Turkiya sobiq Prezidenti Sulaymon Demirel 17 iyun kuni 92 yoshida Anqaradagi Güven Hastanesi kasalxonasida yurak hurujidan vafot etdi.
Demirel bir oydan ortiq vaqt davomida yurak va nafas yo`li infeksiyasi kasalliklaridan davolanayotgan edi.
Shu munosabat bilan 18 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Kamilov Turkiya Respublikasining Toshkent shahridagi Elchixonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
Vazirlik rahbari Turkiyaning sobiq Prezidenti va Bosh vaziri Sulaymon Demirelning vafoti munosabati bilan ta`ziya bildirdi va Hamdardlik kitobiga qayd kiritdi.
Elchi Namik Guner Erpul Prezident Islom Karimovning Turkiya Prezidenti Rajab Tayyib Erdo`g`an nomiga yo`llagan maktubidagi dalda va hamdardlik so`zlari uchun o`zining samimiy minnatdorchiligini izhor etdi.





