Prezident Islom Karimovning “Sharq taronalari” o`ninchi xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so`zi
Muhtaram festival ishtirokchilari!
Qadrli mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalambor, qariyb uch ming yillik tarix va madaniyatga ega bo`lgan, qadimiy va go`zal Samarqand shahrida, ne-ne buyuk voqealar guvohi bo`lmish mana shu muazzam va ulug`vor Registon maydonida siz, azizlarni – “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali qatnashchilarini chin qalbimdan muborakbod etishga, Samarqand ahli nomidan, butun xalqimiz nomidan “Xush kelibsiz O`zbekistonga, xush kelibsiz Samarqandga!” deb, qizg`in salom va ezgu tilaklarimizni etkazishga ijozat bergaysiz.
Festivalimizda ishtirok etayotgan faxriy mehmonlarimiz – YuNESKO Bosh direktorining o`rinbosari Erik Falt, Xalqaro folklor ijodiyoti tashkilotining Osiyo mintaqasi bo`yicha Bosh kotibi Mun Xyung Suk, Yaponiyaning “Min-on” musiqa uyushmasi prezidenti Xiroyasu Kobayashi janoblariga, bugungi marosimda hozir bo`lgan diplomatik korpus vakillariga samimiy ehtiromimni bildirishdan mamnunman.
Men uchun qadrdon bo`lgan Samarqand ahlini ko`rib turganimdan xursand bo`lganimni bildirib, siz, aziz hamshaharlarimga, barcha-barchangizga o`zimning farzandlik mehrim va hurmatimni yana bir bor izhor etaman.
Aziz musiqa ixlosmandlari!
Muhtaram do`stlar!
Musiqa san`ati insonni hamisha ezgulikka chorlaydigan, har qaysi odamning qalbidagi eng nozik, eng go`zal tuyg`ularni uyg`otadigan buyuk ilohiy kuch, desak, o`ylaymanki, hech kim bu fikrni inkor etolmaydi. Chindan ham, dunyodagi turli millat, til va e`tiqodga mansub odamlarni, elu elatlarni hech qanday tarjimonsiz bir-biriga bog`laydigan, mushtarak maqsadlar yo`lida birlashtiradigan musiqa san`ati kabi qudratli vositani topishning o`zi qiyin.
Biz bu yil “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining o`ninchi – o`ziga xos yubiley anjumanini o`tkazmoqdamiz. Festivalga asos solingan 1997 yildan buyon ishtirokchi mamlakatlar jo`g`rofiyasi kengayib, ularning soni ikki barobardan ziyod ko`payib, 31 tadan 66 taga etganining o`zi, o`ylaymanki, ko`p narsadan dalolat beradi.
Bu yilgi musiqa bayramimizga Osiyo va Afrika, Evropa va Amerika qit`alarida, Sharq va G`arb mintaqalarida joylashgan o`nlab davlatlardan noyob iste`dod sohiblari, mashhur ijodiy guruhlar tashrif buyurgani o`tgan qisqa davrda festivalimizning dovrug`i butun dunyoga tarannum etilib, uning obro`-e`tibori va nufuzi tobora ortib borayotganini ko`rsatadi.
Buning zamirida avvalo festivalning yuksak gumanistik g`oyalari mujassam bo`lib, “Samarqand ruhi va falsafasi” degan chuqur ma`noli ibora xalqlar o`rtasida do`stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga, madaniy muloqotni rivojlantirishga, mumtoz musiqa an`analarini asrab-avaylashga olib kelayotgani barchamizni quvontiradi, albatta.
Bunda avvalambor mana shu maydonda to`plangan sizlar kabi haqiqiy san`at ustalarining jonkuyarligi va fidoyiligi, xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda, YuNESKOning munosib hissasi, ushbu anjumanni jonu dili bilan qo`llab-quvvatlab kelayotgan xalqimizning katta xizmatlari borligini yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Hurmatli do`stlar!
