1

Shavkat Mirziyoev: Ishimizga odamlarning ko`zi bilan baho berishimiz kerak

Siyosat 21.05.2020, 13:56
Shavkat Mirziyoev: Ishimizga odamlarning ko`zi bilan baho berishimiz kerak

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun Andijon viloyatiga jo`nab ketgan edi.  Davlatimiz rahbari etib kelib, dastlab Oltinko`l tumanidagi “Ko`hna vodiy bahori” fermer xo`jaligida bo`ldi hamda  g`alla va g`o`za rivojini ko`zdan kechirdi.

- Iqlim sharoiti yurtimizga o`xshash xorijiy davlatlarda paxtadan 70 sentnergacha hosil olishadi. Qanday qilib? Ilm bilan, aql bilan. Andijonda er kamligini hisobga olib, undan ikki karra samarali foydalanish zarur. Ishsiz, daromadi etarli bo`lmagan minglab odamlar bor. Ishimizga o`shalarning ko`zi bilan baho berishimiz kerak, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari g`o`za qator oralariga soya ekish bo`yicha Andijon tajribasini yaratish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

- Fermer dalaga reja uchun emas, daromad uchun kirishi kerak. Soya ekilsa, bitta maydondan ikki barobardan ziyod daromad olish, yana ko`proq odamlarni ish bilan ta`minlash mumkin. Undan olinadigan moy ham, omixta em ham juda sifatli, bozorbop. To`g`ri, bu qiyin. Lekin qaysi ish oson? - deya savol qo`ydi Shavkat Mirziyoev.

Agrotexnologiyalarni rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat agrar universitetining Andijon viloyati filiali negizida qishloq xo`jaligi yo`nalishida alohida oliy ta`lim muassasasi tashkil etish muhimligi ta`kidlandi.

“Ko`hna vodiy bahori” fermer xo`jaligining umumiy er maydoni qariyb 76 gektar. Joriy yilda g`allaning har gektaridan 20, paxtadan 10 sentnerdan qo`shimcha hosil etishtirish rejalashtirilgan. G`alla hosildorligi 81 sentner bo`lishi kutilmoqda.

Fermer xo`jaligida 60 kishi doimiy va mavsumiy ish bilan ta`minlangan. Chorvachilik, asalarichilik yo`lga qo`yilgan.

Shu erda paxtachilik, g`allachilik va meva-sabzavotchilik klasterlari hamda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha loyihalar taqdimoti o`tkazildi.

Davlatimiz rahbari qayta jihozlangan avtobusda tashkil etilgan sayyor laboratoriya bilan ham tanishdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1