Bu xabarni eshitganimiz zahoti ijodiy guruhimiz bilan Sirdaryoga yo`l oldik. Birinchi suhbatdoshimiz eski uy imoratini 2008 yilda ta`mirlash jarayonida topilgan suyak qoldiqlarini 7 yildan buyon asrab kelgan, kezi kelganda esa o`zi faoliyat yuritayotgan maktabda dars jarayonlarida ko`rgazmali qurol sifatida foydalanishni reja qilgan Xovos tumani 12-umumta`lim maktabi o`qituvchisi Muhayyo Abduraupova mazkur topilma bilan bog`liq tafsilotlarni aytib berdi:
“SUYaKLARNI BIR-BIRIGA ULAShNI BILMAGANDIM”
— Bundan etti yil muqaddam eski uyimizning poli ostidan, erning 15-20 sm. yuza qismidan noma`lum jonivorga tegishli suyaklar topildi. Avval boshida bu suyaklarni mushukning yoki kalamushning suyaklari bo`lsa kerak, deb o`yladim. So`ngra sinchiklab qarasam, kalamushning ham, mushukning ham suyaklariga o`xshamaydi. Maktabda geografiya fanidan dars berganim uchun ushbu suyaklarni birlashtirib, o`quvchilarga ko`rgazmali qurol qilmoqchi bo`ldim. Ammo suyaklarni qanday qilib bir-biriga ulashni bilmadim. Lekin kezi kelsa, suyaklar qanday hayvonga tegishliligi aniqlashtirarman, deb asrab qo`ydim. Yaqinda soham bo`yicha malaka oshirishga borishimga to`g`ri keldi. Shunda suyaklarni ham o`zim bilan oldim. Viloyatimiz O`lkashunoslik muzeyiga olib borib ko`rsatdim. Shundan so`ng muzeyda olimlar jalb qilingan holda bu topilma o`rganilib, dinozavrning suyaklari ekanligini aytishdi. Hayratdan yoqa ushladim.
Rasm sirdaryo vil muzey
200 MLN. YILDAN ORTIQ VAQT MOBAYNIDA ER OSTIDA
Muhayyo Abduraupovaning ayti berganlari bizning ham qiziqishimizni oshirib, Sirdaryo viloyati o`lkashunoslik muzeyiga yo`l olishga, dinozavrni o`z ko`zimiz bilan ko`rishga undadi. O`lkashunoslik muzeyida biz direktor Zokir Xoldorov va tarix fanlari nomzodi Boymirza O`roqov bilan uchrashdik. Biz yangi topilmaning restavrasiya qilinib (bir-biriga yopiishtirilgan), asl holiga keltirilganining guvohi bo`ldik va dinozavr suyaklari yonida tarix fanlari nomzodi Boymirza O`roqovdan bizni qiziqtirgan bir necha savollarga javob oldik:
- Ko`rib tursam hamki ishonishim qiyin bo`layotgan suyaklardan tashkil topgan topilma — dinozavr qaysi davrda yashagan?
- Mazkur jonivor suyaklarini ko`rgan Samarqand arxeologiya institutining katta ilmiy xodimi, arxeolog olim Aleksey Andreevich Gritsinaning aytishicha, bu geologik eralarning mahsuli sanalib, mezozoy davrida yashagan jonivor suyagidir. Mezozoy erasi qariyb 250 mln. yil avval boshlanib 185 mln. yil davom etgan. Fanda mezozoy erasi uch davrga — trias, yura, bo`r davrlariga bo`linadi. Trias mezozoy erasining dastlabki davri hisoblanib, taxminan 200 millioninchi yilgacha cho`zilgan. Xovosda topilgan ushbu dinozavr suyaklari trias davriga borib taqalishini hisobga olsak, demak u 200 mln. yildan ortiqroq vaqt mobaynida er ostida yotgan.
- 200 mln. yildan ortiqroq vaqt mobaynida mazkur suyaklar emirilib, tuproq bilan qo`shilib ketmaganligining sababi nima?
- To`g`ri aytasiz, 200 mln. yil oz muddat emas, ammo suyak bo`laklari topilgan joyda, dinozavr suyaklari shuncha vaqt saqlanib qolishi uchun tabiiy sharoitlar mavjud bo`lgan. Chunki suyaklar topilgan joy har tomonlama qulay, tuprog`i ham quruq bo`lgan. Keyin yana bir gap: kalamush kattaligicha keladigan bu jonivorlar to`p-to`p bo`lib yashashgan. Ammo topilgan suyak bitta jonivorniki. Agar shu atrofda arxeologik qazishma ishlari olib borilsa, bundan-da noyob jonivorlar yoki tarixiy buyumlar topilishi mumkin. Bu suyak tasodifan topilgan, hali hech kim Xovosga aynan dinozavr suyaklarini qidirish uchun kelgani yo`q.
