“Yurtimizda Qamchiq dovoni orqali Angren-Pop temir yo`l liniyasi qurilish ishlari boshlanganidan xabarimiz bor. Ammo bugungi kunda qurilish ishlari qanday olib borilyapti? Qurilish ishlari qachon yakuniga etadi? Shu haqda bilmoqchi edim.”
Z.Xurramova, Andijon sh.
Temir yo`l tizimida amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat yuk va yo`lovchi tashish sifatini oshiradi, balki davlatimiz iqtisodiyotining rivojiga o`z hissasini qo`shib, aholi turmush darajasini ham yuksaltiradi. Bugun ushbu sohada amalga oshirlayotgan juda ko`p ishlarni misol qilib keltirish mumkin.
Shu kunlarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda bunyod etilayotgan “Angren — Pop” elektrlashtirilgan temir yo`l liniyasi ana shunday ishlar sirasiga kiradi.
Bugun e`tiboringizga “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati bilan hamkorlikda temir yo`l qurilishi haqida qiziqarli faktlarni e`tiboringizga havola etamiz.
- Angren-Pop temir yo`li Prezidentimizning 2013 yil 18 iyundagi “Angren — Pop” elektrlashtirilgan temir yo`l liniyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida bunyod etilmoqda.
- Ushbu temir yo`l tarmog`i Farg`ona vodiysini O`zbekistonning markaziy qismi bilan bog`laydi.
- Temir yo`l liniyasining umumiy uzunligi 123,1 kilometrni tashkil etadi.
- Mazkur yo`nalishi bo`yicha qurilayotgan elektrlashgan temir yo`li uchastkasida tunnel uzunligi 19.1 kilometr bo`lib, u Qamchiq tog` dovoni orqali o`tadi.
- Dunyo reytingida tog`li hududlarda joylashgan tunnellar ro`yhatida ushbu yo`l murakkabligi bo`yicha 8-o`rinda, uzunligi bo`yicha esa 13-o`rinni egallaydi.
- Asosiy tunnelda shu kungacha qariyb 13 kilometr, qo`shimcha tunnelda 14 kilometr masofada qazish ishlari bajarildi. Tunnelning 8 ming 600 metrlik qismida pardozlash ishlari amalga oshirildi.
- Bugunga qadar bu erda 43 million kub metr tuproq va 16,3 million kub metr burg`ilash-portlatish ishlari, barcha suv o`tkazish va yo`l o`tkazgich inshootlari, ko`priklar qurib bitkazildi.
- Angren-Pop yo`li bo`ylab, “Orzu” vokzali, “Ko`l”, “Temiryo`lobod” hamda “Qo`shminor” stansiyalari qurildi.
- “Angren” stansiyasidan tunnelning g`arbiy portaligacha bo`lgan 39 kilometrlik masofaga temiryo`l yotqizilib, ko`prik, sun`iy inshootlar qurish va elektrlashtirish ishlari to`liq yakuniga etdi.
- Tunnelni loyihalash mazkur sohadagi eng so`nggi tajribalariga asoslangan bo`lib, u o`z ichiga xavfsizlik yo`laklarini, galereyalarni, ventilyasion xonalar va muhandislik kommunikasiyalarini oladi.
- Yangi po`lat magistral Xitoy – Markaziy Osiyo – Evropa yangi xalqaro tranzit temir yo`l koridorining muhim bo`g`ini bo`ladi.
- Markaziy Osiyoni Xitoy bilan bog`lash yangi imkoniyatlarini ochadi.
- Qurilishga 4250 dan ortiq mutaxassis va 720 dona texnik vositalar jalb etilgan.
- Loyiha “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tomonidan 2013 yil iyulidan boshlab amalga oshirilmoqda.
- Loyihani amalga oshirish maqsadida 2015 yilning olti oyida 186,7 mln. dollar o`zlashtirildi.
- Qurilish ishlarini yakunlanishi 2016 yilning aprel oyiga mo`ljallangan.





