AsosiyJamiyat

Mamlakatimizning bosh maydoni 24 yoshda

Prezidentimiz Islom Karimov farmoniga binoan 1991 yil 5 sentyabrda mamlakatimizning bosh maydoniga Mustaqillik maydoni nomi berilgan, deb yozadi O`zA.

Er sharida alohida ajralib turgan O`zbekiston xaritasi, farzandiga mehr-la termulgan baxtiyor ona siymosi, parvozga shaylangan turnalar... Mustaqillik maydonida qad rostlagan bu ramzlarda Vatan, istiqlol, milliy g`urur, tinchlik-totuvlik, ona mehri, barqarorlik, obodlik, buyuk kelajak nafasi bor. 

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari samarasida Toshkentning qiyofasi tubdan o`zgardi. Milliy me`morlik va zamonaviy arxitektura an`analarini o`zida mujassam etgan muazzam maydonlar, so`lim bog`lar, keng va ravon yo`llar, mahobatli ko`priklar, ko`rkam uy-joylar, ijtimoiy ob`ektlar shahar ko`rkiga ko`rk bag`ishladi. 

Davlatimiz rahbari g`oyasi va rahnamoligida Mustaqillik maydonida ulkan qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilib, u yaxlit me`moriy ansambl, noyob majmua ko`rinishini oldi. Bu erda olib borilgan bunyodkorlik ishlari bosh maydonimizning nafaqat manzarasini, balki mazmun-mohiyatini ham tubdan o`zgartirib yubordi. 

Bir vaqtlar asosan beton bilan qoplangan maydon bugun dilga orom bag`ishlovchi fusunkorlik kasb etgan. Kashtan, qarag`ay, archa, eman, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar, turli buta va gullarni ko`rib, yayraysiz. 

Mustaqillik maydoniga Ezgulik arkasi orqali kirib boriladi. Arka tepasidagi parvozga shaylanayotgan turnalar xalqimizning o`z buyuk orzu-maqsadlarini ro`yobga chiqarish yo`lidagi yuksak intilishlari timsollaridir. 

Muazzam maydonga qadam qo`yar ekanmiz, ajib sokinlikni, uning zamirida mujassam bo`lgan mamlakatimizdagi osoyishtalikni teran his etamiz. Shu bilan birga, bugungi tinch-osuda hayot, musaffo osmon, to`kinlik va farovonlikka qanday og`ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishganimiz xayoldan o`tadi. Tilimiz, dinimizning g`arib ahvoli, ulug` ajdodlarimizning muqaddas xoklariga e`tiborsizlik, milliy g`ururimiz, insonlik sha`nimiz, urf-odatlarimizni mensimaslik... Qalbimizga alam va azob solgan o`sha mash`um xotiralar har birimizni mustaqillik atalmish eng ulug`, eng aziz ne`matning, bugungi dorilomon kunlarning qadriga etishga chorlaydi. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2005 yilning 28 dekabrida Mustaqillik monumenti oldida Baxtiyor ona siymosi ifoda etilgan muazzam haykal qad rostladi. Bugungi tinch, osuda hayotimiz, porloq kelajakka bo`lgan mustahkam ishonchimiz aks etgan, farzandini bag`riga bosib, unga termulib turgan baxtiyor ona siymosida har birimiz o`z onamizni, beg`ubor bolaligimizni, barkamol avlodimizni ko`rgandek bo`lamiz. Mazkur majmua erkin demokratik davlat, inson huquqlari va manfaatlari barcha narsadan ustun turadigan fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan mamlakatimizda ayol zotiga bo`lgan cheksiz hurmat-ehtirom ifodasidir. 
Maydonning ko`rkiga ko`rk qo`shib turgan obidadagi zarhal Er shari ramzida alohida ajralib turgan O`zbekiston xaritasini ko`rgan yurtdoshlarimiz shuurida cheksiz g`urur-iftixor tuyg`ulari jo`sh uradi. Ushbu tasvir Vatanimiz dunyo ichra yagonaligi, uning jahon ayvonida o`z o`rni, obro`si borligi va shuhrati tobora yuksalib borayotgani ifodasidir. 
Xalqimizning orzu-intilishlarini teran ifoda etgan, yoshlarimizning ma`naviy olamini ezgu g`oyalar asosida shakllantirish va kamol toptirishga xizmat qilayotgan mazkur majmuaga Yurtboshimiz taklifiga binoan Mustaqillik va ezgulik monumenti, deb nom berilgan. 
Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug`. Bosh maydonimizning ajralmas qismiga aylangan Xotira maydoni bugungi dorilomon kunlarimiz uchun jon fido qilgan vatandoshlarimizga yuksak ehtirom ifodasidir. Xiyobon markazidagi mangu alanga, Motamsaro ona haykali, Ikkinchi jahon urushida halok bo`lgan o`zbekistonlik jangchilarning ism-familiyasi bitilgan ayvonlar tokchalariga o`rnatilgan metall taxtalar yurtimizda inson oliy qadriyat, xotirasi muqaddas ekanidan so`zlab, har birimizni yurtimizda hukm surayotgan, eng katta boyligimiz bo`lgan tinchlik-osoyishtalik, mehr-oqibat, o`zaro hurmat, millatlararo totuvlikni ko`z qorachig`idek asrashga chorlaydi. 
Bugun Vatanimizning bosh maydoni yurtdoshlarimiz uchun sevimli sayilgoh, tabarruk ziyoratgoh va yuksak ma`naviyat maskanidir. Umumxalq bayramlari va tantanali marosimlarda, sportchilarimizni xalqaro musobaqalarga kuzatish paytida Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qo`yish yaxshi an`anaga aylangan. Yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy mamlakatlar rahbarlari, turli darajadagi delegasiyalar vakillari ham davlatimizga bo`lgan hurmatini ushbu Monument poyiga gulchambar qo`yish orqali ifoda etmoqda. 
 

 

    Boshqa yangiliklar