Suhbatga qadar Aslbek Amanullohni o`ziga bino qo`ygan, to`ylarga boraman deb bormaydigan, kibrli san`atkor bo`lsa kerak deb o`ylagan edim. Uch marta suhbatga rozi bo`lib, keyin rad qilgani, qo`ng`iroqlarga javob bermagani ham bu fikrlarimni tasdiqlagandi. Suhbatdan keyin u haqda qanday fikrga kelganimni suhbatni o`qib bilib olasiz…
— Nega jurnalistlardan qochasiz? Yashiradigan, odamlarga oshkor bo`lishidan qo`rqadigan sirlaringiz shunchalar ko`pmi?
— Hayotim odamlarga qiziq emas deb o`ylayman. Ko`plar meni o`z o`rnini, darajasini, katta san`atkor ekanini bilmaydiganlardan deydi. Balki shundaydir, ammo men o`zimni hadeb ko`z-ko`z qilgim kelmaydi.
— Eng ko`p tanqid qilinadigan jihatingizni bilasizmi?
— Raqsga tushishim ko`p tanqidga uchragan. Endi qo`shiq aytayotganimda o`ylab raqs tushaman. Chunki, uch bolaning otasiman, yosh bola emasman. Buyog`iga kengroq o`ylab harakat qilishim kerak. Aslida jiddiy turib qo`shiq aytsam ham bo`lardi, ammo mensiz ham jiddiy turib aytadiganlar bisyor-da.
— Qiziq. Oxirgi “Nodira” nomli qo`shig`ingizda ham nazarimda oldingidek raqs tushgansiz-ku?
— Bundan buyog`iga, deyapman-ku!
— Raqs bo`yicha ta`lim olganmisiz?
— To`rt-besh yoshimdan Maykl Jeksonga o`zimcha taqlid qilib, raqs tushishni o`rganganman. Ammo raqs bo`yicha hech qanday ta`lim olmaganman.
— Sizni hech ikkilanmasdan disklar mashhur qildi desa ham bo`ladi. Chunki kliplaringizni kamdan-kam hollarda telekanallarda ko`raman, ba`zi qo`shiqchilar hattoki “saviyasiz” qo`shiqlarini tinimsiz aylantirayotganda siz nega jimsiz?
— To`g`risini aytaman, shu vaqtgacha telekanallarda chiqish uchun yoki boshqa reklamaga bor kuchimni berib harakat qilmaganman. Aytganingizdek meni disklar mashhur qildi. Balki shu sababdan biroz erinchoq bo`lib qolgandirman. Oddiy klip ham badiy kengashdan o`tishi uchun nimalarga ahamiyat berish kerak, klipda nimalar mumkin-u, nimalar mumkinmasligini e`tibordan chetda qoldiribman. Endi shularga e`tibor beraman deganimda, bozor egallanib bo`linibdi.
— Qaysi kliplaringiz badiiy kengashdan o`tmay qolgan?
— Deyarli hammasi o`tmagan. Katta pulga klip olib, bir kanalga borganimda kliping tasdiqdan o`tmadi deyishdi. Nega desam, biz bilan doimiy shartnoma tuzing deyishdi. Doimiy shartnoma shartlari menga foydadan ko`ra ko`proq ziyon olib kelardi, shu sababli rad qildim. Chunki, men nomimni chiqarib bo`lgandim. Mashhur bo`lmagan vaqtlarimda “men bilan ishlanglar, shartnoma tuzinglar”, deb deyarli barcha kompaniyalarga borganman, barchasi rad qilgandi. “Boylama” chiqqandan so`ng hamma menga birga ishlash taklifini bildirib qoldi. Shunda “baraka topkurlar, qiynalib yurgan vaqtlarimda qaerda edinglar?” degandim.
— Yaqinda san`atdan ketaman degandingiz. Bu shunchaki piarmidi? Umuman olganda bunaqa “arzon piar”larga muhtoj emassiz shekilli?
— Bu gap piar bo`lmagani uchun ham shunchalik ommalashib ketdi-da. Agar pair qilaman desam hech kimning xayoliga kelmagan ish bilan qilgan bo`lardim. Zinhor va zinhor san`atni piarga aralashtirmayman! Aslida bu qarorim hech kimni qiziqtirmasa ham kerak deb o`ylagandim.
— Televideniyada ko`rinmay, birorta qo`shig`ini tanitmasdan turib “Istiqlol” san`at saroyida konsert berayotganlar bor. Ba`zan ularning konsertiga faqat qarindoshlari tushsa kerak deb o`ylab qolaman. Xalq biladigan, tinglaydigan, disklar orqali, telefonlar orqali tarqalgan xit qo`shiqlaringiz bor lekin konsertdan esa darak yo`q. Yana nimani kutyapsiz…
— Boshida, ya`ni “Boylama” xit bo`lganda konsert berishim kerak edi, ammo unda sog`ligim bilan bog`liq muammolar bor edi. Qolaversa, to`rt mingdan ortiq muxlis oldidagi mas`uliyat ham cho`chitgan. Shu sababdan bu mas`uliyatni bo`ynimga ololmadim. Xudoga shukr, hozir sog`lig`im yaxshi, endi konsert bersam bo`ladi. Konsert emas shou bo`ladi, chunki men shoumenman.
