AsosiyJamiyat

TEST SINOVLARI O`TDI: SIZ QAY YO`LNI TANLADINGIZ?

An`anaga muvofiq, yana bir kunday keyin, ya`ni 1 avgustda mamlakatimizdagi barcha oliy o`quv ta`lim muassasalarida test sinovlari o`tkaziladi. Shu kuni  talaba bo`lish orzusidagi yoshlarimizning bilim va tafakkuri chinakamiga sinovdan  o`tadi. Davlat test markazi bergan ma`lumotlarga ko`ra, bu yil oliy ta`lim muassasalariga 605 836 nafar abiturient hujjat topshirdi. Ushbu raqam bilan abiturientlardan hujjat qabul qilish rekordi yana yangilandi. Test natijalariga ko`ra esa bu yil oliy ta`lim muassasalarining bakalavr ta`lim yo`nalishiga jami 57 907 nafar talaba qabul qilinadi. Bu esa talabalikka qabul qilinuvchilar o`rtasida bir o`rin uchun 10,45 abiturient bilimda bellashadi, degani.

YaGONA TANLOV BOR-U, AMMO...

Ma`lumki, Oliy ta`lim muassasalariga qabul barcha uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshiriladi. Test sinovlari, shuningdek ularni o`tkazish tartibini belgilash O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat test markazi tomonidan test sinovlarini yuksak saviyada, belgilangan barcha qoida va me`yorlarga qat`iy amal qilgan holda o`tkazish tashkil etiladi.

Ammo shunga qaramay bu borada o`qishga kirishning “o`ziga xos” uslublari ham “ishlab chiqilgani” hech kimga sir emas. Izlanishlarimiz samarasi o`laroq, bugungi kunda o`qishga kirishning  15 dan ortiq norasmiy va noqonuniy usullari borligi  ma`lum bo`ldi.

QANDAY USULLAR MAVJUD?

Abiturientlarning test sinovlariga qanday tayyorgarlik ko`rgani bilan qiziqsangiz, haqiqatan ham o`z bilimiga tayanayotganlar orasida “Tanka”, “Shpora”, “Paravoz”, “Bunker”, “Telepatiya”, “Soldat” , “Telefon”, “Parashyut”¸ “0–variant ëki X–variant”ga ishonayotganlari ham borligiga guvoh bo`lasiz. Test sinovlarini adolat mezoni asosida o`tkazish borasida barcha choralar safarbar etilayotan  bir paytda  ana shu shunday g`irrom usullar bilan o`qishga kirish va kiritishni istayotgan kimsalar borligi achinarlidir.  Xo`sh, bu atamalar o`zi nimani anglatadi? Ularning ortida kimlar turibdi? “ShPARGALKA”

Eng keng tarqalgan makkorona va hamyonbop usullardan biri. U haqda e`lonlarni har qadamda uchratish mumkin. Bunga ko`ra, test imtihonlari arafasida chop etiladigan savollardagi har bir so`zning bosh harflari va javoblar kichik shriftlarda jamlanadi va  shpargalka tarzida chop etiladi.

Faqat... Har yili minglab abiturientlar “shpargalka”dan tushmagani, ketgan pulga kuyib qolishgandan nolishadi. “Shpargalka” qisqartmalari savollarga mos tushmaydi yoki javoblari noto`g`ri chiqadi.

"BUNKER"

Ma`lumotlarga ko`ra, “bunker” usulida mutaxassislar ertalabki soat 06.00 da test sinovlari o`tkazilayotgan binodagi maxsus xonaga kirishadi. Birov bilib qolmasligi uchun, ushbu xona, ya`ni "bunker" tashqaridan qulflab qo`yiladi. Keyin test savollari bo`yicha “daho” bo`lib ketgan bu mutaxassislar test savollarini echib beradi. “Kelishilgan” abiturientlar  qo`llariga tayyor echilgan va belgilangan variant tarqatiladi.

Bunda abiturientlarning barchasi bir guruhga yig`iladi. O`sha guruhdagi barchadan savol byulletenlari yig`ib olinadi va “bunker” xonasida o`tirgan  “bilimdon”larga etkaziladi. To`g`ri javoblari belgilanib, imtihon tamom bo`ladigan paytda “maxsus” auditoriyaga  olib chiqib beriladi. Keyin abiturientlar go`yo o`zlari to`ldirgan javoblar varaqalarini topshirib, chiqib ketishadi.

Faqat... Bu qing`ir ish fosh bo`lib qolgudek bo`lsa, “bunker”chilarga ham, ular bilan kelishgan abiturientlarga ham tegishli choralar ko`riladi.

"TELEPATIYa"

Ma`lum bo`lishicha, ayrim abiturientlar skaner-ruchka degan uskunadan foydalanishadi. Kimnidir o`qishga kiritish uchun yollangan soxta abiturientning qo`liga narxi “falon pul” turadigan skaner-ruchka tutqaziladi. U test variantidan bu uskuna yordamida muayyan abiturientning savollar kitobidan nusxa oladi va go`yoki o`z javob varaqasini tezlik bilan to`ldirib, auditoriyadan chiqib ketadi.  Keyin undan  skaner-ruchka qabul qilib olinadi va uning xotirasiga tushirilgan savollar  mutaxassislar tomonidan  ishlanadi. Javoblari esa SMS orqali auditoriyada qolgan abiturientga jo`natiladi.

Faqat... Birinchidan bunday “ruchka”ni topishning o`zi bo`lmaydi. Qolaversa, texnikaga baribir ishonch yo`q. Eng muhimi, vijdonni unutmaslik kerak.

