Yaqinda Prezidentimiz Islom Karimovning shu nomli kitobi “O`zbekiston” nashriyoti tomonidan ko`p ming nusxada chop etildi.
Ushbu kitobdan davlatimiz rahbarining 20 dan ziyod uchrashuv va anjumanlarda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimidagi nutq va ma`ruzalarida, shuningdek, 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida bildirgan g`oya va fikr-mulohazalari o`rin olgan.
Kitobda mamlakatimizning mustaqillik yillarida bosib o`tgan tarixiy yo`li teran tahlil qilinib, bu hayotiy savollarga chuqur va haqqoniy javoblar berilgani nashrning qimmatini yanada oshiradi.
Albatta, bu kitobning har sahifasi, har bir satrini qayta-qayta o`qib chiqish foydadan xoli bo`lmaydi. Biz ushbu asardan olingan ayrim iqtiboslarnigina e`tiboringizga havola etamiz.
KIM EDIK?..
“SSSRni yoqlab chiqayotganlarning birorta gapiga ishonib bo`lmaydi”
“Ilgari ham, hozir ham SSSRni yoqlab chiqayotganlarning birorta gapiga ishonib bo`lmaydi...U paytlar shunday vaziyatlar ham bo`lardiki, bir marta to`yib ovqatlanishning o`zi baxt hisoblanardi. Men yoshligimda bularning barchasini boshimdan o`tkazganman. Hatto, shunday bo`lganki, maktabda bir necha bor dars payti ochlikdan holsizlanib uxlab qolganman. Bunday holatlar o`sha zamonlarni ko`rgan odamlarning ko`pchiligiga begona bo`lmasa kerak. Men aniq bilaman, sizlar ham yoshligingizda ayni shunday qiyinchiliklarni boshingizdan o`tkazgansiz. Ya`ni hammamizning taqdirimiz o`xshash bo`lgan. O`sha davrlarda ertalab och-nahor turib, darsga chopardik, kuch-quvvat ham shunga yarasha bo`lardi.”
“Yigirma millionlik xalqni boqish eng katta muammoga aylangan edi”
“Xalqimizda “Etti o`lchab, bir kes” degan naql bor. Agarki 90-yillarda biz ham shoshma-shosharlik bilan ish tutganimizda hozir nima bo`lardi? Holbuki, o`sha vaqtlarda bor-yo`g`i bir hafta-o`n kunlik unimiz qolgan edi. Yigirma millionlik xalqni boqish eng katta muammoga aylangan edi. Agar o`sha paytda biz ham kimlarningdir soxta va`dalariga uchib, er osti va er usti boyliklarimizni garovga qo`yib, qarz ko`taraverganimizda bugun holimiz ne kechardi?
Havoyi gaplar bilan “Biz mustaqil bo`ldik”, deb ko`kragini kerib, iqtisodiy jihatdan mustaqil bo`lish uchun harakat qilish o`rniga boshqa davlatlarning pinjiga kirgan ba`zi mamlakatlar bugun qanday ahvolga tushib qolganini o`zingiz ko`ryapsiz.”
“Ommaviy qatag`onning bir ko`rinishi”
“Sobiq SSSR davrida O`zbekistonga nisbatan Markaz tomonidan olib borilgan zo`ravonlik siyosati, xalqimizni kamsitish, uning ehtiyojlarini mensimaslik, yurtimizda paxta yakkahokimligi avjiga chiqib, iqtisodiy holatimiz va hayotimiz jar yoqasiga kelib qolgani, norozilik lovullab yonib ketadigan darajada keskinlashib borgani hech kimga sir emas.”
“Biz “paxta ishi” deganda, uning mudhish oqibatlari haqida gapirganda, avvalo, ana shunday ming-minglab oddiy, begunoh odamlarni, ularning boshiga tushgan fojialarni tushunamiz va sun`iy ravishda o`ylab topilgan bu kampaniyani xalqimizga yurtimizga nisbatan olib borilgan ommaviy qatag`onning bir ko`rinishi deb baholaymiz.”
