AsosiyJamiyat

“Sharq taronalari” festivalining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi

Samarqand shahrida 28 avgust kuni “Sharq taronalari” X xalqaro          musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi, deya xabar beradi O`zA.

Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand qo`shaloq bayram og`ushida. Mustaqilligimizning 24 yilligi va “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivaliga ko`rilgan tayyorgarlik shaharga yanada fayz va chiroy baxsh etgan. Keng va ozoda ko`chalar bo`yida rang-barang bayroqlar hilpiraydi. So`lim bog` va xiyobonlar tarovati kishiga xush kayfiyat bag`ishlaydi. Odamlar yuzidagi tabassum katta bayram yaqinlashayotganidan darak beradi. 

So`zda ta`riflab, qalamda tasvirlab bo`lmaydigan his-tuyg`ular musiqada o`z ifodasini topadi. Uni tushunish, ta`sirini sezish uchun tarjimon shart emas. Musiqa xalqlarni, turli millat va elatlarni bir-biriga tanitadi, yaqinlashtiradi.

Bugun Samarqandga kelgan kishi ana shunday bayramona, do`stona muhitning guvohi bo`ladi. Bu erda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o`ninchi bor o`tkazilmoqda.  Oltmish olti mamlakat san`atkorlari, minglab sayyohlar va muxlislarning bir-biriga shirinso`zligi, ochiqyuzligini ko`rib, davlatimiz rahbarining ilk festivalning ochilish marosimidagi quyidagi so`zlari yodga tushadi: “Ishonamanki, bu festival har bir odamni mehru shafqatli, mehru oqibatli bo`lishga da`vat etadi, er yuzida barqarorlik va ahillik tabiatini uyg`otadi. Ishonamanki, “Sharq taronalari” musiqa festivali xalqlarimiz madaniyatlarini o`zaro boyitadi, millatimiz va dinimizdan qat`i nazar, xalqlarimizni va insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi”.

Bu olijanob maqsadlar hayotda o`z ifodasini topmoqda. 1997 yildan buyon har ikki yilda o`tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali jahon ahlining o`zaro madaniy muloqotga bo`lgan hayotiy ehtiyojini ro`yobga chiqarishda beqiyos vosita bo`lib xizmat qilmoqda.

Samarqand, Registon maydoni. 28 avgust, soat 19.00. 

Muhtasham madrasalar gulgun shafaq fonida yanada go`zal va salobatli ko`rinadi. Betakror amfiteatr hosil qilgan bu obidalar anjumanga o`zgacha ruh, ulug`vorlik bag`ishlaydi. Moviy gumbazlar rang-barang chiroqlar yog`dusida jilolanadi. Maydon “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimiga yig`ilgan tomoshabinlar bilan to`lgan. Ular orasida anjuman qatnashchilari va  mehmonlari, san`at ixlosmandlari, musiqashunos olimlar, chet ellik va mahalliy jurnalistlar, sayyohlar bor.

Festival ishtirokchilari va tomoshabinlar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovni qarsaklar bilan kutib oladi.

Karnay-surnay, nog`ora sadolari yangraydi.

So`z O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga beriladi.

Davlatimiz rahbari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutlar ekan, mazkur anjumanning chuqur gumanistik ruhi va falsafasi, xalqlar o`rtasida do`stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy muloqotni rivojlantirish, mumtoz musiqa an`analarini asrab-avaylashdagi ahamiyati haqida to`xtaldi, festival ishiga muvaffaqiyat tiladi.

YuNESKO Bosh direktorining o`rinbosari Erik Falt Prezident Islom Karimov rahnamoligida O`zbekiston tarixiy va ma`naviy merosini saqlab, barcha sohalarda barqaror rivojlanib borayotganini alohida ta`kidladi. 

Xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag`ishlangan konsert boshlanadi. O`zbek mumtoz ashulalari dillarni rom etadi, jozibador raqslar ko`ngillarga zavq-shavq bag`ishlaydi.  Tomoshabinlar diltortar ashulalarga jo`r bo`lib, raqsga tushadi. O`zbek san`atkorlari ijrosida jahon klassik kompozitorlari asarlaridan namunalar yangraganda festival ishtirokchilariyu tomoshabinlar hayratga tushadi. Mamlakatimizda milliy san`at bilan bir qatorda jahon musiqa madaniyatining eng nodir namunalari ham sevib ijro etilishini namoyon etadi...

Yurtimizda musiqa san`ati qadimdan rivojlangan. Samarqand yaqinidagi Mo`minobod qishlog`idan suyakdan yasalgan 3 ming 300 yillik nay topilgani, ko`hna Afrosiyob devoriy suratlaridagi mug`anniy va sozandalar tasviri, ulug` allomalarimizning musiqaga oid falsafiy-estetik qarashlari azaldan xalqimizning musiqiy madaniyati yuksak bo`lganini ko`rsatadi.

Abu Nasr Forobiy “Musiqa haqida katta kitob” asarida tovushlarning vujudga kelishi, kuylar uyg`unligi, ritm o`lchovlari va turlarini sharhlab bergan. Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” kitobida yurak, asab kasalliklarini musiqa vositasida davolash yaxshi samara berishini ta`kidlagan. Komil Xorazmiy Xorazm notasini ixtiro qilib, “Rost” maqomining debochasini ushbu notaga tushirgan.

Amir Temur davrida ilm-fan va san`atning barcha sohalari qatori musiqa va qo`shiqchilik ham yuksak darajada rivojlangan. Samarqandda turli o`lkalardan kelgan sozanda va xonandalar jam bo`lgan. Musiqa kechalari o`tkazilib, har kim o`z rasmi bilan ashula aytgan.

