U bilan suhbatlashmaganimda, uning “Bolalar” guruhini qanday tuzganiyu, giyohvandlar obrazini maromiga etkazib ijro etishi sabablarini, nega doim salbiy rollar o`ynashiyu mashhur sulolaning mavhum sirlarini va eng muhimi Javohir Zokirovning hamma aktyorlarga o`xshamagan jihatlarini bilib olmagan bo`lar edim.
— Bolaligingizda maktabda chiqadigan har qanday muammoni bir tog`ara somsa bilan hal qilar ekansiz…
- 46 maktabda o`qiganimda mani yomon ko`rishardi. Buning sababi ular “ha san Zokirovsan, o`zingni shunaqa zo`r boshqacha deb o`ylaysanmi” deb erga urishar edi. Ammo men ular o`ylagandek o`zimni katta olib yurmasdim. Ularga ko`rik tanlovlarda birinchilikni olib yurishim, iste`dodim yoqmas edi. Keyin 41 maktabga o`tganman, to`g`risi u vaqtlarda muammolarni “bir tog`ara somsa” bilan hal qilsa bo`lardi.
— Juda ko`p hamkasblaringiz sizni Moskvaga o`qishga Farrux Zokirovning yordami bilan kirgan deb o`ylashadi...
— Ha xuddi shunday, hattoki Toxir Sodiqov ham shunday deb o`ylar edi.
— Demak bu gaplar rost ekanda…
— 1989 yilda O`zbekistonga imtixon olish uchun Moskvadan kelishgan. Shu imtixonga men ham qatnashganman. Shunda men bir dona she`r o`qib berganman va shuning o`zidan hay`at a`zolari meni o`sha institutga kerakligimni tushunishgan. Vaholanki, boshqalar bir qancha she`r o`qib, boshqa ishlarni ham qilib berishgan edi. Aytmoqchimanki, amakim o`qishga kirishimga hech qanday yordam bermaganlar. O`shandan buyon o`zimga ishonchim juda baland.
— Birinchi muhabbatingiz…
— 16 yoshimda onam bilan dadamning eng yaqin o`rtoqlarining Nigora ismli qizini yaxshi ko`rib qolganman. Ota-onamga men shu qizga uylanaman degandim-da! Nigoraning onasi “bu kim, bu artist-ku, biz qizimizni artistga bermaymiz”, deyishgan. Hozir o`ylab qarasam, o`shanda faqat bir tomonlama sevgi bo`lgan ekan, chunki u qizni faqat men yaxshi korar edim, u qiz esa meni sevmas edi. Muhabbat esa ikki tomonlama bo`ladigan tuyg`u.
— Turmush o`rtog`ingiz mashhur akademik, shoir va yozuvchi G`afur G`ulomning nevarasi ekan...
— Shahrizodani yoshligimdan yaxshi bilardim-u, ammo unga yurak yutib, dil izhori qilolmaganman. U shunaqa aqlli, chiroyli qiz bo`lgani uchun uning ortidan Toshkentning eng zo`r yigitlari yurardi. Shu sababdan menga qaramasa kerak, deb o`ylardim. Lekin biz to`rt yil oldin turmush qurdik va men ishonch bilan ayta olamanki, u mening haqiqiy muhabbatim
— “Avlod” nomli guruh sizni o`zlariga qo`shmagani uchun alam ustida Bolalar guruhini tuzgan ekansiz…
— “Bolalar” guruhini men tashkil qilganman. 90 yillarda “Avlod” degan guruh bo`lardi. Bu guruhda Nargiz Zokirova, Bakir Zokirov, Bahodir Zokirovlar qo`shiq aytishardi. Ularning yoniga borib meni ham shu guruhga olinglar, desam “e sen bezorisan, sen undan ko`ra gitara chalishni o`rgan” deyishgandi. Men chalishni xohlamayman, men qo`shiq aytishni istayman deganimda yo`q sen qo`shiq aytmaysan degandilar. O`shanda Nargiz Zokirovaning eri Ruslan Sharipov menga yordam qo`lini cho`zgan edi. O`zimning tug`ishgan amakim emas, menga aytarli qarindosh ham bo`lmagan odam yordam bergandi. O`sha vaqtda Bahodir degan do`stim bo`lardi. Unga “kel bir guruh tuzamiz” deganimda, Toxirni guruhga olish taklifini bildirgan edi. “E qo`y o`sha Toxir-poxiringni, ikkalamiz ham yaxshi eplaymiz” deganman. Keyinchalik Toxirni ham guruhga jalb qildik. Shu bilan “Bolalar” guruhi tashkil topdi. Birinchi albomimizda men to`rtta, Bahodir bitta va Toxir Sodiqov to`rtta qo`shiq aytgan edi.
— Eshitishimcha, har doim oilangizni o`zingiz bilan birga olib yurarkansiz...
