AsosiyShou-biznes

Tahlil: "Kino – bu ham san`at, ham sanoat"

O`tgan haftada Milliy matbuot markazida «O`zbekkino» Milliy agentligining 2015 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati yakunlariga bag`ishlab, Agentlik rahbariyati ishtirokida «Milliy kinematografiya san`atini rivojlantirish muammolari va istiqboldagi rejalar» mavzusida matbuot anjumani o`tkaziladi. Ungdu o`zbek kinosining bugungi yutuqlari bilan bir qatorda mavjud muaommlar, echimini kutayotgan masalalarga alohida e`tibor qaratildi.

“Kino uchun 1 yilda 10 mlrd so`m”

O`zbekkino milliy agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Ahmadjon Umarov anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan bir qator savollarga javob qaytardi:

— Davlat hisobidan olinayotgan filmlarga katta pul sarflanishidan xabarimiz bor. Nima uchun shu pulning umumiy miqdori va har bir filmning ishlab chiqarilishi uchun ketadigan mablag` e`lon qilib borilmaydi?

— Har yil davlat tomonidan 10 ta multifikasion, 15 ta badiiy, 20dan ortiq hujjatli va 60dan ortiq ilmiy-ommabop hujjatli film ishlanishi uchun pul ajratiladi. Bu yilning o`zida davlat byudjeti hisobidan ana shu maqsadlar uchun 10 mlrd so`m mablag` ajratilgan. Shu vaqtgacha barcha filmlar bir xil moliyalashtirilgan, ya`ni ularning mavzusi, hajmi, murakkablik darajasiga qaramasdan bir xil —o`rtacha 500 mln so`mdan ajratilgan ekan. Ammo endilikda bu ishga chek qo`yildi: endi har bir filmning xarajati hisobga olinib, so`ng davlat byudjeti hisobidan pul ajratiladi.

Bugungi kunda o`zbek kinosi tarixida eng ko`p byudjetli film ishlanmoqda. Shu ish amalga oshishi uchun rejissyor Akbar Bekturdievga “Oyqiz ertagi” nomli film ishonib topshirildi va filmga 1 mlrd 600 mln so`m pul ajratilgan.

— Unda nega saviyasiz filmlarning reklamasi a`lo darajada-yu, odamlar ma`naviy ozuqa oladigan filmlarning reklamasiga etarlicha e`tibor yo`q?

— Kinoteatrga tushadiganlarning 80 foizini yoshlar tashkil qiladi. Agar filmlarni kuzatgan bo`lsangiz 50-60 foiz filmlarda bir xil aktyorlar rol o`ynashadi. Xususiy kinostudiyalar bir-ikki oyda film ishlab chiqarishsa, davlat filmlari 7 oydan 9 oygacha vaqt oralig`ida tayyor bo`ladi. Shu nuqtai nazardan xususiy filmlarga kam mablag` sarflanadi va tezda bu mablag` o`zini oqlaydi. Davlat kinolariga esa kamida 500 mln so`m pul kerak bo`ladi. Ular sarflangan mablag`ni oqlashi uchun bizga kinoteatrlar tizimi kerak. Bir yilda respublika miqyosida 1 mln. 472 ming kishi kinoteatrlarga tashrif buyurayotgan bo`lsa, milliondan oshig`i faqat Toshkent shahriga to`g`ri keladi. Bu bizda kinoteatrlar tizimi yo`qligidan dalolat beradi. Shu sababdan filmni viloyatlarda reklama qilishning foydasi yo`q, tomoshabinlar film televizorda namoyish etilganda yoki “qaroqchi” disklari chiqqandagina ko`rishi mumkin. .90 foiz kinoteatr xususiylashtirilgan. Ba`zi viloyatlarda esa bitta ham kinoteatr faoliyat yuritmayapti. Borlari ham qarovsiz ahvolda.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan taniqli madaniyat va san`at arboblari, taniqli dramaturg va rejissyorlar, soha mutaxassislari ushbu masala yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Dramaturgiya eng orqada”

Rixsivoy Muhammadjonov, dramaturg:

  • Kinoning asosi - bu ssenariy. Kinodramaturgiyada nazariy bilim beradiganlar etarli. Bu sohada amaliy yordam beradigan odamlar kerak. Hozir eng oqsoq, eng orqada qolayotgan sohalardan biri — dramaturgiya. Tezroq mashhur bo`lish ko`yida yurgan har qanday havaskor to`rt qator gapni ssenariy deb ko`tarib kelmoqda. Xususiy kinostudiyalarda ishlab chiqarilayotgan kinolar obro`yimizni to`kayotganining asosiy sababi, mana shunda - kino g`oyaviy jihatdan mukamaal ssenariy asosida ishlanmaganidadir. Agar dramaturglar uchun alohida o`quv kursi tashkil qiladigan bo`lsak, kursni uch oy emas balki ikki yillik qilish, tinglovchilarga stipendiya ham joriy qilish lozim deb o`ylayman.

“Yosh tomoshabinning didini o`ldirdik”

Zulfiqor Musoqov, rejissyor:

  • Men beli mahkam rejissyorlarni tarbiyalamoqchi edim. O`n yildan buyon men bormagan idora, men gaplashmagan rektor qolmadi hisob. Dars o`tish uchun so`raganim bitta xona, oltita o`rindiq xolos. Aslida o`rganaman degan odamga kursni tugatdi degan ikki varaqlik sertifikatning ham keragi yo`q...