— San`atda nom – bu non, deyishadi, nima sababdan hamma o`rgangan Nig`matov familiyangizni Amanullohga o`zgartirib noningizni yarimta qildingiz?
— Birinchi sababi familiyam bilan chiqqan davrimda internetda har xil mish-mishlar, raqs tushgan holatim videolari ko`payib ketgani sabab dadamning ismlarini o`zimga taxallus qilib — Omonulloh deb chiqyapman. O`zingiz o`ylab ko`ring, nasib qilib, jahonga chiqqanimda Aslbek Nig`matov deb internetdan qidirishsa, u erda turli video roliklarga ko`zlari tushib, men haqimda qanday xayolga borishadi? Ikkinchi sababi esa chet elda konsertlar berish baxti bizga ham nasib qilib qolsa Aslbek Amanulloh yozuvda ham, talaffuzda ham chiroyli chiqadi.
— Bundan bir necha yil ilgari gazetamizga bergan intervyuingizda “oilam haqida hech qanday ma`lumot bermayman” degansiz. Hali ham shu fikrdamisiz?
— Mayli, aytaqolay. Uylanganman, turmush o`rtog`imning ismi Gulzira, Andijonda chet tillari institutini tugatgan bog`chada bolalarga ingliz tilini o`rgatadi. Turmush qurganimizga etti yil bo`ldi. Uch farzandimiz bor. Katta o`g`lim Mustafo yaqinda olti yoshga kiradi, o`rtancha qizimning ismi Uvaysiy, kichkinasi Mohidavron. Yurtimizdagi eng baxtli oilalardan birimiz, deyishim mumkin.
— Fe`l-atvoringizning qaysi jihati bolalaringizda bo`lmasligini xohlardingiz?
— Fe`lim og`ir, o`zimga ham yoqmaydi. Haqiqatni talab qiladigan, ozgina g`irromlik aralashgan ishdan ham ko`ngli qoladigan, nomardning nomardligini yuziga aytib yuboradigan darajadagi to`g`riso`z odamman. Farzandlarim ko`p narsaga parvo qilmaydigan, qo`l siltaydigan, fe`li keng insonlar bo`lishini istayman. Chunki hayotda g`irrom, lafzsiz odamlarga ko`p duch keldim va fe`lim tufayli ularga qo`l siltab o`tib ketolmadim...
— Bisotingizdagi nechta qo`shiqni boshqalarning bisotidan o`g`irlagansiz?
— (kulib) Faqatgina bitta “Guli” qo`shig`imizni Bad Boys Blue guruhidan ilhomlanib, o`zim uchun aytganman, lekin u ham ommalashib ketdi. Keyinchalik klip ham oldik. Bisotimda faqat shu qo`shiq o`g`irlangan.
— Sizni to`yga taklif qilishsa, avvaliga rozi bo`lib, keyin telefon qilib “vaqtim yo`q, borolmayman” derkansiz. To`ylarga ko`p chaqirishingizga qaramasdan to`rt yil umuman to`yga chiqmabsiz. Buning sababi nimada?
—To`g`ri, bunday holat ko`p bo`lgan. Chunki ahvolim to`yga chiqadigan darajada emas edi. Sog`lig`im sabab to`rt yil mobaynida deyarli uydan ko`chaga chiqmadim. Yuragimda qandaydir qo`rquv bor edi. Ko`pchilik yig`ilgan davraga borolmasdim. O`sha vaqtlarda o`zimdan o`tganini o`zim bildim. Bu gapni sira oshkor qilmagandim, lekin endi ochiq aytaman — shu qo`rquv tufayli, o`zim xohlasam ham to`yga chiqa olmadim. Bu ham bir sinov ekan. Uydagilar majburlaganida bir-ikki to`ylarag borganman, shu sabab ko`pchilik “buning to`yiga keldi-yu, menikiga kelmadi” deb ranjigan. Men betob yotganimda yo`nalimshimdan foydalanganlar ham ko`p bo`ldi.
Hozir har bir muxlisimizning yaxshi kunlarida qatnashib, hatto to`yxonaning chiroqlarini ham raqsga tushirib yuribmiz.
— Betobligingizda tirikchilik nima bo`ldi?
— Shu bir-ikki marta to`yga chiqqanim ro`zg`orimga etib turdi.
— San`atdan ketsam boshqa ish qilaman degansiz, nima ish qilgan bo`lardingiz.
— Fermer bo`lardim yoki hovuzda baliq etishtirardim. Ishqilib o`zimga odamlarga foydasi tegadigan ish topardim.
— Ustozlaringiz kim?
—Avvalo dadam, qaynotam. Shaxsan shogird bo`lmasada qo`shiqlarini eshitib o`rgangan ustozlarim bor: Sherali Jo`raev, Avraam Russo, Tarkan... Lekin Sherali Jo`raevning duosini olganman. Xalqning ichida, to`yda “ashulalaring yaxshi, mening qo`shiqlarimni ham aytib yuraver” deb duo berganlar.
— To`ylarda Sherali Jo`raevning qo`shiqlarini aytib yurarmidingiz?
—Aytib yurmasdim-u, ammo xalq so`rardi...
— Suhbat uchun tashakkur. Sizdan faqat o`zingizning qo`shiqlaringizni kutib qolamiz.
Feruz MUHAMMAD suhbatlashdi