- Toshkent va Surxondaryo viloyati hududlaridan ham dinozavr izlari topilganligi haqida ma`lumotlar berilganidan xabaringiz bor. Mazkur dinozavrlar bilan Xovosdagi topilma bir davrda yashaganmi?
- Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridagi dinozavr izlari Yura davriga tegishli. Xovosdagi dinozavr suyaklari esa trias davriga mansub bo`lib, bunday suyaklar O`zbekistonda hali topilmagan. Shu jihatdan bu arxeologiyamizning ulkan muvaffaqiyati, desam yanglishmagan bo`laman.
- Trias davrida Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida dinozavrlar yashashi uchun sharoitlar mavjud bo`lgan, deb o`ylaysizmi?
- Aynan dinozavr qoldig`i topilgan Xovos tumani Karvonsaroy mahallasi Buyuk ipak yo`lining chorrahasida joylashgan. Nihoyatda qadimiy manzilgohlardan hisoblanadi. Bu erda dinozavrlar yashashi uchun tabiiy muhit qulay bo`lgan.
Ma`lumot uchun
Birgina Xovos tumanining o`zidan 5,5 mingdan ortiq tarixiy topilmalar topilgan bo`lib, bularning ichida eng noyoblari: Zardushtiylik davriga oid Anaxita haykalchalari, Somoniylar davriga oid mis tangalar, Xll asrga oid Humo qushi tushirilgan shamdonlar, Xlll-XlV asrlarga oid o`zidan yod ajratib chiqarish xususiyatiga ega bo`lgan xumdon va ko`zalar, Temuriylar davriga oid Amir Temur davlatining muhri tushirilgan ko`zalardir.
HAMMA XOVOSNING HAVASIDA
Ma`lumotlarni olib bo`lgach, dinozavr topilgan joyni o`z ko`zimiz bilan ko`rish ishtiyoqi bizni Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahridan 25-30 km. masofada joylashgan Xovos tumaniga chorladi. Yo`l-yo`lakay esa Sirdaryo viloyati O`lkashunoslik muzeyi direktori Zokir Xoldorov Xovos tumanining paydo bo`lish tarixi haqida so`zladilar:
- Qadimda shu hududlarning podshosi Qaxaning qizi malika Havas og`ir betob bo`lib qoladi. Podsho qizini yurtidagi barcha tabiblarga ko`rsatsa hamki, dardiga malham topolmaydi. Ilojsiz qolgan podsho Chinmochin davlatiga yo`l oladi, ammo u erning tabiblari ham malika Havasning dardi oldida ojiz qolishadi. Podsho bor umidini uzib o`z yurtiga qaytayotganida yo`lda bir tepalik yonida qizi malika Havas ko`zini ochadi. Chunki bu erning havosi nihoyatda mayin, suvlari toza va tiniq bo`ladi. Xursand bo`lgan podsho shu tepalik o`rnida qizining nomi bilan Havas qal`a bunyod qiladi. Shu bilan Havas shahri bunyod bo`ladi. Vaqtlar o`tishi bilan talaffuz o`zgarib, Havas Xovos deb yuritila boshlaydi.
Dinazavr topilgan uy RASM
Dinazavr Xovos tumani Karvonsaroy mahallasi, Gulzor ko`chasi 41-uydan 2008 yilda topilgan
“JAG`LARI VA TIShLARINING KATTALIGI FIKRIMNI O`ZGARTIRGAN”
Manzilga etib, dinozavr topilgan uyda Muhayyo Abduraupovaga yana bir necha savol bilan murojaat qildik:
- Bu suyaklarni boshida kalamushning suyaklariga o`xshatgan ekansiz, nega fikringiz o`zgarib qoldi?
- Suyaklar topilganda men-ku mayli, hattoki onam ham “bu kalamushning suyaklalarini yo`qotinglar”, degandilar. Ammo sinchiklab qarasam, suyaklar kalamushnikiga ham, mushkunikiga ham o`xshamaydi. Chunki qarang, kalla suyagi katta, tishlari ham. Shuning uchun fikrim o`zgargan, ammo dinozavrniki bo`lishi xayolimga ham kelmagandi.
Ammo mazkur suyak ustida hamon tadqiqot davom etyapti. Lekin suratlarda ko`rib turganingizdek, bir-biriga ulangan suyaklar yuqoridagi taxminlarni haqiqat ekanligiga bir ishora. Ushbu reportajdan keyin ijodiy guruhimiz bir xulosa keldi: hali Xovos to`la tadqiq qilinmagan. Ehtimol bu holatga e`tiborga qaratilib, hududda arxeologik izlanishlar olib borilsa, yana ko`z ko`rib quloq eshitmagan hayratlanarli topilmalarga guvoh bo`lishimiz shubhasiz.
Feruz MAMATOV, jurnalist
Fotomuxbir Sherzod Alimov





