“So`nggi paytlarda mobil aloqa operatorlari abonentlariga Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan turli yuqumli kasalliklardan saqlanish haqida SMS-ogohlantirishlar kelyapti. Bunga sabab nima?”
E.Umarov, Toshkent sh.
Ogoh bo`ling!
“Sizni it, mushuk yoki boshqa hayvon tishlasa, so`lagi tegsa, tirnab olsa, darhol emlanish uchun tibbiyot muassasiga murojaat qiling!”
Mazkur savolga javob olish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Respublika DSENM o`ta xavfli yuqumli kasalliklar bo`limi boshlig`i, tibbiyot fanlari nomzodi Husan SAPAROVga murojaat qildik:
Quturish yuqumli kasalliklar orasida o`ta xavflilari sirasiga kiritilgan. Quturish kasalligini nerv to`qimasiga tanlab ta`sir qiladigan neyrotrop virus qo`zg`atadi. Respublikamizda odamlar uchun quturish kasalligining asosiy manbai 90-95 foiz holatda itlar hisoblanadi. Quturish kasalligi odamga asosan quturgan hayvonlarning tishlashi, tirnashi oqibatida, hayvon so`lagi orqali yuqadi.
Yashirin davri qancha?
Odam organizmiga quturish virusi tushishi bilan kasallik birdaniga boshlanmaydi, dastlab virus nervlar atrofida bo`ladigan perinevral suyuqlik oqimi bilan orqa va bosh miyaga etib boradi hamda miya to`qimasida ko`paya boshlaydi. Bu jarayon belgilarsiz kechadi va u kasallikning yashirin davri deyiladi. Bu davr 1 xaftadan 1 yilgacha, ba`zida undan ko`prok ham davom etishi mumkin. Kasallikning o`rtacha yashirin davri 1-3 oyni tashkil etadi.
Bu aniq!!!
• Har yili dunyo bo`yicha 1 mln.ga yaqin hayvon va 50 mingdan ortiq odam quturish kasalligiga chalinadi.
• O`zbekistonda har yili o`rtacha 50 - 55 ming odam hayvonlar tishlashidan jabrlanib, quturishga qarshi emlanadi. O`rtacha 30 - 40 bosh hayvon, 5 - 10 nafar odam quturish kasalligiga chalinadi.
Quturish kasalligi uch davrga bo`linadi:
Kasallikning boshlang`ich davri 1-3 kun davom etadi. Tishlangan joy o`rni qichiydi, tortishib og`riydi, bitgan jaroxat va chandiq takroran yallig`lanishi mumkin. Bemor tushkunlikka tushadi, odamlar bilan muloqotdan qochadi, uykusi buziladi, ishtaxasi bo`g`iladi, unda qo`rquv xissi paydo bo`ladi, kayfiyati o`zgarib turadi, atrofga loqayd bo`ladi.
Kasallik boshlanganidan 2-3 kun o`tgach, bemorda qo`zg`alish davri boshlanadi.
Bemorning tana harorati ko`tariladi, qon tomirlarining urishi tezlashadi, suvni ko`rganda, xattoki suv to`g`risida eshitganda ham yutish muskullari tortishib, qisqarib, qattiq og`riydi, yutinishi qiyinlashadi, ya`ni bemorda suvdan qo`rqish (gidrofobiya) alomati paydo bo`ladi. Shundan keyin, bemorda bu alomatga havodan qo`rqish (aerofobiya) alomati ham qo`shiladi. Havoni harakati yoki bemorni biror bir narsa bilan elpiganda (sochiq, qog`oz va h.k.), bemor bo`g`iladi, talvasaga tushadi. Xuruj yorug`likdan (fotofobiya), baland ovoz va shovqindan ham (akustofobiya) vujudga keladi.