Hozir “Xontaxta” film ishlab chiqaruvchilar uchun ssenariyning keragi ham bo`lmay qoldi. “Rejissyor” ikki varaqlik daftarni oladi-da, aktyorga qarab “mana bu joyini bunday, bu erida esa bunaqa rol bajarasan” deyishadi - tamom.

Yana bir gap: hozir, “bir yilda o`ttiz bir yarim million aholidan salkam bir yarim millioni kinoteatrga boradi, shundan 60 foizini poytaxtliklar tashkil etadi”, deyildi. Demak qolgan 29 mln. odam filmimizni televideniya orqali tomosha qiladi. Ammo telekanallarda davlat buyurtmasi bilan yaratilgan filmlarning reklamasini 30 soniyada berishadi-yu, “xontaxta” filmlarga bir soatlab vaqt ajratib, ularni osmonlarga ko`tarishadi. Nega? “Qo`rg`oshin” filmini kinoteatrda bor-yo`g`i to`rtta odam ko`rganini bilaman. Ammo u televideniyada qayta-qayta ko`rsatilgani sabab odamlarga etib bordi.

“Vatan” filmini tomosha qilgan yoshlar uni tushunishmagan, chunki biz keyingi yigirma yil ichida yosh tomoshabinning didini o`ldirdik. Yoshlar uchun faqat Adiz Rajabov bo`lsa-bo`ldi. U o`ynamagan bo`lsa, o`sha filmga kirishmaydi. Shunaqa “yulduzcha”lardan uch-to`rttasi bor. Ularga o`xshagan aktyorlarni men kinoyimga umuman chaqirmayman.

“Bekatdagi odam” filmimizni televideniyada hali ham namoyish etishmadi. Agar o`sha film TV orqali berilganda edi otasini puliga mashina olib, “uchadigan”, bosar-tusarini bilmay qolganlarga saboq bo`lar edi.

Mana shunday matbuot anjumanlarida telekanallar rahbarlarini ko`rmaganman. Ulardan iltimos: 15 tacha yaxshi, ko`rishga arzigulik filmlarimiz bor. Hadeb “xontaxta” filmlarni beravermasdan, shularni ham ko`rsatib turinglar.

“KINO TADBIRKORLIK OB`EKTIMI?

Ahmadjon Umarov, «O`zbekkino» Milliy agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi:

  • Xususiy filmlar bemaza qovunning urug`idek ko`payib ketyapti. Bularga qarshi chiqib, to`xtatish uchun qonun biz tomonda bo`lishi kerak. Eng achinarlisi xususiy film ishlab chiqaruvchilar tadbirkorlik sub`ekti sifatida ish ko`radi. Ularning faoliyatiga to`sqinlik qilishning imkoni yo`q. Vaholanki, ularning aksariyati moddiy manfaatdorlikni o`ylab, tomoshabinga qanchalik katta ma`naviy zarar etkazayotgani barchamizga ma`lum.

“Kinochilarimiz ancha qo`rqoq chiqishdi”

Shoira Hamroeva, kinojurnalist:

  • Bir vaqtlar hindistonlik prodyuser Umesh Mehra yurtimizga kelganda, u bilan suhbatlashgandim. Uning aytishicha, Hindistonda ham xususiy va davlat filmlari mavjud. Bizga etib keladigan filmlarining aksariyati xususiy filmlar ekan. Umesh Mehraga “kino siz uchun san`atmi yoki sanoat?” deya savol berganimda u “kino men uchun sanoat, men filmimni sotib, oilamni, bolalarimni boqaman, ammo men bu sanoat mahsulotini san`at darajasiga chiqarishga harakat qilaman, toki bolalarimga edirayotgan nonim halol bo`lsin”, deb javob bergandi.
  • Premeradan so`ng” ko`rsatuvida rejissyorlarning filmini tahlil, tanqid qilamiz. Bir daqiqa efir vaqti 2400 dollarga baholanadigan telekanalda 50 daqiqa bir film haqida gap boradi. Ko`rsatuvni boshlaganimda, yosh kinochilar ham katta rejissyorlarimizdan o`rnak olib, eng yaxshi filmlari bilan ko`rsatuvimizda qatnashsa kerak deb o`ylagandim. Afsus unday bo`lmadi. Kinochilarimiz ancha qo`rqoq chiqishdi...

Xulosa o`rnida:

Matbuot anjumanida xususiy film ishlab chiqaradigan “xontaxta”chi rejissyorlarning bor-yo`qligi bilinmadi. Aslida bu tadbirda ularning ishtirokini, saviyasiz filmlarining tahlilini va bu erdagi savollarga ularning ham javobini kutgan edim. Axir qachongacha ular suvdan quruq chiqib ketishadi, degan haqli savol hammani qiynasa kerak. «O`zbekkino» Milliy agentligi bundan keyin bo`ladigan matbuot anjumanlarida shu fikrimizni inobatga olsa yaxshi bo`lar edi. Anjumanda yana a-ancha gaplar bo`ldi. Agar bu erda tilga olingan barcha mammolar o`z echimini topganida edi, o`zbek kinosi yanada yuksak marralarni zabt etarmidi?..

                                               Feruz MUHAMMAD tayyorladi

    Boshqa yangiliklar