1

O`zbekiston va Turkiya prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi

Siyosat 23.05.2020, 21:38
O`zbekiston va Turkiya prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi

Bugun, 23 may kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, muloqot avvalida davlat rahbarlari qutlug` Ramazon hayiti munosabati bilan o`zaro tabrik almashdilar, bir-birlariga baxt-saodat va farovonlik tiladilar.

Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi masalalarga alohida to`xtaldilar. Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish borasida ikkala mamlakatda ko`rilayotgan qat`iy chora-tadbirlar, ushbu xavfli kasallikning salbiy oqibatlarini kamaytirish, aholiga manzilli yordam ko`rsatish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va biznesning rivojlanishiga ko`maklashish bo`yicha amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi dastur qo`llab-quvvatlandi.

Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidentiga pandemiyaga qarshi kurashda, shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa munosabati bilan ko`rsatilgan amaliy yordam uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O`zbekiston va Turkiya samarali mintaqaviy transport yo`laklarini rivojlantirish, jumladan, "Boku-Tbilisi-Kars" temir yo`lidan faol foydalanishdan, shuningdek, yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirishdan manfaatdor.

Suhbatda ko`p qirrali O`zbekiston-Turkiya munosabatlarini, avvalo savdo-iqtisodiy, investisiya va transport-kommunikasiya sohalarida kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan Strategik hamkorlik kengashining joriy yil boshida Anqara shahrida o`tgan birinchi yig`ilishi qarorlarini o`z vaqtida amalga oshirish muhim ekani ta`kidlandi.

Savdo ko`rsatkichlari dinamikasini saqlash hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida O`zbekiston va Turkiyaning etakchi kompaniya va banklari ishtirokidagi ustuvor investisiya loyihalarini ilgari surish bo`yicha birgalikdagi ishlarni, shu jumladan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Muloqot yakunida mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatning qator dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.

Suhbat har doimgidek ochiq, konstruktiv va do`stona ruhda o`tdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1