“O`ta qaltis vaziyatda menga Qashqadaryoni boshqarish vazifasi topshirildi. Aslida meni bu vazifaga yuborishdan maqsad boshqacha bo`lgan. Ya`ni bu odam ishni eplolmaydi, baribir bu og`ir viloyatni boshqarish, vaziyatni o`nglashga uning kuchi etmaydi. Shundan keyin uning o`zini aybdor qilib, ishdan olamiz, kerak bo`lsa, Sibirga jo`natamiz, degan yovuz niyat bo`lgan.”
“Bugungi yoshlarga bu kinodek tuyuladi”
“Men 1989 yil 23 iyunda O`zbekiston rahbari bo`lib saylangan bo`lsam, 25 iyunda Farg`onaga kelganimni yaxshi eslayman. Obkom binosiga kiraverishda qarasam, 3 ta harbiy desantchi turibdi. Ularni ko`rgan odam qo`rqadi. Farg`ona ko`chalarida patrullar yurganini gapirsam, bugungi yoshlarga bu balki kinodek tuyuladi. Lekin bularning hammasi haqiqat.
Keyin Qo`qonga o`tdim. Yo`lda raykomga kirsam, uning binosi bo`m-bo`sh, hech kim yo`q. Mas`ul odamlarni zo`rg`a izlab topdik. Nima bo`lyapti, deb savol bersak, hammasi jim. Bironta odam o`sha paytda nima bo`layotganini tushuntirib berolmadi. Hammada tushkunlik, qo`rquv, xavotir.” “Iyul oyiga qadar Farg`ona viloyati aholisining hayot darajasini oshirish, mehnatga yaroqli aholining bandligini ta`minlash bo`yicha maxsus dastur ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich amalga oshirildi”
“Imperiya hamisha zulmga asoslanadi”
“Tarix haqiqati shuki, imperiya degan tuzum hech qachon ko`p yashamaydi. Nega deganda, imperiya hamisha zulmga asoslanadi.”
1991 yil 18 avgust kuni o`zini Davlat favqulodda holat qo`mitasi - GKChP deb atagan bir guruh siyosiy avantyuristlar davlat to`ntarishini amalga oshirishga urindi. Ularning asosiy maqsadi – eski, mustabid, tugab borayotgan sovet tuzumini aslo o`zgartirmasdan saqlab qolish edi...
“...GKChP e`lon qilinganini Agrada eshitib, 19 avgust kuni zudlik bilan Toshkentga qaytdim. Meni rasmiy kishilardan tashqari Turkiston harbiy okrugi bosh qo`mondoni hamda markazdan kelgan uch nafar general kutib oldi. Qarasam, barchasining qovoqlari uyulgan, vajohati odamni seskantiradi. Men aeroportdan to`g`ri hukumat binosiga kelib, kechqurun hukumat a`zolari bilan uchrashdim va O`zbekiston SSR hududida GKChPning qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko`rsatma berdim...”
“...21 avgust kuni maxsus farmonga imzo chekdim. Unga binoan endi O`zbekiston hududida hokimiyat va boshqaruv idoralari, korxonalar, tashkilot va muassasalarning qabul qilgan barcha qarorlari va ularning ijrosi O`zbekiston SSR konstitusiyasiga va qonunlariga, O`zbekiston SSR Prezidentining farmonlari va O`zbekiston SSR Oliy Kengashi bilan O`zbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi qaror va farmoyishlariga so`zsiz mos kelishi shartligi belgilandi hamda GKChPning SSSR konstitusiyasi va qonunlariga zid keladigan qonunlari hamda farmonlari haqiqiy emas, deb hisoblandi...”
KIM BO`LDIK?..
“Bu yo`ldan hech qachon qaytmayman”
“Men o`sha paytdayoq, O`zbekiston o`z yo`lini qat`iy tanlab olgan, endi hech kim hech qachon bizni bu yo`ldan qaytara olmaydi, deb aytganman va hozir ham shu prinsip asosida ishlab kelmoqdaman.”
“Biz eski tuzumni tiklashga qaratilgan hech qanday ittifoqqa hech qachon kirmaymiz, mustabid sovet davriga aslo qaytmaymiz. Shaxsan men butun hayotimni, butun umrimni xalqimizning ozodligiga, Vatanimiz mustaqilligiga bag`ishladim va bu yo`ldan hech qachon qaytmayman.”
