Bu aktrisaning ijrosida sun`iylikni sezmaysiz, qahramonlari o`zi singari mulohazali, ko`zi “gapiradi”, “yurag”i urib turadi. Mehmonimiz aktrisa Gulchehra Eshonqulova bilan suhbatni o`qib, uning yana bir qancha qirralarini kashf etishingiz mumkin...
— Gulchehra opa, yaqinda Istanbulda bo`lib o`tgan 16- xalqaro yoshlar qurultoyida 45 mamlakat orasida O`zbekiston nomidan siz ham qatnashdingiz. Suhbatni ana shu taassurotlar, yutuqlar bilan bo`lishishdan boshlasak?
— Har ikki yilda bir marotaba turkiy xalqlar yig`ilib, o`n kun davomida madaniyat kunlari o`tkaziladi. Men aktrisa sifatida O`zbekiston nomidan ishtirok etdim. Buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiy ijodiga katta qiziqish bilan qarashar ekan. Bu esa menga qo`l keldi, boisi “Alisher Navoiy” spektaklidagi Guli monologini ijro etib berdim. Barcha davlatdan tashrif buyurganlarning chiqishlarini tarjima qilib turishdi. Menga navbat kelganida esa tarjimonga hojat qolmadi. Qolaversa, egnimizdagi va sovg`a sifatida olib borgan milliy liboslarimiz ham ularda katta taassurot qoldirdi. O`sha erda shu kasbni tanlaganimdan yana bir karra g`ururlandim. Boisi 45 mamlakat vakillari orasidan 25 nafari Gulchehra Eshonqulovani “Fotima va Zuhra” filmi orqali tanir ekan. U erda maxsus “Imzo kuni” bor ekan, ya`ni san`atkorlar muxlislariga dastxat beradigan kun. O`sha erdagi muxlislarim uchun ishtirokimda “Imzo kuni” o`tkazildi. O`zbekistonlik aktrisa sifatida yurtimiz nomini taratish bu men uchun chinakam BAXT edi. Davlatlar orasidagi do`stlik va hamjihatlik tobora mustahkamlanib borayotganidan quvondim. Navbatdagi Quriltoyga ham taklif qilishdi, hursand bo`ldim.
— Gulchehra opa, yuqorida O`zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida ijro etgan Guli rolingiz haqida so`z ochdingiz. Nafaqat bu, balki Ofeliya rolini ham o`ynash baxtini bergan sahnani sog`inmaysizmi?
— Sog`inaman! Shuning uchun ham turli tadbirlarda Guli monologini o`qib, biroz o`zimga taskin bergandek bo`laman. Soxta kamtarlikni chetga surib, rostini aytaman teatrda ishlash uchun vaqtim yo`q. Bu kinodagi faoliyatim bilan bog`liq emas. Ba`zi aktrisalarimiz “ham teatr, ham kinoga vaqtni teng taqsimlay olaman”, deyishadi. Lekin ishdan tashqari shaxsiy rejalarim ham bor. Teatrni tanlagan ijodkor, teatr uchun yashashi kerak. Men bunday yasholmayman...
— Ko`pchilik ijodkorlar ishlashni orzu qiladgan O`zbek Milliy akademik drama teatridan ketishingizga ham shaxsiy rejalaringiz sabab bo`lgan ekan-da?
— Pul topish uchun filmlarda suratga tushish bilan band edim. Qolaversa, magistratura bosqichida o`qirdim. Ilmiy ish yozish oson emasligini o`zingiz yaxshi bilasiz. Shu sabab teatrdan ketganman. Biroq bu qarorimdan bugun pushaymon emasman! Chunki mendan keyin ishga kelgan aktrisalarga nasib etmagan ikkita tarixiy spektaklda bosh qahramon rollarini ijro eta oldim. Teatr ijodkor uchun poydevor, demak mening poydevorim mustahkam.
— To`g`riku-ya, biroq aktyor mahoratini charxlab turmasa, o`tmas pichoqdan farqi qolmaydi!
— Fikringizga qo`shilmayman. Chunki filmlarda rol o`ynamayman, qahramonim hayotida yashayman! Masalan, besh yil tanaffus qilganimdan keyin ham filmga chaqirishsa, rolimda yashay olaman. Ustozim Turg`un Azizov shu jihatga ega ekanim uchun ham Guli va Ofeliya rollarini ishonib topshirgandi. Hayotda rol o`ynashadi, men esa bu ishni eplolmayman. Tili va dili bir insonman.
— Rolingizda yashashingiz uchun rejissyor, ssenariy va partnyorning professional yo aksi ekanini ahamiyati bormi?