"PAROVOZ"

Ushbu usulda abiturientning testini ishlab berish uchun boshqa bir o`quv yurtida o`qiyotgan aqlli talabalar ma`lum to`lov evaziga jalb  qilinadi. Bunday talabalar ma`lum bir guruhlarga soxta abiturient sifatida kirib, kamida 10-15 nafar yigshit yo qizning  test savollarini  ishlab beradi.

Faqat... Har qanday paravozning ham bilim doirasi cheklangan. Gohida o`ta bilimdon “paravoz” ham kutilmagan savollar qarshisida dovdirab qoladi.

“SOLDAT”

Ayrim hollarda maxsus odamlar hatto o`qishga kiritilishi lozim bo`lgan talabalar uchun ana shu “soldat” nomini olgan a`lochi talabalarga o`zining rasmi yopishtirilgan  qalbaki hujjatlar yasab berishadi. Soxta “abituriant” esa, birovning familiyasi bilan kirib, testni echib chiqadi.

Faqat... Birovning o`rniga imtihonga kirishdan tashqari, hujjatlarni qalbakilashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilangan.

“PARAShYuT”

“Parashyut” uslubidan issiq havo bahona  ochib qo`yilgan derazalardan foydalaniladi. Bunda abiturient test savolini derazadan pastga uloqtiradi. Pastdagilar esa testni echib “javobni” echib, dumaloq qilib g`ijimlab qayta derazadan otib kirgizishadi.

Faqat... “Dumaloqlangan javoblar “kerakli” abiturientga tegadimi, boshqasigami, siz qaerdan bilasiz?

“X” VARIANT

Ma`lumotlarga ko`ra,  “X” variant test imtihonlari uchun tayyorlangan savol-javoblarning sirli holatda tashqariga sizib chiqishidir. Bu variant kim tomonidan tarqatilishi noma`lum. "X" variantni qo`lga kiritgan guruhlar maxsus uylarda talabalarga o`sha javoblarni yodlatadi.

Faqat... “Yuz foizlik kafolat” bilan o`ta qimmat narxlarda pullangan “X-variantlar” ham bir chaqalik ish bermagani tajribada juda ko`p uchraydi.

“AUDITORIYa KUZATUVChILARI”

Ayrim abiturientlar tavakall qilib, auditoriya kuzatuvchilariga ishongan holda  test sinovlariga kirishadi. Ba`zi auditoriya kuzatuvchilari o`z navbatida ularga “bir amallab” olib kirilgan telefon yoki shpargalkalardan foydalanish uchun imkon yaratib berishadi. Albatta, quruq “rahmat”ga emas.

Faqat... To`g`ri, mas`uliyatdan ko`ra, cho`ntakni o`ylaydigan “kuzatuvchilar” bordir. Ammo, besh qo`l baravar emas. O`z ishini halol, vijdonan bajaradigan kuzatuvchilar ko`payarversin!

                                                            TEST JARAYoNIDAN ChETLAShTIRILADI

Diqqat qiling!

  • Test sinovlari o`tkaziladigan binoga kirishda abiturientda mikrokalkulyator, lug`at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikasiya vositalari va shpargalkalar mavjudligi aniqlansa ular binoga kiritilmaydi va tegishli dalolatnoma tuzilib, test jarayonidan chetlashtiriladi. 
  • Test sinovi jarayonida abiturient tomonidan savollar kitobi varag`i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi.
  • Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abiturientlar uchun qo`shimcha test sinovlari o`tkazilmaydi.
  • Test sinovlarini topshirish vaqtida abiturientning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi, auditoriyadan chiqqan abiturientlar qaytadan test sinovlariga qo`yilmaydi, sog`lig`ining yomonlashishi va boshqa shu kabi holatlarda test materiallarisiz qavat bo`yicha vakil kuzatuvi ostida auditoriyadan chiqish hollari bundan mustasno.

E`TIROZ YuZAGA KELGANDA!

Abiturient test savollari yoki test sinovlarini o`tkazish jarayoni yuzasidan e`tirozlari mavjud bo`lganda, test materiallarini topshirganidan so`ng, shu kunning o`zida qabul komissiyasi, Davlat test markazining ta`lim muassasasi yoki bino bo`yicha vakili orqali Davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

XULOSA O`RNIDA

Siz-chi, siz qay yo`lni tanladingiz? O`z kuchingizga, bilimingizga ishonasizmi yoki yuqoridagi g`irrom, jirkanch usullar va qallob kimsalargami? Zero, yuqorida sanab o`tilgan usullar ayrim shaxslarning moddiy manfaatlarini  ko`zlagan holda o`ylab topilgani aniq. Bu usullarni qo`llagani uchun tegishli jazosini olgan kimsalar juda ko`p. Shu bois, abiturientlar va ularning ota-onalariga ushbu usullardan hech birini tavsiya etmaymiz.

Abiturientlar bunday usullar haqida o`ylashga vaqt va mablag` sarflagandan ko`ra  Davlat test markazining www.dtm.uz saytida berilgan darsliklar ro`yxati asosida puxta  tayyorgarlik ko`rsa, astoydil izlansa, hech qachon yutkazmaydi. Bilimli, zehni o`tkir, bilimga chanqoq, intiluvchan yoshlar shubhasiz, talabalik baxtiga erishadilar.

Shunday ekan, davlat imti­honini topshirish arafasi­da turgan yoshlarimizga qa­rata, faqat o`z bilimingizga ishoning, birgina ortiqcha harakat bilan talaba bo`lish­dek baxtni qo`ldan chiqar­mang va Vatanimizning porloq istiboliga hissa qo`shishga qodir yoshlar safidan o`rin olishingizga ishonamiz.  

O`Z KUChI VA  BILIMIGA IShONGAN ABITURIENTLARGA “DARAKChI” GAZETASI OMAD TILAB QOLADI!

                                 Laylo RUSTAMOVA tayyorladi

 

    Boshqa yangiliklar