Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Boshqaruv kadrlarni tayyorlash dasturi (MTP) – O`zbekistonda kichik biznes korxonalari rahbarlarining salohiyatini oshirish” loyihasi (quyida Loyiha deb ataladi) O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda Evropa Ittifoqi korxonalarida O`zbekistondagi kichik biznes korxonalari menejerlari malakasini oshirish uchun arizalar qabul qilishini e`lon qiladi.
Malaka oshirish Evropa Ittifoqining 28 mamlakatidagi korxonalarda amalga oshirilib, ular o`zaro kelishuv asosida ishtirokchilar yoki loyiha tomonidan tanlanishi mumkin.
Loyihaning asosiy maqsadi O`zbekistonda kichik biznesni samarali boshqarish va uning uzoq kelajakdagi barqaror rivojlanishini ta`minlashga qodir malakali va salohiyatli tadbirkor hamda menejerlar sonini ko`paytirishdan iborat. Bu bosqichda qo`yilgan maqsadga Evropa korxonalarida O`zbekistondagi kichik biznes rahbarlarining malakasini oshirish orqali erishiladi.
Boshqaruv kadrlarni tayyorlash dasturi loyihasining maqsadi o`zbekistonlik menejerlarning boshqaruv ko`nikmalarini oshirish, ularni biznesni boshqarish va yuritishning evropacha usullariga o`qitish, Evropa Ittifoqi va O`zbekiston kompaniyalari o`rtasida hamkorlik aloqalarini o`rnatishdan iborat. Barcha nomzodlar malaka oshirish safarida ishtirok etishdan ko`zlangan maqsadni aniq ko`rsatishi hamda bu uning va korxonasining rivojiga qanday ijobiy ta`sir ko`rsatishini qayd etishi lozim.
Loyihaning trening va malaka oshirishlarida ishtirok etish tanlangan ishtirokchilar uchun bepul amalga oshiriladi. Transport bilan bog`liq barcha xarajatlar (aviachipta uchun 400 evro miqdoridagi shaxsiy to`lovdan tashqari), shuningdek, Evropa Ittifoqi mamlakatlarida joylashtirish, vizalar, sug`urta loyiha mablag`lari evaziga qoplanadi.
Barcha talablarga javob beradigan kichik biznes korxonalari va ularning rahbarlari – menejerlarigina malaka oshirish uchun ariza topshirish huquqiga ega.
Kichik biznes korxonalari va ularning rahbarlari – menejerlari uchun talablar (va kerakli hujjatlar) hamda loyiha yangiliklari batafsil loyihaning veb-sahifasida www.mtpeu.uz va Facebook sahifasida https://www.facebook.com/mtpeu ko`rsatilgan.
Nomzodlarning arizalari 2015 yilning 22 iyuliga qadar qabul qilinadi. Arizaning onlayn shakli loyihaning veb-sahifasida joylashtirilgan.
Maxsus izoh: tanlov jarayoni gender tengligi masalasini hisobga olgan holda kamida 20 foiz ayol nomzodlarni tanlab olishni ko`zda tutadi.