— Mahoratimga ishonganim uchun uchchovining ham ta`siri yo`q. Noprofessional partnyorlar bilan ishlashimga to`g`ri kelganda ham iste`dodimga suyanganman. Rejissyorlar bilan ham til topishib ishlayman. Biroq bilim doirasi zaif ekanini bilsam, ochiqchasiga taklif qilgan rolini rad etaman. Bor kuchim, asabimni bunday “ijodkorlar”ga sarflashni istamayman. O`ylab qarasam, ssenariy tanlashim mumkin ekan.
— Demak, kelajakda Gulchehra Eshonqulovani teatr sahnasida ko`rmaymiz-a?
— Ertangi kun uchun biror nima deyolmayman, vaqt ko`rsatadi.
— Aktyorlarning “yurak” berib, rol ijro etishi sog`ligiga ta`sir o`tkazmay qolmaydi. O`zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova yurak hurujidan keyin “Ko`ngil” spektakli bilan sahnaga qaytdi. Hamkasblarining “yuragingizni zo`riqtirmang”, degan gaplariga quloq tutmay, “yurak” bermay, rol o`ynolmas ekanman”, deyishni kanda qilmaydi...
— Qani endi kasbimizning mana shunday qiyinchiliklarini “artis-da, ishi oson”, deydiganlar anglasa. Aktrisani kelin qilishni istamaganlar bir kun biz bilan yursa, ishimiz qanchalik mashaqqatli ekanini, kun tartibimiz yo`qligi, dam olish kunlarisiz ishlashimiz, oylab yaqinlarimizni sog`inib gastrollarda yurishimizni tushunib etishardi. Masalan, men ham boshqalar singari xontaxtada o`tirib ovqatlanaman, uy yumushlarini bajaraman, shukr ota-onam bor. O`zgalarni shaxsiy hayotini muhokama qilishga hech kimning haqqi yo`q! Shu ma`noda meni emas, rollarimni tanqid, ijroimni muhokama qilishsin, qabul qilaman. Shaxsiy xatti-harakatlarim yuzasidan Yaratgan va ota-onam oldidagina javobgarman, xolos.
— Ancha vaqt kino olamida ko`rinmay qoldingiz. Bu rollarni tanlash darajasiga etganingiz bilan bog`liqmi yo rejissyorlardan taklif yo`qmidi?
— “Rashk”, “Faryod-2” filmlarida borman-ku! San`atga qadam qo`yganimdan buyon rol tanlayman. Shu kungacha birorta bo`lar-bo`lmas filmda chiqmaganman. Shuning uchun muxlislar aktrisa sifatida sog`inishsa kerak. So`nggi vaqtlarda katta ekranlarga chiqayotgan aksariyat kinokartinalar bir chaqaga arzimaydi. Men iste`dodimni bunday “film”lar uchun sarflaydigan aktrisa emasman! Ancha vaqtdan beri “portlash” darajasidagi filmning o`zi bo`lmadi, shuning uchun ham Gulchehra Eshonqulova kinoda yo`q. Mahoratli rejissyor va “yuk”i bor ssenariylarning menga etib kelishi qiyin bo`ldi, xolos. Hozir “Mehmona” nomli serialida bandman.
— Kimonodagi rasmlaringizni ko`rdim. Yapon madaniyatini o`rgangandirsiz, axir maxsus libos kiyish bilan ish bitmaydi-ku?
— Albatta! Choy uzatish madaniyati, kimononi kiyish qonun-qoidalari, xullas barchasini o`rgandim. Yaponiya elchixonasining vakili bilan maslahatlashgan holda maxsus matolardan kimono tiktirildi. Suratga olish maydonchasiga “shu epizodni o`ynasam, ishlarim bor, ketaman”, deb bormayman. Ishimning mas`uliyatini chuqur his etaman. Bu serial tomoshabin uchun yangilik bo`la oladi. Chunki hatto epizodik rollarga ham professional aktyorlar taklif etilgan. Ba`zilardan “Koreyaning “Muhabbat va ehtiros” serialidan ko`chirmami?” degan savollarni ham eshitdim. Kechirasizlar-u O`zbekistonda mehmona yo`qmi? U erdagi xodimlarning ham hayoti bor-ku! Ishonsangiz, har kuni mehmonxonaga borib, bir xil kiyimda yurib, o`zimni o`sha erda ishlaydigandek his qilyapman (kuladi).
— Bugun filmlarda yangi chehralar bosh qahramonlar rolini o`ynayapti. Siz bu davrdan o`tdingizmi yo hali ham bosh rollarga da`vogarlik qila olasizmi?
