Samarqandda “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivali doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya bo`lib o`tdi, deya xabar beradi O`zA.
Unda O`zbekiston, AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Turkiya, Serbiya, Litva, Vengriya, Isroil, O`mon, Kuvayt, Misr, Eron, Ozarbayjon, Afg`oniston va boshqa mamlakatlardan san`atshunos va madaniyatshunoslar, tarixchi olimlar, xonanda va bastakorlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Har gal festival doirasida o`tkazilayotgan ilmiy anjumanlar jahon xalqlari musiqa san`ati tarixi, an`analari va o`ziga xosliklarini o`rganish hamda ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Sharq xalqlari musiqa madaniyatining mushtarakligi” mavzusiga bag`ishlangan bu galgi konferensiyada turli mamlakatlar musiqa san`ati rivojlanish bosqichlarini o`rganish, ulardagi o`xshash jihatlarni tahlil etish, shu orqali xalqlarning yaqinligi va do`stligini targ`ib qilish maqsad qilib qo`yilgan.
Xalqaro anjumanda Sharq musiqashunosligi va manbashunosligini, turli xalqlar musiqa madaniyati mushtarakligini o`rganish borasida san`atshunos olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar xususida so`z yuritildi. Bu borada olimlar o`rtasida o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Anjumanda qadimiy sivilizasiya markazlaridan biri bo`lgan O`zbekistonning Sharqda musiqa madaniyati rivojlanishi va yoyilishida alohida o`rin tutgani ta`kidlandi. Mamlakatimizda milliy musiqa san`atini rivojlantirish, mumtoz kuy-qo`shiqlarni asrab-avaylash, yosh avlodlarga bezavol etkazishga qaratilayotgan e`tibor samaralari qayd etildi.
Xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyada «Sharq xalqlari musiqa madaniyati an`analari va zamonaviylik», «Sharq xalqlari madaniyatida musiqa ijodiyotining umumiylik xususiyatlari», «Markaziy Osiyo musiqasining Evropada qabul qilinishi», «O`zbek mumtoz musiqasi», «Temuriylar davri cholg`usi – «shidirg`u»ga yangicha nazar», «Musiqiy O`zbekiston: yangi davr mohiyati» kabi mavzularda ma`ruzalar tinglandi.





