15 iyul kuni Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan “O`zbekiston tibbiyotining pediatriya tizimi, ushbu sohada erishilayotgan yutuqlar va istiqboldagi vazifalar” mavzuidagi matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Anjumanda ta`kidlanishicha, so`nggi o`n yilda tug`ma nuqsonlari bo`lgan bolalar soni 1,3 barobar kamaygan. 6-15 yoshli bolalar orasida o`tkir yuqumli kasalliklar bilan og`rish 34,4 foizga, pnevmoniyaga chalinish 49,7 foizga, bronxit bilan xastalanish 32,8 va skolioz bilan kasallanish 32,7 foizga kamaydi.
O`tgan yillar davomida yurtimizda onalar va go`daklar o`limi 3 barobardan ko`proq kamaydi. Aholining o`rtacha umr ko`rish darajasi 7,5 yilga uzaydi.
Tadbirda Koreya Respublikasi bilan yaqin hamkorlikda MDH mamlakatlari hududida yagona bo`lgan, eng yuqori texnologiyalar asosidagi tibbiyot asbob-uskunaliri bilan jihozlanadigan ko`p tarmoqli zamonaviy bolalar tibbiyot markazi qurilishi boshlangani ta`kidlandi.
2016 yilgacha 13 ta viloyat ko`p tarmoqli bolalar tibbiy markazlarining qurilishi va qayta rekonstruksiya qilinishi nihoyasiga etkazildi. Ularning barchasi zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlanadi.
Charos OMONOVA





