Qanchadan qancha etuk aktyorlarni etishtirgan, ularni xalqqa sevimli qilgan maskan — O`zbek Milliy akademik drama teatri bir asrlik “umr”ini yashab, ikkinchi asrga qadam bosdi. Shu munosabat bilan mazkur teatr jamoasi 101-mavsum ochilishini katta tantana qildi…
Shu kuni otaxon teatr eshiklarini katta ochib, ma`naviy ozuqa olish istagida bo`lgan tomoshabinlarni musiqa sadolari ostida kutib oldi. Ostona hatlab ichkariga odimlar ekansiz, yangitdan bezatilgan zal ko`zingizni quvnatadi. Devorga osilgan rasmlarga razm solgan yoshi katta muxlislar, beixtiyor yoshligini yodga soladigan sevimli aktyorlarini xotirlaydi. Yosh tomoshabinlar uchun esa teatr tarixini o`rganish uchun qulay imkoniyat. Axir ular shunchaki surat emas, balki teatrga tamal toshini qo`ygan, sahnaning changini yutib, roliga yuragining bir parchasini jo qilgan afsonlardan so`zlaydi.
Bejiz “teatr — tirik “organizm”, deyishmaydi. U erda soxtalik, yolg`on yo`q. Shu ma`noda ibratxonaga tashrif buyurganlar yosh va allaqachon tirik afsonaga aylanishga ulgurgan teatr jamoasi bilan yaqindan muloqotda bo`ldi, rasmga tushishdi, dillashishdi. Bunday imkoniyatdan muxlislar unumli foydalanishning uddasidan chiqishdi.
Tashrif buyurganlar tomosha zalidan qo`nim topishgach, “Teatr bu...” nomli qo`shiq sadosi ostida teatrning 101 yillik tarixidan darak beruvchi video namoyish etildi. So`ng sahnaga eltuvchi ikkita yo`lakdan teatr aktyorlari birin-ketin sahna tomon yo`nalishdi. O`zbek Milliy akademik drama teatrining jamoasi nomidan so`zga chiqqan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Fathulla Mas`udov mavsumni ochiq deya e`lon qildi.
101-mavsumni Abdulla Qodiriyning “O`tkan kunlar” asari asosida Erkin Xushvaqtov insinirovkasi bilan Marat Azimov sahnalashtirgan spektakl ochib berdi..
“Zamon qahramonlarini gavdalantiramiz!”
Erkin KOMILOV, O`zbekiston xalq artisti: — 101 yil — aytishga oson. Lekin mana shu yillar o`z ichiga necha-necha buyuk aktyorlar bedor o`tkazgan tunlarning, mashaqqatli kunlarning zahmatini qamrab olgan. Mukofot sifatida esa millionlab muxlislarning tili va dilidan joy olishgan.
Sira yodimdan chiqmaydi, muhtaram Prezidentimiz Buxoro teatrining ochilishida “Zamon qahramonlarini ko`raylik!” degandilar. Shu maskanda ijod qilib o`tgan ustozlarimiz, tomoshabinlar oldida katta qarzimiz borligini yaxshi anglaymiz.
Tibbiyot, fan, adabiyot, sanoat, qishloq xo`jaligi - umuman barcha jabhalarda zamon qahramoni bor. Ularning siymosini yaratish ham qarz, ham farzimiz. Mavsum ochilishi ayyomida biz aktyorlar zamon qahramonlarini sahnada gavdalantirishga so`z beramiz. Istagimiz, tomoshabinlarimiz teatrimizga tez-tez tashrif buyurishsin.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.