O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 2-3 sentyabr kunlari tashrif bilan Pekin shahrida bo`ldi.
Davlatimiz rahbari 3 sentyabr kuni Pekin shahrida Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G`alabaning 70 yilligiga bag`ishlab o`tkazilgan tantanali marosimlarda ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.
Davlatimiz rahbarining Pekinda o`tkazilgan tantanali marosimlarda ishtirok etishi mamlakatimizning dunyoda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga intilishi, shu bilan birga, O`zbekiston va Xitoy xalqlari o`rtasidagi do`stlik va hamkorlikning yorqin ifodasi bo`ldi.
Tashrif asnosida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi.
O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib bormoqda. Siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, moliya, qurilish, ilm-fan, ta`lim, madaniyat sohalaridagi keng ko`lamli hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Xitoy O`zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan biridir. O`zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o`sib borayotir. Xususan, 2014 yilda bu ko`rsatkich 4,7 milliard AQSh dollariga etgan. Joriy yilning birinchi yarmida o`zaro savdo aylanmasi 11,7 foiz o`sgan.
Mamlakatimizda xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 582 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning saksondan ziyodi to`laligicha Xitoy investisiyalari hisobiga tashkil etilgan. Yurtimizda Xitoyning etmishdan ortiq kompaniyasi o`z vakolatxonasini ochgan.
2013 yilda tashkil etilgan O`zbekiston – Xitoy yuqori texnologiyalar sanoat parki – “Jizzax” maxsus industrial zonasida mobil telefonlar, tikuv mashinalari, qurilish materiallari, quyosh kollektorlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning China Railway Tunnel Group kompaniyasi hamkorligida qurilayotgan Angren – Pop temir yo`li O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasida eng qisqa temir yo`l tarmog`ining ahamiyat jihatidan muhim bo`g`iniga aylanadi. Bu mamlakatlarimiz o`rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikning yanada kengayishiga xizmat qiladi.
Xitoy Milliy neft-gaz korporasiyasi (CNPC) mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va qazish ishlarida faol ishtirok etmoqda. O`rta Osiyo – Xitoy gaz quvuri quvvatlarini oshirish, Xitoyga uzluksiz tabiiy gaz etkazib berishni ta`minlash, Muborak gaz-kimyo majmuasida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo`yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.
“PoliTeknoloji” kompaniyasi bilan hamkorlikda Angrenda avtomobil va qishloq xo`jaligi texnikasi uchun shinalar hamda konveyer lentasi ishlab chiqarish yo`lga qo`yilmoqda.
“O`zbekiston – Xitoy” hamda “Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari” do`stlik jamiyatlari o`zaro aloqalarni mustahkamlashda muhim omil bo`lmoqda.
Fan-texnika muassasalari o`rtasida ilmiy hamkorlik, oliy o`quv yurtlari orasida talabalar almashuvi kengaymoqda. Xitoyda o`zbek tili, O`zbekistonda xitoy tili o`rgatilmoqda. Mamlakatlarimizda o`zaro madaniy muloqotni mustahkamlashga qaratilgan kino kunlari, badiiy ko`rgazmalar, festivallar o`tkazilmoqda.
Pekinda o`tgan oliy darajadagi muloqot chog`ida tomonlar o`zaro hamkorlikning bugungi holati, uni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar, o`zlarini qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida 3 sentyabr kuni XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan bilan uchrashdi.
Suhbat chog`ida Prezident Islom Karimovning ushbu tashrifi mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o`zaro strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Shu bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi nihoyasiga etdi. Davlatimiz rahbarining Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirgani xayrli qadam, Xitoy rahbariyati bilan samarali muzokaralari xalqlarimiz manfaatlari yo`lidagi muhim amaliy tadbir bo`ldi.





