AsosiyJamiyat

2015-2016-o`quv yili uchun 1-sinf o`quvchilariga 641 365 nusxa chet tili darsliklari nashr etildi

Xalq ta`limi vazirligining navbatdagi hay`at yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda Xalq ta`limi vazirligi mutasaddi rahbar xodimlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyat xalq ta`limi boshqarmalari boshliqlari, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari rektorlari, vazirlik tizimidagi respublika tashkilot rahbarlari, tuman (shahar) xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish bo`limlari mudirlari ishtirok etdilar, bu haqda Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati xabar beradi.

Hay`at yig`ilishida xalq ta`limi tizimida 2015 yilning birinchi yarmi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Ta`lim muassasalarini yangi 2015-2016-o`quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kompleks parametrlar asosida ta`lim sifatini baholash natijalari hamda hududiy xalq ta`limi boshqaruv organlarining reytingi muhokama qilindi.
Tadbirda so`z olganlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida 2015 yilda umumta`lim maktablarining 3-sinflari uchun chet tillaridan darslik majmualari yaratilib, 120 ta maktabda 240 nafar o`qituvchi va 2,5 ming o`quvchilar ishtirokida tajriba-sinovdan o`tkazildi, tajriba-sinov natijalari va xalqaro mutaxassislar xulosalari asosida takomillashtirilib, 2015-2016-o`quv yili uchun chet tillaridan 1-sinf o`quvchilariga 641 365 nusxa chet tili darsliklari, 2-sinf o`quvchilariga 591 860 nusxa mashq daftarlari, 3-sinf o`quvchilariga 1 185 998 nusxa darsliklar va mashq daftarlari hamda 1-,3-,7-sinf chet tili o`qituvchilar uchun jami 62 632 nusxa metodik qo`llanmalar nashr qilinib, multimedia ilovalari bilan joylarga etkazilishi haqida batafsil ma`lumot berib o`tdilar.
Yig`ilishda ta`lim sifatining monitoringi va bilimlar bellashuvi natijalariga ko`ra ta`lim sifati nisbatan yuqori deb topilgan maktablar negizida ularning faoliyatini o`rganish, ommalashtirish maqsadida ta`lim sifatini oshirishga qaratilgan amaliy seminarlar o`tkazish hamda “Metodist maktabi” va “Mahorat maktabi” faoliyatini samarali tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Yig`ilish ishtirokchilariga davlatimiz mustaqilligining 24 yillik bayramiga munosib tayyorgarlik ko`rish, har bir ta`lim muassasasida obodonlashtirish ishlarini o`z vaqtida sifatli tashkil etish, yangi o`quv yili boshlangunga qadar bo`sh o`rinlarga salohiyatli pedagogik kadrlarni jalb qilish, qurilish-tiklash ishlarini o`z vaqtida yakunlash vazifasi yuklatildi.
Yig`ilish yakunida erishilgan yutuqlar e`tirof etilishi barobarida kamchiliklar ham atroflicha muhokama etilib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi. Ko`rilgan barcha masalalarni hal qilishga qaratilgan hay`at qarori qabul qilindi.
 

    Boshqa yangiliklar