AsosiyJamiyat

Tadbirkorlar faoliyatiga to`sqinlik qiladigan bank xodimlariga nisbatan keskin choralar ko`riladi

Markaziy bank tomonidan kichik biznes vakillari, fermerlar, xususiy tadbirkorlar, kollej bitiruvchilari ishtirokida mamlakatimiz Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta`minlash, ularni jadal rivojlantirish yo`lidagi to`siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonida ilgari surilgan talablarni bajarish masalalariga bag`ishlangan anjuman tashkil etildi.

Unda Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Respublika Bosh prokuraturasi, Xotin-qizlar qo`mitasi, Savdo-sanoat palatasi, O`zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi, tijorat banklari mutassaddilari va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi, deya xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

“Mazkur hujjat xususiy mulkning iqtisodiyotdagi rolini oshirish, ishbilarmonlar oldida turgan to`siq va cheklovlarga barham berish, ularning yanada erkin faoliyat yuritishi uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratib berish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, - dedi Markaziy bankning Tijorat banklari investisiya portfelini monitoring qilish departamenti direktori Azamat Qosimov. - Soha vakillarining ishonchli himoyasini ta`minlash, ularning istiqboliga xalal beruvchi to`siqlarni bartaraf etish bo`yicha to`rtta asosiy yo`nalishli 33 ta aniq chora-tadbirni amalga oshirish belgilangan kompleks dastur tasdiqlandi. Tadbirkorlikning jadal rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilmoqda, ularni tashkil etish va faoliyatini yo`lga qo`yish tartibi yanada soddalashtirilmoqda, ma`muriy va jinoiy qonunchilikni liberallashtirish orqali tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berilmoqda. Shundan kelib chiqib, bank va mijoz o`rtasidagi munosabatlarni belgilovchi me`yoriy-huquqiy hujjatlar qayta ko`rib chiqiladi”.

Markaziy bank bank tizimi va tadbirkorlik sub`ektlari o`rtasidagi huquqiy-me`yoriy munosabatlarni zamon talablariga moslashtirishga kirishdi. Buning uchun avvalambor, farmon mazmun-mohiyatini bank xodimlari va mijozlariga batafsil tushuntirish, ularning mas`uliyatini oshirish uchun joylarda seminarlar tashkil etmoqda. Bu seminarlarning mundarijasiga bank va mijozlar o`rtasidagi me`yorlarni soddalashtirish, tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog`liq tartib-tamoyillar ham kiritilgan.

A.Qosimovning so`zlariga ko`ra, hozirgi paytda Markaziy bank Xalq banki, tegishli vazirliklar va Davlat soliq qo`mitasi bilan birgalikda yuridik shaxslarning o`z xodimlarining jamg`arib boriladigan pensiya hisobraqamiga to`lovlarni o`tkazish tartibini soddalashtirish, jamg`arib boriladigan pensiya tizimining elektron ma`lumotlar bazasini yanada takomillashtirish borasida ish olib bormoqda. Tadbirkorlik sub`ektlariga jamg`arib boriladigan pensiya tizimiga fuqarolarni hisobga qo`yishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etiladigan “tadbirkorlik sub`ektining kabineti” orqali elektron arizalar taqdim etishi kifoya qiladi.

Ta`kidlandiki, bank va mijoz o`rtasidagi munosabatlar butkul yangicha manzara kasb etadi. Tadbirkorlik sub`ektlariga davlat xizmatlari ko`rsatish tamoyillari Internet tarmog`i orqali kengaytirilib, yuzma-yuz muloqotga barham berib boriladi. Bunday choralar tizimda byurokratik to`siqlarga barham beradi, ochiqlik va shaffoflikni ta`minlaydi. Markaziy va tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida biznes muloqotlarni elektron platformada tashkil etish, har qanday ziddiyatli masalani zudlik bilan echish imkoniyatlari mavjud.

Markaziy bankda qabul qilinajak me`yoriy hujjatlarni kuchga kirishdan avval Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirish, kiritilayotgan o`zgarishlarga mijozlarning fikrlarini bilish va o`rganish amaliyoti yo`lga qo`yilgan. Ayni yo`sin o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, ishonchni mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega.

“Markaziy bank, - deya davom etdi A.Qosimov, - bank xodimlari tomonidan davlat xizmatlari ko`rsatish tartibini buzgan, xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning hisobvaraqlarini noqonuniy to`xtatib qo`ygan yoki pul mablag`lari to`g`risidagi axborotlarni asossiz taqdim etgan, tadbirkorlik tuzilmalarini xayriya va pul mablag`lari ajratish bilan bog`liq ishlarga aralashgan, ularning ish faoliyatiga to`sqinlik qiladigan bank xodimlariga nisbatan keskin choralar ko`rib boradi”.

U farmonda belgilangan vazifalarning bank tizimida aniq bajarilishiga, pirovardida tadbirkorlik tuzilmalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko`rsatilayotgan xizmatlar hajmi oshib, yangi ish o`rinlari yaratish, umuman xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

“Farmon ijrosi, - deya qayd etdi A.Qosimov, - mamlakatimizda xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratadi, biznes muhitni yaxshilaydi va tadbirkorlik tuzilmalarining kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Mana shuni e`tiborga olib, 2020 yilgacha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining loyihalarini moliyalashtirish hajmini 22,5 trln so`mga etkazish, shu jumladan uzoq muddatli investisiya kreditlari hajmini 2,5 baravar oshirish rejalashtirilmoqda”.

    Boshqa yangiliklar