi, atir va boshqa xushbo`y narsalar surtmasligi, qabrdagi kishidan biror narsa so`ramasligi shart. Agar vasila(vosita)qilib so`ralsa, bizning Ahli sunna val jamoa ulamolarining nazdida joiz. Shariatimizga muvofiq tarzda ziyorat qilish,qabristonga borganda mayyitlarga salom berish va ularning haqqiga duo qilish durustdir.
Zokir ZIYoDDINOV, Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi“Darvesh buva” masjidi imom xatibi.