“Yomonlikni ko`rmagan odam yaxshilikning qadrini bilmaydi”
“...Yurtimizda vaziyat jar yoqasiga kelib qolgan, odamlarning sabr kosasi to`lgan, ularning turmush sharoiti juda og`ir edi. Buni yashash darajasi bo`yicha O`zbekiston o`n beshta respublika ichida eng pastki o`rinlarga tushib qolgani, uch-to`rttalab oila kattalakdek hovlilarda tiqilib yashagani, ishsizlik, onalar va bolalar o`limi keskin oshib ketgani ham tasdiqlaydi.”
“O`zimning hayot tajribamdan kelib chiqib aytamanki, bu dunyoda yomonlikni ko`rmagan odam yaxshilikning qadrini bilmaydi. Qiynalmagan odam haqiqiy baxt nima ekanini to`liq anglab etmaydi.”
“Hayotda maqsadga erishish hech qachon oson bo`lmagan. Ey, bizga shu bo`laveradi, degan fikr bilan yashaydigan odam, bilib qo`yinglar, hammamizning dushmanimizdir.”
“Bizning eng katta boyligimiz – bu yoshlarimizdir”
“Biz alamzada emasmiz, kechagi hayotdan norozi bo`lib, kimgadir qandaydir talab qo`yishdan yiroqmiz. Kimlardir bir vaqtlar yurtimizdan ulkan boyliklarni olib ketgan bo`lsa, mayli, boylik topiladi. Ammo shuni bilib qo`yinglar, bizning eng katta boyligimiz – bu xalqimiz, yoshlarimizdir”.
“Mustaqillik – tog`dek tayanchimiz, qudratli zaminimizdir”
“Yangi hayot, yangi jamiyat qurish yo`lida biz ilgari hech qachon duch kelmagan, tajribamizda uchramagan o`ta og`ir va mashaqqatli yo`lni bosib o`tishimizga to`g`ri keldi.
Hech shubhasiz, bu borada qanday muammo va sinovlarni, qiyinchilik va to`siqlarni engishga to`g`ri kelgan bo`lmasin, qanday suronli va to`fonli kunlarni boshimizdan kechirgan bo`lmaylik, xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlagan va dadil qadamlar bilan borayotgan yo`limizdan, o`z oldimizga qo`ygan buyuk maqsadlarimizdan qaytmaymiz, desam, o`ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo`shilasiz”.
“Kimki mustaqillik yillarida O`zbekiston qo`lga kiritgan muvaffaqiyatlarni ko`rmoqchi bo`lsa, avvalo odamlarning, xalqimizning yuziga, ko`ziga qarasin. Maktab, lisey va kollejlarda ta`lim tarbiya olayotgan bolalarning chehrasiga boqsin.”
“Yurtimizda tug`ilgan, endi 5 yoshga to`lgan bolalar ham “Men - O`zbekiston fuqarosiman!” deb faxrlanib, g`ururlanib gapiradi.”
“O`zimiz istagan zamon uchun kurashish lozim”
“Men yoshlarimizga qarab aytmoqchiman: agarki qachon biz xohlagan zamon kelsa, ana o`shanda murodimizga etamiz, degan fikr bilan bemalol yuradigan bo`lsak, bilib qo`yinglar, bunday zamon hech qachon o`z-o`zidan kelmaydi. O`zimiz istagan zamon uchun kurashish, kerak bo`lsa, o`zimizni, butun borlig`imizni berishimiz lozim. Shunday intilish bilan yashasak, nafaqat o`z hayotimiz, balki kelajak avlodlarimiz hayotini, ularning ertangi yorug` kunini o`zimiz, o`z qo`limiz bilan barpo etgan bo`lamiz.”
“Aziz otajonim, mehribon onaginam...”
“Biz, odatda, ona tuprog`imizda mangu orom topgan ota-bobolarimizning qabri oldiga borib, ularning ruhiga tilovat qilamiz, ular bilan ruhan suhbat quramiz, ulardan xuddiki maslahat olgandek bo`lamiz...”
...Aziz otajonim, mehribon onaginam, sizlar uchun armon bo`lib qolgan baxtli hayot mana, bizga nasib etdi, sizlar ezilgan, tahqirlangan zamonlar endi ortda qoldi. Ozod va obod yurtimizning bugungi rivoji, farzand va nabiralaringizning yorug` va baxtli hayotining guvohi bo`lib, aziz ruhingiz shod bo`layotganiga ishonchim komil.”





