Hozirda qoni ikkinchi guruhga mansub kishilar boshqalarga nisbatan ko`proq koronavirus bilan kasallanmoqda. Bu haqda Rossiya federal tibbiy-biologik agentligi rahbari Veronika Skvorsova ma`lum qilgan, deya xabar berdi «TASS».
«Xorijdagi manbalarda yozilgan ma`lumot Federal tibbiy-biologik agentlik markazlarida o`z tasdig`ini topdi. COVID-19 bilan kasallanganlar orasida qoni II guruhga mansub bo`lganlar soni ko`proq. Ikkinchi o`rinda I va III qon guruhlari turibdi. IV qon guruhi egalari orasida kasallanish holatlari boshqalarga qaraganda ancha kam», — degan Skvorsova.
Rossiya federal tibbiy-biologik agentligi rahbari ushbu holat qon guruhlarining tarqalish soniga bog`liqligini ta`kidlagan.
Dunyoda eng ko`p uchraydigan guruh I hisoblanadi — er yuzi aholisining 45 foizi, II guruh ko`proq evropaliklarda uchraydi — dunyo bo`yicha aholining 35 foizi, III guruh — 13 foiz, eng kam uchraydigan IV guruh esa 7 foiz.
Avval Rossiyada xizmat ko`rsatgan shifokor Vladimir Krugliy ham koronavirus bilan kasallanganlar orasida qoni ikkinchi guruhga mansub bemorlar ko`pligini ma`lum qilgandi. U Xitoydagi kasallanish bo`yicha ma`lumotlarga tayanib, u erda 30 foiz bemorlarning qoni II guruhga mansubligini qayd etgan.
Mart oyida Xitoy olimlari kasallanganlarning qon guruhlari bo`yicha tahlilini e`lon qilgan va ushbu ma`lumotlar Uxan hamda Shinjondagi bemorlar misolida taqdim etilgan. Tadqiqot natijalari bo`yicha COVID-19’ga chalinish holatlari, asosan, ikkinchi guruh vakillarida uchragan, birinchi guruh vakillarida esa kasallanish holatlari boshqalarga nisbatan kamroq kuzatilgan.