AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Qashqadaryo viloyatidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida 30 iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi, deya xabar beradi O`zA. 

Qashqadaryo viloyati iqtisodiy salohiyati, er osti va er usti boyliklari, rivojlangan sanoat tarmoqlari va qishloq xo`jaligi bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim o`rin tutadi. Omilkor va ishbilarmon insonlar mehnati tufayli barcha sohalarda ulkan muvaffaqiyatlar qo`lga kiritilmoqda. 
Viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi izchil o`smoqda. Mamlakatimiz umumiy sanoat mahsulotining qariyb 11 foizi ushbu viloyatda ishlab chiqarilmoqda. Sho`rtan va Muborak gaz-kimyo majmualari, Dehqonobod kaliyli o`g`itlar zavodi kabi zamonaviy sanoat korxonalarida jahon bozorida xaridorgir mahsulotlar tayyorlanmoqda. 
Yirik investisiya loyihasi asosida Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida yiliga 900 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega ikkita bug`-gaz qurilmasini qurish ishlari jadal davom etmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 2 avgustdagi “2013-2016 yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to`g`risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dasturga asosan umumiy qiymati 2 milliard 98 million dollarga teng 555 loyiha amalga oshirilishi ko`zda tutilgan. Bugungi kungacha ularning 440 dan ortig`i hayotga tatbiq etilib, sanoat sohasining yangi turlarini rivojlantirish, aholini ish bilan ta`minlash va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. 
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo`lgani kabi Qashqadaryo viloyatida ham ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilma rivojlanib, shahar va qishloqlar qiyofasi tubdan o`zgarib bormoqda. 
Keyingi yillarda viloyat markazi Qarshi shahri har tomonlama rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, shaharning 2700 yilligi munosabati bilan ko`hna Nasaf yanada go`zal va obod maskanga aylandi. 
Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2013 yil 25 iyuldagi “Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo`l-transport kommunikasiyalarini rivojlantirish dasturi to`g`risida”gi qarori asosida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 
Qarshi shahrining hududi kengaytirilmoqda. Yangi avtostansiya va vokzallar, ko`pqavatli uy-joylar, bog` va xiyobonlar, xizmat ko`rsatish ob`ektlari bunyod etilmoqda. 
Yo`l-transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida uzunligi 56 kilometr bo`lgan halqa yo`li qurilmoqda. Uning temir yo`l va daryolar bilan kesishadigan nuqtalarida 6 zamonaviy yo`l o`tkazgich va ko`priklar bunyod etilmoqda. Bu shahar havosi musaffoligini va harakat xavfsizligini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 
Halqa yo`lining Qashqadaryo daryosini kesib o`tadigan qismida uzunligi 108, eni 27 metrlik yangi ko`prik barpo etildi. Amir Temur ko`prigi rekonstruksiya qilindi. 
Prezidentimiz viloyatga safarini ushbu ko`priklar bilan tanishishdan boshladi. 
Bir paytlar Qashqadaryo deganda odamlarning ko`z oldiga cho`l kelardi. Qurilish va obodonlashtirish ishlariga e`tibor yo`q edi. Bajarilgan qurilishlar ham mendan ketguncha, egasiga etguncha qabilida, hisobot uchun qilinardi. Mustaqillik yillarida uzoqni ko`zlab, izchillik bilan amalga oshirgan ishlarimiz samarasida Qarshi shahri obod va farovon bo`lib borayotir. Buni zamonaviy inshootlar, mana shunday ko`priklar misolida yaqqol ko`rishimiz mumkin, dedi Islom Karimov. 
Davlatimiz rahbari ko`priklar atrofini obodonlashtirish, yo`l va daryo bo`ylariga hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar o`tqazish, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun zarur bo`ladigan barcha sharoit va qulayliklarni yaratish kerakligini ta`kidladi. Daryoning ikki qirg`og`ini mustahkamlash, sohilbo`yini obodonlashtirish, qayiq stansiyasi tashkil etish yuzasidan ko`rsatmalar berdi. 
Prezidentimiz Qarshi shahrining O`zbekiston ko`chasida bunyod etilgan ko`pqavatli uylarni borib ko`rdi. 
Ilgari bu erda rejasiz qurib tashlangan, ko`rimsiz, pastqam uylar bo`lardi. Ular keng va ravon yo`lga mutlaqo mos kelmas, shaharning zamonaviy qiyofasini buzib turar edi. 
Shaharning bosh rejasiga muvofiq, mazkur ko`chada zamonaviy ko`pqavatli uy-joylar barpo etildi. Ularning yuqori qavatlarida keng va shinam xonadonlar bo`lib, birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko`rsatish shoxobchalari joylashgan. 
Binolarning birinchi qavati devori granit, yuqori qavatlari oq marmar bilan qoplangani ajib chiroy baxsh etgan. Bunday arxitektura chang-g`uborni sezdirmay, binoning asl qiyofasini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 
Bunyodkorlik ishlariga butun qalb qo`rini bag`ishlamoq kerak. Obodlik ko`ngildan boshlanadi, degan so`zlar xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi, ezgu da`vatga aylandi, dedi Prezidentimiz. Odamlar o`z uyini, ko`chasini, mahallasini obod qilishga, baxtli hayot kechirishga intilib yashamoqda. Bu uy-joylarni qurishdan maqsadimiz ham xalqimizning obod va farovon yashashini ta`minlashdir. Ulardagi sharoit, atrofdagi muhit ham shunga mos bo`lishi kerak. 
Qarshi shahridagi ko`chalar, maydon va xiyobonlardagi yashil hududlarni kengaytirish bo`yicha olib borilayotgan ishlar ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar bu erda sayr qilib, hordiq chiqarmoqda. 
Har bir shaharning bosh rejasi ustida ishlaganda, bino va yo`llar qurayotganda besh-o`n yilni emas, balki uzoq istiqbolni o`ylab ish yuritish lozim. Ular har tomonlama mukammal manzara hosil qilsin, shu bilan birga, pishiq va mustahkam bo`lsin, nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarimizga ham xizmat qilsin, dedi Islom Karimov. 
Davlatimiz rahbari qurilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun yanada ko`proq qulayliklar yaratish, yo`l bo`ylarini ko`kalamzorlashtirish va favvoralarni zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish bo`yicha zarur ko`rsatmalar berdi. 

    Boshqa yangiliklar