AsosiyJamiyat

10 avgustdan 10 sentyabrgacha respublikamizda 1876 ta maktab yarmarkalari tashkil etiladi

Yangi o`quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta`lim maktablari o`quvchilarini asosiy turdagi o`quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechaklar va poyabzallar bilan ta`minlash hamda ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 10 avgustidan 10 sentyabrigacha respublikamizda jami 1876 ta maktab yarmarkalari tashkil etiladi, deya xabar beradi Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati. Maktab yarmarkalarining 970 tasi umumiy o`rta ta`lim maktablarida (ularga 6298 ta maktablar biriktirilgan) tashkil etilib, 232 tasi akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida, 398 tasi aholi gavjum bo`lgan bozorlarda, 276 tasi yirik savdo majmualarida tashkil etiladi. Olis va borish qiyin bo`lgan tog`li hamda cho`l hududlarga 98 ta ko`chma avtodo`konlar xizmat ko`rsatadi.

Respublikadagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o`quv qurollari va jihozlari sotuvi tashkil etiladi. Bular:  o`quvchi daftari, umumiy daftar, kundalik daftari, rasm daftari, ruchka, portfel (ranes), chizg`ich, sirkul, akvarel buyoqlari, rangli qalamlar, flomaster, vatman qog`ozi, o`chirg`ich, plastilin, elim (kley), rangli qog`oz, qalam yo`ng`ich, qalamdon (penal), nota daftari, idora daftari, tush, oddiy va rangli bo`r, barxat qog`oz, qiz bolalar va o`g`il bolalar uchun poyabzallar, bolalar sport kiyimlari. Quvonarlisi, mazkur mahsulotlarning aksariyat qismi yurtimizda ishlab chiqarilgan.

Joylarda tashkil etiladigan maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida mutasaddi kompaniya va tashkilotlar etkazib beradi. Etkazib berilgan mahsulotlarning saqlanishi, ularni yong`indan saqlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda boshqa zaruriy xavfsizlik choralari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. 

Mahalliy hokimliklar xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan birgalikda maktab yarmarkalarida savdosi tashkil etilayotgan mahsulotlarning O`zbekiston Respublikasidagi amaldagi standartlar talablariga javob berishini hamda ularning sifatini nazorat qiladi.

Maktab yarmarkalarida sotiladigan mahsulotlar narx-navolarining sun`iy ravishda oshib ketishiga yo`l qo`ymaslik hamda ularda to`lov terminallarining uzluksiz ishlashini yo`lga qo`yish maqsadida mahalliy hokimliklar va davlat soliq qo`mitasi tomonidan doimiy nazorat yo`lga qo`yilgan.

Yarmarkalarda savdo ishlarini amaldagi soliq va bank qonunchiligiga to`liq rioya qilgan holda o`tkazish hamda aholiga qo`shimcha qulaylik yaratish maqsadida savdo tashkilotlari va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarida 1876 ta barcha turdagi to`lov terminallari (uzkart, viza, on-layn) o`rnatilishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar