AsosiyJamiyat

Raisa MIRZAEVA: “OILAMIZGA HAMMA HAVAS QILARDI”

Tahririyatimizga juda tanish chehra mashhur suxandon Rahmatilla Mirzaevning sobiq rafiqasi Raisa Mirzaeva kirib keldi. O`z vaqtida juda mashhur bo`lgan bu ayolni siz ham taniysiz. U O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasida ingliz tilida boshlovchilik qilgan ilk suxandon ayol. Gap nimada ekanligini darhol tushundik. U ona va ayol sifatida u bilan suhbat uyushtirishimizni so`radi. Matbuot – erkin minbar. Unda har bir insonning  o`z fikrini bayon eta olish huquqi qonunan kafolatlanadi. Ana shularni inobatga olgan holda, Raisa Mirzaevaning ichki kechinmalari bilan o`rtoqlashishga qaror qildik.

  • Marhum suxandon, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist  Rahmatilla Mirzaev  bilan sevishib turmush qurgan ekansiz...
  • Biz Rahmatilla aka bilan 1975 yilda dugonamning tug`ilgan kunida tanishganmiz. O`sha yil men chet tillar instituti (hozirgi O`zDJTU)ni, Rahmatilla aka esa teatr san`ati instituti (hozir O`zbekiston davlat madaniyat va san`at instituti)ni tugatdik. Rahmatilla akani ota-onam bilan tanishtirdim. Avvaliga uning diktor ekanligi ularga unchalik yoqmadi. Keyinchalik u bilan yaqinroq tanishishganidan so`ng yoqtirib qolishdi. Kunlarning birida Rahmatilla aka ilk uchrashuvdayoq oramizda mehr paydo bo`lganini anglab, hammasini har tomonlama o`ylab ko`rganini va yakuniy  qarorga kelganini aytdi. Men ham bu taklifni bajonidil qabul qildim. O`shandayoq Rahmatilla aka bir kun kelib o`g`il farzand ko`rsak, unga Umid deb ism qo`yish niyati haqida aytgan edi.
  • Turmush qurganingizdan so`ng oilaviy munosabatlaringiz qanday kechgandi?
  • Katta to`y qildik. Shu kundan boshlab uyimizdan do`stlar, hamkasblar, qo`shnilar  va qarindoshlarning qadami uzilmadi. Eshigimiz hammaga  ochiq edi. Biznikiga ko`pchilik  ham moddiy, ham ma`naviy yordam izlab kelishardi. Hech kim noumid qaytmasdi. Farzandlarimizning tarbiyasiga hamma havas qilardi. Qizim Zarifa kichik bo`lishiga qaramay, mehmonlar uchun dasturxon tuzashga tushsa, Umid otasining do`stlari o`tirgan xonaga avval izn so`rab keyin kirardi. Rahmatilla akaning hayotida oila asosiy o`rinda edi. U  intervyularidan birida “Men baxtni uch narsa — salomatlik, kasb va umr yo`ldoshini tanlashda adashmaslikda, deb bilaman, agar taqdirimda Raisadek oqila, fidoyi jufti halolim bo`lmaganida men hech narsa qilolmagan bo`lardim” degan edi.

Rahmatilla aka bilan birga har xil vaziyatlarni: muhtojlikni ham, bemorlikni ham boshdan kechirdik. Oilamiz shiori “Biz yosh, aqlli va kuchli jamoamiz va albatta muvaffaqiyat qozonamiz” edi. Xaqiqatdan ham biz yulduzli oila maqomiga erishdik va qariyb 30 yil baxtli  hayot kechirdik.

