AsosiyJamiyat

Mamlakatimizdagi barcha ta`lim maskanlarida birinchi qo`ng`iroq sadolari yangradi

Mamlakatimizdagi barcha ta`lim maskanlarida 2 sentyabr kuni birinchi qo`ng`iroq sadolari yangrab, Mustaqillik darslari bo`lib o`tdi.

Birgina 2015 yilgi investisiya dasturiga muvofiq 384 maktabda qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Shundan 29 bilim maskani yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan bo`lsa, qolgan maktablarda rekonstruksiya va kapital ta`mirlash ishlari olib borildi. Ushbu ezgu maqsadlarga jami 341,8 milliard so`m mablag` sarflandi.

Davlatimiz rahbarining “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq o`g`il-qizlarga bilim maskaniga ilk bor qadam qo`ygandanoq xorijiy tillar o`qitilmoqda. Joriy o`quv yilida birinchi sinfga qabul qilinadigan o`quvchilar uchun jami 641,3 ming nusxa chet tili darsligi, ikkinchi sinflarga 591,9 ming darslik va mashq daftari, uchinchi sinflar uchun 593 ming darslik va mashq daftari, o`qituvchilar uchun 62,6 ming nusxa metodik qo`llanma va multimedia ilovalari chop etilib, maktablarga etkazildi. Bu ertamiz egalarining xorijiy tillarni o`rganishga bo`lgan qiziqishini yanada kuchaytirib, puxta bilim olishiga zamin yaratadi.

Istiqlol yillarida 1500 dan ortiq kollej va liseylar barpo etildi. Shaharu chekka qishloqlarda qad rostlagan ana shunday ta`lim dargohlarida bugun yoshlarimiz zamonaviy bilimlarni o`zlashtirish, kasb-hunarga ega bo`lish bilan birga, kompyuter va axborot texnologiyalarini, xorijiy tillarni ham puxta o`rganmoqda.

Davlatimiz rahbarining qarori bilan tasdiqlangan 2011-2016 yillarga mo`ljallangan oliy ta`lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizasiya qilish va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash dasturi mamlakatimiz ta`lim tizimini yanada rivojlantirishning muhim omili bo`lib xizmat qilmoqda. Dasturga muvofiq oliy o`quv yurtlari binolari yangidan qurilmoqda yoki rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlanmoqda.

Ziyo maskanlarida kelajagimiz vorislarining ongu qalbi ezgu axloqiy fazilatlar, Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga sadoqat, milliy urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat kabi insoniy tuyg`ular bilan boyitilmoqda.

Yangi o`quv yilining birinchi kuni mamlakatimizdagi barcha ta`lim maskanlarida Mustaqillik darslari o`tkazilib, endigina maktab ostonasini hatlagan jajji kichkintoylardan tortib talabalik atalmish oltin davrga qadam qo`ygan yoshlarning ma`naviy tarbiyasiga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Mustaqillik darslari samaradorligini ta`minlash maqsadida o`n mingdan ortiq malakali professor-o`qituvchi, taniqli olimlar, soha mutaxassislari jalb qilindi. Ushbu darslarda Mustaqillik atalmish buyuk ne`mat xalqimiz uchun milliy davlatchiligimizni, o`zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni tiklash, urf-odat va an`analarimizni, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug`lash, sog`lom va barkamol yangi avlodni shakllantirish bo`yicha ilgari tasavvur ham qilib bo`lmaydigan beqiyos imkoniyatlar ochib berganini yosh avlod shuuriga ta`sirchan uslub va shakllarda etkazish, ularning qadr-qimmatini chuqur anglatishga alohida e`tibor qaratildi.

“Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O`zbekistonim!” shiori ostida “Biz kecha kim edigu bugun kim bo`ldik?” mavzusida o`tkazilgan darslarda o`quvchilarga istiqlol yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlarning mohiyati, ular tufayli iqtisodiyotimiz salohiyati va qudrati kun sayin yuksalib borayotgani, erishilgan yutuq va marralarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan keng e`tirof etilayotgani, yurtimizdagi tinch-osuda hayot, jamiyatimizdagi o`zaro hurmat, mehr-oqibat va bag`rikenglik muhitining barqarorligi aniq misollar bilan batafsil tushuntirildi.

Joriy yilda mamlakatimizdagi umumta`lim maktablarining birinchi sinfiga 631 mingdan ziyod o`g`il-qiz qabul qilindi. O`quv yilining dastlabki kunida ularga an`anaga ko`ra 12 nomdagi o`quv anjomi, darsliklar hamda o`quvchi sumkasidan iborat Prezidentimiz sovg`alari tantanali topshirildi.

    Boshqa yangiliklar