Shu kunlarda buyuk Sharq timsoli bo`lgan ko`hna Samarqandning zamonlar ruhini o`zida mujassam etgan o`lmas obidalaridan, moviy gumbazlari va yuksak minoralaridan, mahobatli peshtoqlaridan go`yoki asrlar sadosi taralayotgandek, shu muqaddas zaminda yashab, ijod qilgan ulug` mutafakkirlar, alloma va san`atkorlarning ovozlari yangrab turgandek tuyuladi.
Biz uchun ko`hna tarixning o`chmas sahifalarini ochib beradigan, Rim kabi “abadiy shahar” degan yuksak e`tirofga sazovor bo`lgan ana shu shaharda sizlar bilan uchrashar ekanmiz, bugungi kunda turli muammo va ziddiyatlarga to`la zamon qanday tez o`zgarib, qanday shiddat bilan o`tib borayotganini chuqur his etamiz. Shu bilan birga, umrimizga ma`no-mazmun baxsh etadigan madaniyat va san`at olami bilan yaqindan oshno bo`lish, jahonda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, bu go`zal hayotni qadrlash, xalqlarimizning madaniy boyliklaridan bir-birimizni ko`proq bahramand etish zaruratini yanada teran anglaymiz. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Er yuzining sayqali” deb shuhrat qozongan ko`hna Samarqand mana shunday shukuhli ayyomda, ta`bir joiz bo`lsa, jahon musiqa san`atining sayqaliga, o`ziga xos betakror markaziga aylanib borayotgani barchamizni xursand qiladi.
Amerika Qo`shma Shtatlarida chop etiladigan nufuzli nashrlardan biri yaqinda Samarqand shahrini “Dunyoning albatta borib ko`rish kerak bo`lgan ellikta shahri” ro`yxatiga kiritdi. Bu xabar jahon ommaviy axborot vositalari orqali keng tarqaldi va o`ylaymanki, sizlar bundan xabardorsiz.
Bu qadimiy shaharning tarixi qanchalik buyuk va sharafli bo`lsa, uning bugungi hayoti, zamonaviy qiyofasi ham shunga uyg`un va hamohang ravishda har tomonlama obod va go`zal bo`lib bormoqda. O`ylaymanki, festival kunlarida sizlar shahrimizning qadimiy ziyoratgohlari, maydon va xiyobonlari, obod mahallalarida bo`lib, bu zaminning ko`pni ko`rgan, ko`ngli ochiq, mard va xushfe`l, o`z urf-odat va qadriyatlarini asrab-avaylab kelayotgan odamlari bilan suhbatlashib, bunga o`zingiz ishonch hosil qilasiz.
Samarqand xalqining mehmondo`stlik fazilatlaridan bahramand bo`lib, bu afsonaviy shaharga bir umr maftun bo`lib qolasiz, san`atni chin dildan sevadigan, uni yuksak qadrlaydigan el-yurtimiz vakillari bilan bo`ladigan samimiy suhbat va muloqotlar yangi asarlar uchun ilhom manbai bo`lib qoladi, desam, adashmagan bo`laman.
Biz sizlarni nafaqat muhtaram mehmonlarimiz, balki o`z xalqining qalbi va ruhini musiqa orqali ifoda etadigan, ularning ezgu orzu-istaklari va salomini etkazadigan tinchlik va do`stlik elchilari, o`zimizning eng yaqin va aziz do`stlarimiz sifatida qabul qilamiz va sharaflaymiz.
Sizlarning mana shu ulug`vor sahnada yangraydigan maftunkor kuy va qo`shiqlaringiz, dilbar taronalaringiz har birimizning yuragimizda, xayolimizda uzoq saqlanib qoladi. O`z qimmatli vaqtingizni ayamasdan, bizga mana shunday ajoyib san`at namunalarini, mana shunday quvonchli daqiqalarni baxsh etganingiz uchun barchangizga katta minnatdorchilik bildirish, o`zbekona rahmat aytish – men uchun katta sharaf. Doimo sog`-omon bo`ling, azizlarim!
Shu yuksak minbardan turib, barchangizga yana bir bor o`zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirib, sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, festival ishiga muvaffaqiyat tilayman.
E`tiboringiz uchun tashakkur.