- To`g`ri. Lekin, bir oy oldin Moskvaga bir o`zim borishimga to`g`ri keldi. Etti oylik farzandim bilan ayolim borolmay qoldi. O`rtog`im bilan Moskva ko`chalarida ketyapmiz. Shunda o`rtog`im “nega kayfiyatingiz yo`q” deb so`rab qoldi. “Men qachonki farzandim bilan ayolim yonimda bo`lsagina to`yib nafas olgandek bo`laman” dedim. Ularsiz menga hech narsa tatimaydi. Hozir o`g`lim yosh, agar kattaroq bo`lganida, uni s`yomkalarga, intervyularga ham olib borgan bo`lardim. Xullas beqaror ko`nglimning qaror topgani yoki ot aylanib qozig`ini topgani shu bo`lsa kerak. Ko`pincha erkaklar ko`cha-ko`yda tanish-bilishlari oldida o`zini xotinidan ustun ko`rsatgisi, maqtangisi keladi. Aslida uyida boshqacha vaziyat hukmron. Aytmoqchimanki erkaklar bir-birining oldida rol o`ynaydi. Ko`chada “o`zini zo`r qilib ko`rsatgisi keladi. Ammo oilaga sadoqatli bo`lishdan, xotinga vafodor bo`lshdan uyalmaslik kerak. Bizlarda juda ko`p yolg`on ishlatiladi. Shuning uchun uyda bir gap, ko`chada ikkinchi gap, ishda uchinchi gap. Oilasidan yuz burib, xiyonat ko`chasida izg`iydigan erkaklarni tushunolmayman. Ba`zi bir tanishlarim telefoniga parol qo`yayotganini ko`rib, ajablanaman. Sababini so`rayman. “Xotinim telefonni titkilaydi” deyishadi. Bizda esa hammasi ochiq-oydin. Haqiqat hech qachon hech kimni o`ldirmagan.
- Savolimdan xafa bo`lmang-u, ba`zilar sizni giyohvand rolida ko`rib, “rostdan ham shunaqa emasmikin?” deb o`ylashi mumkin
- “Haqiqiy erkaklar ovi” filmida giyohvandlikka ruju qo`ygan bolaning rolini o`ynaganim uchun “ha sen aniq chekasan, shuning uchun yaxshi o`ynagansan” deyishadi. Juda ko`p odamlar meni giyohvand bo`lsa kerak deb o`ylashidan xabarim bor. Hech qachon giyohvand modda iste`mol qilmaganman. Shunchaki, men hayotni, odamlarni kuzatib yuraman, bu kuzatuvchanlik menga juda qo`l keladi. Men ustoz ko`rgan shogirdman. Hozir kino san`atimizda ustoz, maktab ko`rmagan aktyorlar ko`payib ketdi. Har qalay ulardan yaxshi o`ynay olsam kerak. Men kasbimni juda yaxshi ko`raman. Shaxsiy biznesim, do`konlarim yoki boshqa tirikichilik manbalarim yo`q, bilganim - kino. Shuning uchun astoyidil harakat qilamanki, o`ynagan rollarim odamlarga etib borsin. Yo juda zo`r aktyor bo`lish, yoki bu sohadan ketish kerak, o`rtamiyonalik umuman kerak emas.
- “Sotqin” filmida sizning ijroyingizdagi G`ulom obrazi ko`pgina tomoshabinlarda g`azab yo nafrat emas, havas uyg`otib qo`ymadimikin?
- Men bunaqa odamlarni sodda, dovdir qilib ko`rsata olmas edim, chunki bunday ifloslar odamlarni juda yaxshi biladigan psixolog bo`lishadi. Xo`sh, G`ulomni o`ta olifta qilib ko`rsatganimizning sababi nima? Xalqimiz bilsin bu odamlar qanday qilib ichimizga kirib olishiyu, qanday qilib ishini bajarib ketishini. Hayotda eng kuchli odamlar eng oddiy odamlar bo`lishadi. Kuchlilar G`ulomga o`xshab spektakl qo`yib birovlarning ustidan kulmaydi. Bugun yoshlarimiz ko`pincha odamlarning mashinasi, gapiradigan gapi, puliga e`tibor beradi, aslida esa odamning ichki dunyosiga e`tibor berish kerak. G`ulom obrazi orqali “odamlar, ogoh bo`linglar, bunaqa ifloslarga aldanmanglar, bularning oxiri voy” demoqchi edim.
- Filmda G`ulomni qamoqqa olmasdan, qochirib yuborishdan maqsad nima edi?…
- Filmda G`ulom qo`lga tushganida ancha ishonarsiz bo`lib qolishi mumkin edi. “Shunday odamlar haliyam oramizda yuribdi, ulardan ogoh bo`linglar” degan maqsadda uni “qochirib yubordik”. Ko`pgina muhlislar filmning davomini kutishyapti. Bilmadim, ehtimol davomi ham bo`lishi mumkin.
-Nega faqat salbiy rollarni ijro etasiz?
— Juda ko`p joylarda uchrashuvlarda bo`lganimizda ham, asosan shu savolni berishadi. Ba`zida hazillashib “o`zim yomon odamman-da, shuning uchun yomon rollarni berishadi” deya javob beraman. Aslida, salbiy rollarni ham kimdir o`ynashi kerak-ku? Gohida roldan chiqib ketolmay qolaman. Shunday hollarda o`zimi o`qitib yuborgan paytlarim ham bo`lgan.
- “Sotqin” filmida singlingizni urgan kuyovingizni yuziga tupurgan joyingiz bor. Hayotda ham akasiz. Shunday hol hayotingizda ro`y bersa...
— Bu hol zinhor-bazinhor bo`lmasin-u. shunday bo`lib qolsa, orqasiga tepib haydab yuborar edim.
- Bugun barcha aktyorlar, qo`shiqchilar qaysidir teleloyihada qatnashyapti. Masalan, MY5 telekanalida “Yoz o`tmoqda soz” loyihasi bugun minglab tomoshabinlarni o`ziga jalb etdi. Sizda ham shunday loyihalarda qatnashish istagi bormi?
- O`zimni boshlovchi sifatida namoyon qilish uchun bir qancha loyihlar rejasini o`ylab qo`yganman. “Mening yurtim” telekanili bugungi kunda rang-barang dasturlari bilan ommalashib bormoqda. Kelgusida MY5dan taklif tushadigan bo`lsa, albatta shunday loyihalarda ishtirok etgan bo`lardim.
Feruz Mamatov suhbatlashdi.