  • U holda oilangiz nima sababdan darz  ketdi?
  • Taniqli insonlar atrofida doim har xil ayollar, muxlisalar bo`ladi. Ularning ayrimlari birovlarga tegishli narsalarga darhol egalik qilishni istashadi. Ikki nafar farzandi bor, oilali erkakni yo`ldan urishga tayyor  ayol bizning ham baxtimizga soya soldi. Afsuski, bundaylar  bugun ko`plab begunoh ayollar va bolalarning baxtiga zavol bo`lishadi. Davlatimiz ham oilalarning poydevorini mustahkamlashga katta e`tibor qaratib kelmoqda. Sababi mustahkam oilagina davlatni kuchli qilishi mumkin. Hech qaysi ayol mening o`rnimda  bo`lishni istamasa kerak. Umr yo`ldoshim bu hodisani hayetidagi eng katta xato deya qabul qilgan. Yillar davomida u oilamizni qayta tiklashga intildi. Vafotidan avval - 8 mart kuni bir yo`la ikkita to`y xaqida yaqinlarimizga ma`lum qilmoqchi edi:  Bu bizning qayta oila qurishimiz va o`g`limizning to`yi edi. Biroq... Afsus..
  • Rahmatilla akaning farzandlari bilan munosabati qanday edi?
  • U farzandlarida o`zining va ota-onasining davomchilarini ko`rardi. Qizimiz Zarifa 12 yoshga  to`lganida o`g`limiz Umid tug`ildi. O`shanda biz 40 yoshda edik. Umid tug`ilgan kunidan boshlab Raxmatilla aka uning hayotini rejalashtirishga kirishgandi. U hammaga Umidni g`ayrioddiy bola deb maqtardi. Umid 3 yoshdaeq bolalar teleko`rsatuvida o`zining birinchi intervyusini bergan. Raxmatilla aka Umidga  ingliz tili o`rgatishim zarurligini ta`kidlardi. Albatta barcha otalar kabi u ham erkalagan. Sababi ularni har qanday ota-ona kabi eng qobiliyatli va aqlli deb hisoblardi. Bolalar ham otalari doim ularni qo`llab-quvvatlashini, yordam berishini va himoya qilishini bilishardi. Otalarining mashhurligi, barchaning unga havasi va ehtiromi bolalarimizning otaga munosabatiga ta`sir ko`rsatgan. Otalari ularga o`zlarini yaxshi tutishlari, odobli bo`lishlari zarurligini ta`kidlardi.
  • Aynan Rahmatilla aka va Umid o`rtasida munosabatga ham to`xtalsangiz?
  • Bu ota va yagona o`g`il o`rtasidagi munosabat qanday bo`ladi?  Otasi barcha uning o`g`liga do`st bo`lishni istardi. O`g`li otasining o`zi edi. Uni hamma yaxshi tanirdi, yaxshi ko`rardi. Atrofida juda ko`p do`stlari bor edi. Umidning haetida esa ota asosiy odam edi. U otasini juda yaxshi ko`rar, unga g`amxo`rlik qilar, tez tez oldiga borib turar, uydagi ishlarni bajarar, otasi yo`qligida uyda  hammasiga bosh qosh bo`lardi. Bolaligidanoq Umid: “Men Raxmatilla Mirzaevning o`g`liman”, deb g`ururlanardi.. Umid otasiga xurmat bilan qarar, va uning barcha topshiriqlarini bajarardi. Uning do`stlari yaxshi bilishardi otasi qo`ng`iroq kilishi bilan Umid hamma narsani tashlab uning oldiga uchib borardi. Rahmatilla aka bolalaridan itoatkor bo`lishlarini talab qilardi. Bolalar esa otalari mehribonligini  bilishardi. Shuning uchun Umidning barcha rejalaridan otasi xabardor edi. O`g`limiz uylanish xaqida qaror qilganida ham huddi shunday bo`ldi. Bizning oilamizda bolalar o`z taqdirini o`zi belgilash huquqiga ega edi. Ko`p narsa to`g`risida men ular maslaxatlashib bo`lganidan so`ng bilardim.
  • Oiladagi tarbiyaviy muhit xususida ham biroz to`xtalib o`ting.
