Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining videokonferensiya tarzidagi yig`ilishida “O`zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonuni loyihasining ikkinchi o`qishga tayyorlangan matni deputatlar e`tiroziga sabab bo`ldi. Bu haqda Partiya Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Shaharsozlik faoliyatida fuqarolar va jamoatchilikning ishtiroki masalasi etarlicha ochib berilmagan.
Oqibatda: aksariyat hududlardagi “qizil chiziq” masalasi ko`plab muammolarni keltirib chiqarayotgani, ushbu atama doirasida olib borilgan noqonuniy ishlar ko`plab fuqarolarning davlatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini tug`dirgani kabi holatlar kuzatilib turgan ayni kunlarda, bu holatning davom etishiga turtki bo`ladi.
Shaharsozlik faoliyati to`g`risidagi axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligi masalalari ham etarli darajada berilmagan. Sohaga oid elektron ma`lumotlar bazasini mavjud emasligi, ochiq axborot portalidan foydalanish va ma`lumotlarning shaffofligini ta`minlash masalalari loyihada echimini topmagan.
Oqibatda: sohaga korrupsiyaning aralashuviga yo`l ochishi mumkin.
Shaharsozlik hujjatiga kiritilayotgan o`zgartirishlarni jamoatchilik muhokamasidan o`tkazish masalasi, yoki muhokamadan o`tkazish zarurati bo`lmasa xujjatlarni ko`rib chiqmaslik holatlari ochib berilmagan.
Oqibatda: buyurtmachi tomonidan jamoatchilik manfaatiga zid ravishda turli ob`ektlarni qurishdan avval jamoatchilik tomonidan ilgari surilgan fikrlarni asoslantirmagan holda rad etish imkonini beradi. Shu bilan birga jamoatchilik sub`ektlarining xuquqlari cheklanishi olib kelishi mumkin.
Loyihada ekspertizadan o`tkazish muddati ko`rsatib o`tilmagan.
Oqibatda: ekspertiza jarayonini ixtiyoriy muddatga o`tkazish uchun sharoit yaratib berilishiga olib keladi. Natijada qurilish muddati cho`zilishi va korrupsiyaning kelib chiqishi zamin yaratiladi.
Aholi punktining bosh rejasini amalga oshirish muddati aniq belgilanmagan.
Oqibatda: rivojlanish bosqichlarini amalga oshirishda ziddiyatlarga olib keladi. Bu esa xududning rivojlanishi, investisiyalarni jalb etish, aholini ish bilan ta`minlashda turli muammolar yuzaga kelishiga sabab bo`ladi.
Deputatlar mavjud kamchiliklar bo`yicha “Adolat” SDP fraksiyaning takliflari qonun loyihasida o`z aksini topishi lozimligi ta`kidlandi.