— Yangi chehralar mendan oldin ham chiqqan, keyin ham chiqadi. Bu jarayonni to`g`ri qabul qilaman. Ko`zlarini pirpiratib, sochlari shamolda uchib turadigan qahramonlarni o`ynaydigan davrdan o`tdim. Bunday rollarni boshqa aktrisalar o`ynay qolsin. Bosh roldan ko`ra “yuk”i bor ikkinchi plandagi rolni afzal bilanman. Ochig`i, hamkasblarim orasidan Dilnoza Kubaeva, Gulchehra Eshonqulovadan iborat bo`lgan kuchli ikkitalikka kira oladiganlarni izlagandim.
— Topa oldingizmi?
— Men singari “yuk”li rollarni ijro etadigan bitta aktrisa bor. Lekin negadir hozir ijodini to`xtatib qo`ydi. Kimligini aytib, qolgan aktrisalarni xafa qilmoqchimasman. Dramaturglar o`qishli asar yozsa, istalgan aktrisa uni mahorat bilan ekranga olib chiqa oladi. Lekin ko`pchilik rejissyorlar dramaturglar bilan ishlashdan ko`ra Ulug`bek Qodirov, Farrux Soipov, Dilnoza Kubaeva, Gulchehra Eshonqulovani “klon”ini izlashdi. Bu besamar urinish, deb o`ylayman. Balki bizning omadimiz tijorat filmlarining ilk qaldirg`ochlari bo`lganimizdadir...
— Hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining magistratura bosqichini tamomlagansiz. Nahotki, pedagog bo`lib ishlash niyatingiz yo`q?
— Ellik yoshga kirganimdagina pedagog bo`lib ishlashim mumkin. Hozir mahoratimni o`zim uchun filmlarda ishlatgim keladi, talabalar uchun emas. Qolaversa, ko`proq kinokartinalarda suratga tushib, etarlicha tajriba orttirish istagidaman.
— Ilk bor «Ozod-shou»da «Netay» qo`shig`ini xonanda Otabek Mutalxo`jaev bilan duet qilib kuylab chiqqandinglar. Shahzodaning konsertida esa «Hayot ayt» qo`shig`ini trio tarzida ijro etdingiz. Shahzodaning bu taklifini qabul qilish, «Fotima va Zuhra» filmidagi uchlikni sahnada ko`rsatish edimi yo xonandalikka qo`yilayotgan qadamlar desak ham bo`ladimi?
— Xonandalikka da`vogarligim yo`q. O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutini tamomlagan aktrisalar o`zini xonandalikka urayotgani yo`q. Jurnalistlarga murojaatim, mutaxassislikka ega bo`lmaganlarni titr yo gazetada “aktrisa” emas, falon filmning “bosh rol ijrochisi”, deb yozishlarini so`rardim. “Fotima va Zuhra” filmi Shahzoda, Ulug`bek Qodirov va meni xalqqa tanitgan. Ochig`i, Shahzodaning taklifidan juda hursand bo`ldim. Uchovimiz o`sha kunlarga qaytgandek bo`ldik, maza qilib ishladim.
— Aktrisa sifatida dunyo sahnasiga chiqish uchun til bilmaganingiz pand berayotganini aytib, italyan tilini o`rganishga kirishganingizni aytgandingiz. Bu ish yarim yo`lda qolmadimi?
— Suratga olish ishlari sabab, nafaqat italyan, turk tilini o`rganish ham yarim yo`lda qoldi. Lekin vaqt topib, albatta bu ishni nihoyasiga etkazishga harakat qilaman.
— Sochingizni kesganingizda ko`pchilik muxlislaringiz bu qaroringizni qabul qila olishmadi. Qalin sochni baxridan o`tishga qanday ko`zingiz qiydi?
— (Kuladi) Sochimni kesish va qoshimni terishda muxlislardan ruxsat olmasam bo`lmaydi-yov? Sochimni rangini o`zgartirmoqchi edim, sartarosh sochimni kuydirib qo`ydi. So`ng majburlikdan uzun sochimni kaltalatdim. Ukalarimdan ham rosa dakki eshitdim.
— Suhbatlarimizdan birida «Hali ko`nglimga yoqadigan yigitni uchratmadim. Bo`lajak umr yo`ldoshimni taqdir uchratishini istayman. Romantik bo`lganim uchun sovchi orqali emas, tasodifan uchrashib qolishimizni xohlayman», degandingiz. Instagram tarmog`ida joylayotgan rasmlaringizga qaraganda, taqdir sizni kutilmagan tuhfasi bilan siylagan ko`rinadi?
— Nozik masalarlarga etib keldikmi (kuladi)? Gapingizda jon bor, meni bir umr baxtli qila oladigan inson uchradi.
— Shu yil to`y ekan-da?
— Buni vaqt ko`rsatadi...
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.