Muskullarni tortishishi nafas va yutish muskullaridan boshlanib, keyinchalik xamma muskullarga tarqaladi. Bemorning tana harorati 38°S gacha ko`tariladi, ovozi bo`g`iladi, badani terlaydi, so`lagi oqadi, xiqichok tutadi, ko`z qorachig`i kengayadi, oyoq-qo`llari og`riydi. Ko`zlari bir narsadan qo`rqqandek ko`rinadi. Tomirning tez-tez urishi, aritmiya kuzatiladi, bemorning nafas olishi yuzaki va tartibsiz bo`ladi, vaqti-vaqti bilan bemor chuqur nafas oladi.
Bemor o`z atrofidagilarni urishi, tishlashi, o`zini kiyimlarini yirtishi mumkin. Bemordagi bezovtalik kuchayib, g`ayritabiiy kuch paydo bo`ladi. Moskvadagi Paster stansiyalaridan birida quturishga chalingan bemor qo`zg`algan paytda karavotini sindirganligi va isitish batareyasini qo`porib tashlaganligi kuzatilgan. Keyinchalik, bemorning ko`ziga yo`k narsalar ko`rinadi (gallyusinasiya), u alaxsiraydi. Qo`zg`alish davri odatda 2-3 kundan 5-6 kungacha davom etadi. Bemordagi yorkin gidrofobiya, aerofobiya, fotofobiya, akustofobiya alomatlari boshqa kasalliklarda uchramaydi va bu alomatlar muxim diagaostik ahamiyatga egadir.
Kasallikning uchinchi, ya`ni falaj davrida suvdan, havodan, yorug`likdan va shovqindan qo`rqish alomatlari ancha kamayib, bemor tinchlanadi, suyuklik icha boshlaydi, ovqatlangisi keladi. Lekin tana harorati yuqoriligicha qoladi, bemor so`zlarni aniq va tiniq ayta olmaydi. Shundan keyin, oyoqlar falaji boshlanadi (paraplegiya). Oradan 15-20 soat vaqt o`tgach, tananing boshqa muskullari ham falaj bo`la boshlaydi. Bemordan ko`p so`lak oqishi davom etadi, tana harorati yana ko`tariladi (40-42°S). Shu holatlar davom etib, bemor yurak-tomir faoliyati etishmovchiligi yoki nafas markazining falaji oqibatida vafot etadi.
Fakt
Bugungi kunda quturish kasalligi 100 foiz o`lim bilan tugaydi, bu kasallikda o`lim muqarrar.
Saqlanish uchun nima qilish kerak?
Xo`sh, fuqarolarimiz bu bedavo, o`ta xavfli yuqumli kasallikdan saqlanish uchun nimalarga e`tibor berishlari kerak?
- Qarovsiz, daydi itlarni paydo bo`lishiga yo`l qo`ymaslik
- Egali itlarni hududiy veterinariya xizmati idorasiga o`z vaqtida hisobga qo`yib, quturishga qarshi emlatish
- It saqlash qoidalariga qat`iyan amal qilish
- It va boshqa hayvonlar tishlashidan saqlanish
- Bordi-yu, biror bir hayvon tishlasa, unda zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat etish.
Biz birinchi navbatda bu kasallikni hayvonlar, ayniqsa odamlar uchun asosiy kasallik manbai hisoblangan itlar o`rtasida qayd etilishining oldini olishimiz kerak.
Quturish kasalligining oldini olish borasida barcha manfaatdor idoralar, shuningdek keng jamoatchilik, qolaversa har bir fuqaro profilaktik chora – tadbirlarga befarq bo`lmasdan, o`z vaqtida va samarali o`tkazilishini ta`minlagan taqdirdagina, ko`zlagan maqsadga, ya`ni quturish kasalligi bo`yicha epizootik va epidemik barqarorlikka erishish mumkin.
Ehtiyot bo`ling, kana!
Kana chaqishi insonda gemorragik isitma kasalligini keltirib chiqaradi. Kasallikni qon tomirlariga tanlab ta`sir qiladigan virus qo`zg`atadi. Gemorragik isitma kasalligi tabiiy sharoitda chorva mollarida uchraydigan kanalarning chaqishi oqibatida odam va hayvonlarga yuqadi. Hayvonlar gemorragik isitma kasalligiga chalinmaydi, lekin ular shu virus saqlaydigan manbalarga aylanadi.
