Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali bu yil o`ninchi bor o`tkazildi, deya xabar beradi O`zA.
Qariyb bir hafta davomida muazzam Registon maydonida, “Mo``jiza” va “Nihol” amfiteatrlari, “Yoshlik”, “So`g`diyona”, “Shabboda” istirohat bog`lari, Samarqand, Oqdaryo, Jomboy va Tayloq tumanlarida yangragan kuy-qo`shiqlar muxlislar qalbidan chuqur joy oldi.
Dovrug`i allaqachon olamga yoyilib ulgurgan, san`at olamida yuksak mavqega ega ushbu nufuzli anjumanning aynan Samarqand shahrida o`tkazilishi bejiz emas. Zero, Samarqand azal-azaldan madaniyat va san`at beshiklaridan biri bo`lib kelgan. Bunday boy va bebaho merosga ega bo`lgan shaharlar dunyoda kam. Eng muhimi, Samarqand ana shunday yuksak sivilizasiya namunalari, nodir tarixiy yodgorlik va obidalarni zamonlar osha asrab kelayotgani bilan o`ziga tengdosh boshqa shaharlardan ajralib turadi.
Musiqiy forum doirasida mehmonlar Samarqand shahridagi muzeylar, hunarmandlik markazlari va mehmonxonalarda festival tarixiga oid suratlar, milliy hunarmandlik namunalari va cholg`u asboblari ko`rgazmalarini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Noyob me`moriy yodgorliklar, betakror tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar ziyorati, istiqlol yillarida bunyod etilgan zamonaviy inshootlar ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Festivalda ko`plab nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san`at namoyandalari ishtirok etdi. Qatnashchilar anjuman doirasida o`tkazilgan ilmiy konferensiya, turli madaniy tadbir va badiiy kechalar, uchrashuv va muloqotlarda, joylarda tashkil etilgan Mustaqillik bayramiga bag`ishlangan tantanalarda qatnashdi. Ular bir-birlari bilan fikr va tajriba almashib, ijodiy hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`ydi.