AsosiyJamiyat

Ramazon mavsumida jami 670 nafar fuqaro “Umra” ziyoratiga boradi

 

Joriy yilning 6 dan 11 iyul kuniga qadar “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasining zamonaviy avialaynerlarida o`zbekistonlik ziyoratchilarni Ramazon oyidagi umra safariga yuborish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda fuqarolarimizning hujjatlari Saudiya Arabistoni Podshohligining Toshkentdagi elchixonasiga viza rasmiylashtirish uchun tayyorlanmoqda, bu haqda Din ishlari bo`yicha qo`mita xabar beradi.

Saudiya Arabistoni Podshohligida havoning anomal darajada isib ketishi hamda ziyoratga boruvchi fuqarolarimizning hohish istaklarini inobatga olib, Ramazon mavsumida jami 670 nafar (eslatib o`tamiz ziyoratchilarimizning asosiy qismi 5496 nafari Bahor mavsumida ziyoratga borgan) fuqarolarimizni Toshkent–Jidda–Toshkent yo`nalishi bo`yicha 3 ta charter aviareysida ziyoratga boradilar.

Ziyoratchilarga mavsum davomida o`zbekistonlik 2 nafar ishchi guruhi, 13 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 3 nafar shifokor va 2 nafar oshpaz xizmat ko`rsatadi.

Ziyoratchilarga safardan oldin davlat ramzlari tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Umra” qo`llanmasi va videoyo`riqnomalar taqdim etildi.

Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarida meningit va grippga qarshi zardob bilan emlandilar. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo`lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

O`zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi nabaviy”dan 150 metr masofada joylashgan to`rt yulduzli “Feyruz al-Xayr” mehmonxonasi, Makka shahrida esa “Xaram masjidi”dan 1500-2000 metr uzoqlikda joylashgan “Sovfat al-Miya`d” mehmonxonasi tayyorlab qo`yilgan.

O`zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kecha - 4 kunduz bo`lib, bu erdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgandan so`ng Makka shahriga yo`l oladilar. 

Mehmonxonada ziyoratchilarimiz saharlik va iftorlik qilishlari uchun oshxona, sog`liqlarini doimiy ravishda nazorat qilib turish maqsadida tibbiyot punkti tashkil etilgan. Har bir xonada televizor, muzlatgich, kondisioner va boshqa zarur anjomlar bilan ta`minlangan.

Ziyoratchilarimiz sun`iy yo`ldosh orqali O`zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo`layotgan voqealardan xabardor bo`lish imkoniyatlari yaratilgan.
Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-869 son Qarori asosida Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan “Haj” va “Umra” masalalari bo`yicha attashe bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar