Kecha Superliganing 15-turi doirasida “Dinamo” hamda “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi bellashuv ortidan futbol muxlislari o‘rtasida tortishuv yuzaga keldi. Shu paytda “Nasaf” klubi matbuot xizmati xodimi Sarvar Bobonazarovning ijtimoiy tarmoqda andijonlik va samarqandlik muxlislarga nisbatan haqoratomuz so‘zlar ishlatgani aks etgan skrinshotlar tarqaldi.
Bu holat keng jamoatchilik e’tiborini tortgani ortidan “Nasaf” futbol klubi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda ta’kidlanishicha, ayni vaqtda mehnat ta’tilida bo‘lgan Sarvar Bobonazarov kechagi uchrashuvda ishtirok etmagan va xizmat vazifasini bajarmagan.
Klub bayonotida shunday deyiladi:
“Sarvar Bobonazarov o‘zining shaxsiy ijtimoiy tarmoq sahifasida jamoalar muxlislari haqida nomaqbul ifodalar ishlatgan. Bu shaxsiy fikrlar klub pozitsiyasini aks ettirmaydi. ’Nasaf’ futbol klubi har qanday kamsitish va haqoratni qoralaydi”.
Klub bu holat yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazgan va axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani uchun Sarvar Bobonazarov bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan. Shuningdek, jamoatchilikdan yuzaga kelgan noqulay vaziyat uchun rasman uzr so‘ralgan.