AsosiyJamiyat

Olti oyda fond birjasi savdo aylanmasi 80 mlrd. so`mni tashkil qildi

Tijorat banklari bugungi kunda fond bozorining eng faol va ayni vaqtda asosiy ishtirokchilari sanalib, “Toshkent” Respublika fond birjasi savdolarida ularning aylanma mablag`i muttasil oshib bormoqda, deya xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.

“Xususan, joriy yilning o`tgan olti oyi mobaynida fond birjasi savdo aylanmasining umumiy hajmi 80,0 mlrd. so`mni tashkil qilgan holda, uning 94,8 foizi yoki 75,8 mlrd. so`mlik qismi aynan tijorat banklari qimmatli qog`ozlari bilan amalga oshirilgan savdo bitimlari hissasiga to`g`ri keldi, - dedi “Toshkent” RFBning Axborot-tahlil bo`limi boshlig`i O`ktam Ochilov. -Agar 2012 yilning 1 yarim yilligida bank aksiyalari savdosi birja bitimlari umumiy hajmining 67,0 foizini tashkil qilgan bo`lsa, joriy yilning olti oyida bu ko`rsatkich deyarli 28 foizga ortganini ko`rishimiz mumkin”.

Bank aksiyalarining ishonchli, barqaror va daromadli ekanligi natijasida birja savdolarida investorlarning bank aksiyalariga bo`lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda.

“Tahlillarga ko`ra, - deya davom etdi O`.Ochilov, - fond birjasi savdolarida investor sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning tijorat banklari qimmatli qog`ozlariga bo`lgan qiziqishi va ishonchi o`sishda davom etmoqda. Xususan, o`tgan olti oy davomida birja savdolari orqali jismoniy shaxslar investisiyalarining 91,2 foizi, yuridik shaxslar investisiyalarining 95,1% tijorat banklari qimmatli qog`ozlariga yo`naltirilgan”.

Mamlakatimizda bank sohasiga ko`rsatilayotgan doimiy e`tibor tufayli tijorat banklarining kapitallashuvi va aylanma mablag`larini ko`paytirish, kredit portfellarini sog`lomlashtirish va daromadini oshirish bo`yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishi tijorat banklarining yanada rivojlanishi va fond bozorida faollashuviga keng yo`l ochib bermoqda.

“Hisobot davrida fond birjasida eng yirik savdo bitimi “Ipoteka-bank” ATIBning 43,1 mlrd. so`mlik aksiyalari bilan amalga oshirildi, bu tijorat banklari qimmatli qog`ozlari bilan amalga oshirilgan bitimlar hajmining 57 foizini hamda umumiy birja aylanmasining 54 foizini tashkil qildi”, - deya ta`kidladi birja tahlilchisi.

O`ktam Ochilovning qayd etishicha, 2015 yilning I yarim yilligida fond birjasi savdolarida jismoniy shaxslarning ishtiroki sezilarli darajada faollashib, ro`yxatga olingan umumiy bitimlarning 80 foizi yoki 1011 tasi jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan.

“Bu jihatdan, «Turonbank» aksiyadorlik tijorat bankini misol qilishim mumkin, - dedi u. - Bankning 493 ming dona aksiyasi 647 nafar jismoniy shaxs tomonidan 756 ta bitim orqali 8,4 mln. so`mga sotildi”.

 

    Boshqa yangiliklar