25—26 iyun kunlari Rigada Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari ta`lim vazirlarining birinchi uchrashuvi o`tkazildi.
U Evropa Ittifoqi Kengashidagi Latviya vasiyligida Evropa Komissiyasi hamda Evropa tashqi ishlar xizmati hamkorligida tashkil qilindi. Tadbirning ochilish marosimida so`zga chiqqan Latviya fan va ta`lim vaziri Marite Seyle Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini ta`kidlab o`tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasidagi aloqalar, jumladan ta`lim sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.
Uchrashuvda oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri A. Vahobov rahbarligidagi O`zbekiston delegasiyasi ham ishtirok etdi.
O`zbekiston delegasiyasi chiqishida keyingi yillarda ta`lim sohasida olib borilayotgan tub isloxotlar jahon standartlariga javob beradigan tizimni shakllanishiga turtki bergani alohida qayd etib o`tildi.
"Jahon" axborot agentligi ma`lumotiga ko`ra, uchrashuv yakunida vazirlar Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning ta`lim sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan komyunike va yo`l xaritasini qabul qildi.