QANDAY YuQADI?
Gemorragik isitma kasalligi asosan tabiiy sharoitda, chorva mollarida uchraydigan va gemorragik isitma virusi bilan zararlangan iksod kanalarining chaqishi oqibatida odamga yuqadi.
Kana qoni jarahotlangan teri va shilliq qavatlarga tekganida, shuningdek kanani qo`li bilan ezib o`ldirganda, qo`y junini qirqish paytida kanalarni kesganda ham yuqadi.
BELGILARI QANDAY?
Gemorragik isitma kasalligining yashirin davri o`rtacha 2 – 6 kun davom etadi.
Kasallikning gemorragik belgilar bilan kechadigan shaklida kasallik o`tkir boshlanib, tana harorati ko`tariladi (39 – 40 darajaga), bemor sovuq qotib qaltiraydi, yuz, bo`yin ko`krak qismi terilari qizaradi, in`eksiya joylarida ko`karishlar paydo bo`ladi, mushaklarda, belda og`riq kuzatiladi, badanda toshma toshadi, shundan so`ng burundan, milklardan, oshqozondan, ichaklardan, bachadondan qon ketishi kuzatiladi.
Oqibati ayanchli!
Gemorragik isitmaning gemorragik belgilar bilan kechadigan shakli og`ir kechadi va ba`zi bemorlarda organlardan qon ketishi natijasida o`lim holatlari ham kuzatilishi mumkin. Bemor qanchalik erta aniqlanib, shifoxonaga yotqizilsa, davolash ishlari shunchalik yaxshi samara beradi.
Saqlanish uchun nimalar qilish kerak?
- Cho`l hududlarida dam olish uchun tanlangan joy mol boqiladigan yaylovdan kamida 2 – 3 km masofada bo`lishi kerak. Bordi – yu dam olish hududida kanalar borligi aniqlansa, unda darhol dam olish joyini o`zgartirishi kerak.
- Kana chaqishidan ehtiyot qilish maqsadida teri yuzalari imkon qadar kiyimlar bilan bekitilishi, shimni poychalari maxkam bog`lanishi kerak.
- Cho`l hududlaridan, bozorlardan chorva mollarini kanaga qarshi ishlov bermasdan, uyiga olib kelmaslik lozim.
- Mollardagi kanani qo`llar bilan terib olmaslik, qo`l bilan ezib o`ldirmaslik, agar mollarda kana aniqlansa, darhol veterinariya xodimlariga murojaat qilib, ularning tavsiyasi asosida mollarni, molxonalarni, qo``ra – qo`tonlarni kanaga qarshi ishlov berish kerak.
- Qirqimga jalb etilgan shaxslarga maxsus himoya kiyimlaridan (rezina qo`lqop, eng, poychalari mustahkam bog`lanadigan shim, kamzul, rezina etik) foydalanish va shaxsiy gigiena qoidalariga puxta amal qilish tavsiya etiladi.
- Bordi – yu tananing biror qismida kana yopishganligi aniqlansa, uni himoyasiz qo`l bilan olib tashlamaslik kerak.
Kana yopishib olsa...
Kana yopishgan odam yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi kerak, agar buni imkoni bo`lmasa, unda badanga yopishgan kanani uy sharoitida ham olish mumkin. Buning uchun qo`llarga tibbiy rezina qo`lqop kiyib, badanga yopishgan kana ustiga 2 – 3 tomchi o`simlik yog`i tomizib, 15 daqiqadan so`ng, penset yoki oddiy ip bilan olib tashlash mumkin. Olingan kanani biror bir shisha idishga solinib, keyin yoqib tashlash zarur. Kana olingan joyga 70 darajali etil spirt bilan ishlov berish kerak.
Laylo RUSTAMOVA tayyorladi





