AsosiyShou-biznes

ShARQ TARONALARI: 65 DAVLATDAN 320 DAN ZIYoD IShTIROKChI

Samarqandda “Sharq taronalari” o`ninchi xalqaro musiqa festivaliga ko`rilayotgan tayyorgarlik jarayonlariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. 

Har gal festivalning o`ziga xos mazmun-mohiyat kasb etishi va tadbirlarning yuqori saviyada o`tkazilishi bois “Sharq taronalari”da qatnashish istagini bildirayotgan musiqa va san`at namoyondalari safi tobora kengayib bormoqda Dastlabki festivalda 31 davlat vakillari Registonda o`z san`atini namoyish etgan bo`lsa, bu gal 65 davlatdan 320 dan ziyod ishtirokchi kelishi kutilmoqda. Portugaliya, Mavrikiya, Butan, Kosta-Rika, Mali, Peru, Ekvador davlatlari vakillarining ilk bor festivalda qatnashishi kutilmoqda. 

Festival YuNESKO shafeligida o`tkazilayotgani tufayli unda mazkur xalqaro tashkilot rahbarlarining rasmiy mehmon sifatida ishtirok etishi an`anaga aylangan. Xususan, 2013 yilgi festivalda YuNESKO Bosh direktori Irina Bokova qatnashgan edi. 

Matbuot anjumanida festivalga tayyorgarlik doirasida Samarqand shahrida mehmonlarni kutib olish va ularni mehmonxonalarga joylashtirish, yuqori sifatli zamonaviy xizmatlar ko`rsatishga ko`rilayotgan tayyorgarlik, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida ham ma`lumot berildi. 
 

    Boshqa yangiliklar