“Yashil” hududlarda ichki turizmga ruxsat berish zarur". Prezident ichki turizmni tiklash borasidagi rejalar bilan tanishtirildi

Siyosat 27.05.2020, 23:16
“Yashil” hududlarda ichki turizmga ruxsat berish zarur". Prezident ichki turizmni tiklash borasidagi rejalar bilan tanishtirildi

Prezident Shavkat Mirziyoev 27 may kuni turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lumki, joriy yil 16 martdan mamlakatimiz tashqi va ichki turistlar uchun yopilgan edi. Oqibatda 1,5 mingdan ortiq turoperator, 1,2 mingta mehmonxona o`z faoliyatini to`xtatdi. Bu gidlar, milliy hunarmandchilik, ziyoratgoh va sihatgohlar, umumiy ovqatlanish, transport va boshqalar bilan qo`shib hisoblaganda 250 mingdan ortiq aholi daromadiga jiddiy ta`sir qildi.

Pandemiyaning oqibatlarini yumshatish maqsadida bu sohaga ham  qator engilliklar berildi. Jumladan, 1 ming 750 ta sub`ektga mol-mulk, er va ijtimoiy soliqlardan 60 milliard so`mga yaqin imtiyoz taqdim etildi. Lekin bu imtiyoz va preferensiyalar vaqtinchalik. Doimiy barqaror rivojlanish uchun esa pandemiya sharoitida ishlashga o`rganish zarur.

Shu bois bu boradagi xorijiy tajriba o`rganildi. Xususan, “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” (“O`zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) brendi ostida turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbariga ushbu loyiha taqdimot qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda ichki turizmni tiklash va rivojlantirish borasidagi rejalar bilan tanishildi. 

Prezidentimiz birinchi bosqichda “yashil” hududlar o`rtasida ichki turizmga ruxsat berish zarurligini ta`kidladi. Tog`li joylar va ko`l bo`ylarida engil konstruksiyali dam olish maskanlarini tashkil etish bo`yicha ko`rsatma berildi. Hokimlar bilan birgalikda ko`chma dam olish maskanlari dislokasiyasi tasdiqlanib, elektron portalga joylashtiriladi.

Ikkinchi bosqichda koronavirus kasalligi jilovlangan davlatlar ro`yxatini shakllantirib, ular bilan turizm aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash kerakligi ta`kidlandi.

Turizm faoliyatini qayta tiklash uchun, eng avvalo, mehmonxonalar qanday ishlaydi, turistlar aeroportda qanday qabul qilinadi, ularning mamlakat ichida harakatlanishi qanday tashkil etiladi, degan savollarga aniq javob bo`lishi kerak. Belgilanadigan me`yorlar sodda, lekin kasallikning oldini olish uchun etarli bo`lishi lozim. Misol uchun, bitta holat aniqlansa, butun mehmonxonani karantinga olishga zarurat bo`lmaydigan tizim ishlab chiqish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Turizm yo`nalishida tadbirkorlar ko`rgan zararni yaqin 1-2 yil ichida to`liq qoplash qiyin. Shu bois Prezidentimiz bu sohaga qo`shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish lozimligini ta`kidladi.

Xususan, turistik yig`imlardan ozod qilish bo`yicha avval berilgan imtiyoz yil yakuniga qadar uzaytiriladi. Shuningdek, soha korxonalari foyda solig`ini hisoblashda 2020-2021 yildagi ko`rgan zararlarini keyingi yillar foydasidan chegirib tashlashga ruxsat beriladi.

Mehmonxonalarga ko`rsatgan xizmatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, ularga aylanma mablag` uchun kredit foiz to`lovlarining 10 foizigacha bo`lgan qismiga subsidiya beriladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1