Samarqand viloyati hududida SOVID-19 infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish va uning kelib chiqish manbasini aniqlash bo`yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlari va tibbiyot xodimlaridan iborat ishchi guruh faoliyat olib bormoqda.
Mazkur guruh tomonidan olib borilgan epidemiologik surishtiruv ishlari davomida viloyatdagi tumanlardan birida bo`lim mudiri vazifasida ishlayotgan fuqaro X.D. joriy yilning 20 aprel kunidan sog`ligida o`zgarish boshlanib, o`zida yo`tal, tana haroratining 39.S gacha ko`tarilishi, nafas qisishi kabi koronavirus infeksiyasi belgilarini his qilgani holda uy sharoitida davolana boshlaganligi aniqlangan.
U COVID-19 infeksiyasini yuqtirganini sezsa-da karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan o`tmasdan, 27 aprel kuniga qadar o`zboshimchalik bilan uy sharoitida o`zini o`zi davolash bilan shug`ullanib, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini qo`pol ravishda buzgan.
Oqibatda X.D. u bilan doimiy muloqotda bo`lgan turmush o`rtog`i va boshqa qarindoshlari, o`zi davolagan bemor va hamkasblaridan 11 nafariga, ular orqali yana 23 nafar shaxsga COVID-19 infeksiyasi yuqishiga sababchi bo`lgan.
2020 yil 12 may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257-1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
X.D. orqali kasallik yuqtirgan jami 34 nafar shaxsning barchasi karantinga olinib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.
Jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.