Bugun ham mamlakatimizda o`z hofizi, o`z san`atkori bo`lmagan qishloq yoki mahallani topish qiyin. Har bir o`zbekning xonadonida dutor, doira kabi cholg`u asbobining bo`lishi ham xalqimizning san`atga ixlosidan dalolat beradi.

Istiqlol yillarida milliy musiqamizni chuqur o`rganish va rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Shashmaqom, Katta ashula, Askiya insoniyatning eng durdona kashfiyotlari sifatida YuNESKOning Jahon nomoddiy merosi ro`yxatiga kiritildi. O`zbekiston davlat konservatoriyasi, o`nlab teatr va madaniyat saroylari, san`at yo`nalishidagi kollej va liseylar barpo etildi.

Bolalar musiqa va san`at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo`yicha 2009-2014 yillarga mo`ljallangan Davlat dasturi doirasida 278 musiqa va san`at maktabi foydalanishga topshirildi. Ular 30 mingdan ortiq yangi musiqa asboblari, 61 ming nusxa o`quv qo`llanmalari, milliy va jahon musiqasi notalari bilan ta`minlandi.

“Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Nihol”, “Yurt kelajagi”, “Kamalak yulduzlari” kabi ko`rik-tanlovlar iste`dodli san`atkorlarni qo`llab-quvvatlash, yoshlar ma`naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

“Sharq taronalari” festivali mamlakatimizda madaniyat va san`atga qaratilayotgan alohida e`tiborning yuksak namunasidir.

Vatanimiz mustaqilligining 24 yillik bayrami arafasida o`tayotgan bu galgi festivalga Samarqandda katta tayyorgarlik ko`rildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Registon maydoni ta`mirlanib, atrofi obodonlashtirildi. Amfiteatr kengaytirilib, yoritish tizimi yangilandi. Ulug`bek, Sherdor, Tillakori madrasalari restavrasiya qilindi. Ko`ksaroy maydoni, Amir Temur, Ruhobod xiyobonlarida keng ko`lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, yangi favvoralar bunyod etildi.

– Samarqanddagi o`zgarishlardan juda xursandmiz. Bu erga butun dunyodan san`atkorlar kelibdi, – deydi mehnat faxriysi To`xta Xudoynazarov.  – Bunday katta tadbirlarni tashkil etishning o`zi bo`lmaydi. Buning uchun avvalo tinchlik-osoyishtalik, katta iqtisodiy imkoniyatlar kerak. O`zbekistonimiz ana shunday yutuqlarga erishayotgani uchun Yaratganga shukronalar aytamiz. Yurtimizga, tinch va farovon hayotimizga ko`z tegmasin!  

Festivalning nufuzi va qamrovi tobora ortib bormoqda. Ko`plab mamlakatlar, xalqaro madaniyat tashkilotlari, mashhur san`at namoyandalari unda qatnashish istagini bildirmoqda. 1997 yilda o`tkazilgan birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo`lsa, bu yilgi anjumanga 66 davlat san`atkorlari tashrif buyurdi. Festival YuNESKO shafeligida o`tkazilayotgani ham anjumanning yuksak maqom va nufuzini ko`rsatadi.  

...Marosim borgan sari qiziydi. Mumtoz ashulalar, folklor namunalari, zavqli raqslar dillarni jo`shtiradi. Sho`x kuy-qo`shiqlardan zavqlangan tomoshabinlar san`atkorlarga jo`r bo`ladi, raqsga tushadi.

– Dunyoning ko`p joylarida bo`lganman, lekin hech qaerda Samarqanddagidek boy taassurot olmaganman, – deydi ekvadorlik sozanda Geo Sakuillo. – Bu erda qandaydir sehr bor. Bu erda asrlar uchrashgan, sivilizasiya rivojining eng yaxshi jihatlari mujassam bo`lgan. Shaharning diqqatga sazovor joylarini aylanib oxiriga etolmayapmiz. Tarixni, O`zbekistonni o`zimiz uchun qayta kashf etyapmiz. Xalqingizning buyuk merosiga, tinch-xotirjam hayotiga havasimiz keldi.

Qadim Registon uzra porlagan rang-barang mushaklar Samarqand osmonidagi yulduzlar kabi butun borliqni munavvar etadi, ko`ngillarga surur bag`ishlaydi...

Ushbu festival jahon san`at ahlining o`zaro fikr va tajriba almashishi uchun yaxshi imkoniyat yaratmoqda, yangi nomlarni kashf etib, har tomonlama qo`llab-quvvatlamoqda. Mamlakatimiz san`ati va madaniyatini, shu bilan birga, zamonaviy taraqqiyoti va sayyohlik salohiyatini butun dunyoga namoyish etishda muhim omil bo`lmoqda. 

Anjuman qatnashchilari Registon maydonidagi asosiy sahnadan tashqari, Oqdaryo, Jomboy, Samarqand, Tayloq tumanlarida ham konsert dasturlarini namoyish etmoqda. Samarqand shahridagi istirohat bog`lari va xiyobonlar, teatrlar, mahalla guzarlari, bolalar musiqa va san`at maktablarida uchrashuvlar o`tkazilmoqda.

Festival ishtirokchilari va mehmonlari Samarqandning noyob tarixiy obidalarini ziyorat qilish, to`kin va farovon bozorlarimizni ko`rish, istiqlol yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari va mehmondo`st xalqimiz bilan tanishish imkoniyatiga ega bo`lmoqda.

         

    Boshqa yangiliklar