Mamlakatimizda olib borilayotgan samarali iqtisodiy siyosat, xususan bank tizimida amalga oshirilayotgan va mavjud aniq yo`nalishlar bank-moliya tizimining barqaror rivojlanishiga mustahkam poydevor yaratmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan «Standard&Poor’s» xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlikda O`zbekiston tijorat banklariga xalqaro reyting taqdim etilishi va qayta tasdiqlanishi masalalariga bag`ishlangan navbatdagi konferensiya tashkil etildi.
Konferensiyada Markaziy va tijorat banklarining rahbarlari va mas`ul xodimlari, kredit tashkilotlarini auditdan o`tkazuvchi xalqaro va mahalliy auditorlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir mamlakatimiz rahbarining 2015 yil 6 maydagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini ta`minlash doirasida o`tkazildi.
Anjuman davomida «Standard&Poor’s» ekspertlari tomonidan reyting taqdim etish mezonlari tahlili, o`z kredit layoqatliligini baholash, shuningdek, bank nazorati bo`yicha Bazel komitetining “Bazel III standartlari”ni joriy qilish tajribasi tavsiyalari va ularning banklar reytingiga ta`siri masalalari taqdimoti bo`lib o`tdi.
Bundan tashqari, ekspertlar bank tizimining O`zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishida tutgan o`rniga baho berdilar va banklarning iqtisodiyotning real sektorini kreditlashi kengayishi orqali yalpi ichki mahsulotning yuqori sur`atlarda o`sishini ta`minlayotganini ta`kidladilar.
«Standard&Poor’s» ekspertlarining fikricha, bank tizimining barqaror resurs bazasi va tegishli bank nazorati iqtisodiy o`sishdagi ijobiy omillardir. Bu holni reyting agentligining Moliyaviy institutlar direktori o`rinbosari Anastasiya Turdieva shunday izohlaydi: «Biz O`zbekiston bank tizimining kapitallashish darajasi va likvidliligini oshirish, Bazel-III talablarini joriy etishga qaratilgan mamlakat rahbarining may oyida imzolangan 2344-qarori bilan tanishmiz. Biz bu tashabbusni ijobiy baholaymiz, chunki biz O`zbekiston bank tizimining kapitallashishini doimo muqobil tarzda deb baholab kelganmiz, birinchi navbatda, bu banklar o`z daromadlarini oshirishi mumkin bo`lgan aktivlar o`sishi yuqori sur`atlarda davom etmoqda. Bundan tashqari, kapitallashuvga davlatning banklar ishtirokidagi yirik investision loyihalari katta ta`sir o`tkazmoqda. Shu bois davlat joriy etishni rejalashtirayotgan choralar bank tizimida ijobiy iz qoldiradi. Hozir uning natijalari haqida gapirishga biroz erta, bu Markaziy bank tomonidan bajarilishi majburiy bo`lgan qabul qilinajak me`yorlarga bog`liq, chunki Bazel III tavsiya xarakteriga ega. Har bir yurisdiksiyada Markaziy banklar mamlakatda istifoda etiladigan talablarning bajarilish grafigi va minimal ko`rsatkichlarini mustaqil hal etadilar. Biz Markaziy bank qabul qiladigan me`yorlarni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz va umid qilamizki, talablar joriy etilgunga qadar banklarning bu me`yorlarni bajarishga tayyorligi testdan o`tkaziladi».
MDHga a`zo ayrim mamlakatlar reytingining yomonlashuvi fonida O`zbekiston bank tizimining iqtisodiy riskka ta`sirchanligi “barqaror” deb baholanmoqda.
Bank tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan aniq maqsadli choralar bank tizimining jami kapitalini so`nggi besh yilda 2 martadan oshiqroq, o`tgan yilning o`zida esa 25 foiz o`sishini ta`minladi. Bank tizimi kapitalining etarlilik darajasi 24 foizni tashkil etadi va bu ko`rsatkich xalqaro standartlardan (8 foiz) 3 baravar ko`pdir.
Ta`kidlandiki, Markaziy bank tomonidan bank tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va samarali bank nazoratining olib borilishi, jumladan, aktivlar sifati, kredit portfelini diversifikasiya qilish, kapitalning etarliligi va likvidlik ko`rsatkichlari ustidan doimiy monitoring o`rnatilishi mamlakat tijorat banklarining barqaror faoliyat yuritishiga etarlicha shart-sharoit yaratmoqda.
Markaziy bank tomonidan bank nazorati Xalqaro valyuta jamg`armasi, Jahon banki va bank nazorati bo`yicha Bazel qo`mitasining tavsiyalari asosida ilg`or xalqaro tajribalar asosida uzluksiz va o`z vaqtida takomillashtirilib borilmoqda.





