AsosiyJamiyat

Qarshi tumanidagi 6 million dollarlik loyiha nega amalga oshmadi?

'Qarshi tumanidagi 6 million dollarlik loyiha nega amalga oshmadi?'ning rasmi

Yodingizda bo`lsa, 2019 yilning 24 yanvar kuni Qarshi tumanidagi Chaman mahallasida O`zbekiston-Janubiy Koreya hamkorligidagi "CENTURY-JV" qo`shma korxonasining tamal toshi qo`yilgan, mazkur korxonada import o`rnini bosadigan 20 turdagi maishiy texnika vositalari ishlab chiqarilishi aytilgan edi.

Mas`ullar janubiy koreyalik ishbilarmonlar bilan birgalikda xalqimiz ehtiyoji uchun mo`ljallangan isitish va sovutish, maishiy texnika vositalari ishlab chiqarishni maqsad qilishgani, korxona binosini biz qursak, koreys do`stlarimiz jihozlash ishlarini bajarishi, birgina isitish uskunalarining 10 dan ortiq xili ishlab chiqarilishi ko`zda tutilayotganini ma`lum qilishgandi.

Qolaversa, loyihada korxonadan tashqari Janubiy Koreya andazasi asosida 50 o`rinli mehmonxona, zamonaviy savdo markazi, o`quv markazi hamda 150 o`rinli bolalar bog`chasi ham qurish ko`zda tutilgan bo`lib, loyiha qiymati 6 million dollar, shundan 5 million dollari to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyani tashkil etardi.

Hazilakam loyiha bo`lmagani uchun korxonaning tamal toshi qo`yilishi tantanali ravishda o`tkazilib, viloyatning kazo-kazolari tashrif buyurgan, koreys ishbilarmonlariga to`nlar yopilib, do`ppilar kiydirilib, belbog`lar bog`lanib, suratlarga tushilgan, lentalar kesilgandi.

Qolaversa, ushbu korxonaning 6 oy ichida foydalanishga topshirilishi haqidagi va`da kishilarda ko`p umidlarga asos bergani ham bor gap. Chunki buning ortidan kamida 100 ta yangi ish o`rni, keng mahsulotlar assortimenti yaralardi.

Mana, oradan oz emas, ko`p emas, naq bir yarim yil vaqt o`tdi. Xo`sh, nima o`zgardi? Korxona qanday ishlayapti?

Eng qizig`i, o`shanda korxona 6 oyda foydalanishga topshiriladi, deyilgani bilan qurilish ishlari negadir yarim yil o`tgachgina boshlandi. U ham 2 oylar davom etdi. Shu bilan esa to`xtab qoldi... Va hozir ham o`sha holicha yotibdi...

Tabiiy ravishda savol tug`iladi-da, axir   boshdagi va`dalar o`zgacha edi-ku. Niyatlar ulkan,  rejalar rang-barang emasmidi?

Qani koreys do`stlarimiz? Ular qaerga va nimaga ketib qolishdi?

Ulkan loyiha nega amalga oshmadi? Bunga mahalliy mas`ullar sababchimi yo koreyaliklarga biror narsa ma`qul kelmadimi?

O`zi umuman nega ana shunday faqat poydevori tashlanib, amalda hech o`zgarish yuz bermayotgan loyihalar soni ko`payib bormoqda? Tagi puch loyihalardan kimga nima naf?

Xo`sh, korxona o`rni shu turishda qolaveradimi? Koreyaliklar qachon kelarkin, deb kutib o`tiraveramizmi?

    Boshqa yangiliklar