«Haj-2015» dasturiga asosan joriy yilning 3 sentyabridan boshlab O`zbekiston Milliy aviakompaniyasining zamonaviy Boeing-767 avialaynerlari Saudiya Arabistonining Madina shahriga charter qatnovlarini boshladi, deya xabar beradi aviakompaniya axborot xizmati.
Ziyoratchilarning 80-90 foizini asosan keksa yoshdagilar tashkil etganligi bois, ularga alohida e`tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda, boshqa odatiy qatnovlardan farqli ravishda, ziyoratchilarga samolyotga chiqish uchun teleskopik trap, alohida ro`yxatga olish ustunlari va maxsus yo`lakchalar ajratilgan. Ziyoratchilar uchun sahn taomnomasi ro`yxatidan halol go`sht mahsulotlari, issiq va yaxna taomlar, quritilgan meva, salat va shirinliklar o`rin olgan.
Haj amalini ado etish uchun Milliy aviatashuvchi xizmatidan 5190 nafar yo`lovchi foydalanadi. Jami 24 qatnov bajarilishi ko`zlangan bo`lib, shulardan ettitasi «Toshkent», qolganlari «Namangan», «Urganch» hamda «Samarqand» aeroportlaridan to`g`ridan-to`g`ri Madina shahriga amalga oshiriladi.
Dasturga asosan aviakompaniyaning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan ziyoratchilarni belgilangan manzilga bexatar eltib qo`yishdan tashіari ortga olib kelish ishlari ham e`tiborga olingan. Jumladan, ziyoratchilar qaytishi oldidan MAK mutaxassislaridan tuzilgan ishchi guruhi Saudiya Arabistoniga yuboriladi. Mazkur guruhning vazifasi yo`lovchilarga ziyorat davomida yuqori darajada xizmat ko`rsatishdan iborat.
Ziyoratchilarni ko`zlangan manzilga olib borish 3-14 sentyabrgacha, ularni yurtimizga qaytishi esa, 27 sentyabrdan 8 oktyabrga qadar amalga oshiriladi.