  • Biz  bolalarimiz madaniyatli va ilmli bo`lib ulg`ayishlariga xarakat qildik. O`zim tarjimonlik, o`qituvchilik va telejurnalist kasblariga ega bo`lganim uchun bolalarga  ham bilganimni o`rgatdim. Uyimizda besh mingga yaqin kitobni jamlagan katta kutubxona bor. Rahmatulla aka  farzandlarini kitobxon bo`lib ulg`ayishini juda-juda istardi.  Umid kitobga mehr qo`yib o`sdi. Bundan tashqari u juda yaxshi rasm chizadi. Otasi uning muvaffaqiyatlaridan hursand bo`lib, uni dunyoning eng taniqli muzeylariga jo`natdi. Raxmatilla aka o`zi bolaligida ko`rmaganlarini o`g`li ko`rishi kerak, deb xisoblardi. Kitoblarda o`qiganini o`z ko`zi bilan ko`rishi uchun biz uni Misr, Italiya, Fransiyaga olib bordik. Umid 10 yoshga to`lganida otasidan biznes yuritish uchun 5 ming so`m so`ragan.. Surishtirsak, u velosipedda uyimiz yaqinidagi muzqaymoq ishlab chiqaradigan korxonadan do`konga maxsulotni olib borib bergani uchun unga pul to`lashar ekan. Ishlagan puliga esa maktab uchun qo`llanma, daftar, portfel va barcha zarur bo`lgan narsalarni sotib oldi.
  • Umid kimlar bilan do`stlashardi?
  • Umid otasi kabi odamlarni o`ziga ohanrabodek  tortish qobiliyatiga ega edi. Shu bois  uning do`stlari ko`p edi. Ular asosan talabalar yoki universitetni tugatgan, ishlayotgan, o`z biznesiga ega, uylanib, oila tebratayotgan yoshlar, o`ziga to`q, obruli oilalarning tarbiyali bolalari edi. Men Umidni ular bilan bo`lganida xotirjam bo`lardim.
  • Umid va Qudrat o`rtasidagi munosabatlar nimaga asoslangandi?
  • Umidning barcha do`stlariga va oila a`zolarimizga o`g`limiz yonida vaqti-vaqti bilan Qudrat ismli yigit paydo bo`lgani yoqmasdi. Atrofdagilarni bir-biriga umuman o`xshamagan yoshlarni nima bog`lashi mumkin degan savol qiziqtirardi. Qudrat Umidning bolalikdagi  sinfdoshi edi. U Qudratga rahmi kelar, uning   moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgani, institutdan haydalgani, o`qishga mablag`i, aniq ishi yo`qligi uchun unga yordam bermoqchi bo`lardi. Sababi Rahmatilla aka, doim o`g`liga do`stlarga yordam berish zarurligini uqtirardi-da!
  • Raxmatilla aka bilan so`nggi uchrashuvingiz?
  • 15 fevral kuni. U uyimizga Umidning to`yi xaqida gaplashish uchun kelgan edi. 27 fevral kuni esa ohirgi marta telefon orqali gaplashdik. Gap Raxmatilla akaning o`limidan bir necha kun oldin Umidga Lasetti avtomobilini sovg`a qilganligi xaqida bordi. Umidning “Spark”i borku, nima uchun yangi mashina kerak bo`ldi?”, degan gapimga: “Men Umidga bir yildan so`ng yaxshiroq mashina olib beraman deb va`da bergan edim”, - degan edi...
  • So`nggi so`z o`rnida...
  • Kim nima deyishidan qat`i nazar, men o`g`limning bu fojeaga aloqasi borligiga ishongim kelmaydi.

Raisa opaning Umid haqidagi gaplarini onaning o`z jigarbandi haqidagi fikri sifatida qabul qilish maqsadga muvofiqdir. Biz bu suhbat orqali o`quvchilarimizga  Mirzaevlar xonadonidagi oilaviy muhit bilan tanishish imkonini berdik, xolos...

                                               Laylo RUSTAMOVA suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar