AsosiyDunyo

Dengiz sohilidaga murg`ak jasadlar

Ularning bedor  ruhi dunyo ahlidan javob kutmoqda

         U urush olovi gurillab yonayotgan bir mamlakatda ko`z ochdi. Uning murg`ak ongi dunyo va undagi taloto`plarni anglay oladigan darajaga etmagandi. Yon-atrofida ro`y berayogna nohaqliklar, xunrezliklar, qirg`inbarotning ham farqiga bormasdi. Uning ota-onasi qarg`ishga qolgan bu mamlakatda u va o`zidan ikki yoshgina katta akasining bir hovuchgina qornini to`yg`azish-u, daydi o`qlar va xoin portlashlardan himoyalash uchun jonlaridan kechishga ham hozir edilar. Afsus...

Dunyoni yig`latgan suvrat

         O`tgan haftada dunyoning eng yirik gazetalari, internet nashrlari Bodrum sohiliga O`rtaer dengizi to`lqinlari  uloqtirib tashlagan go`dakning pajmurda gavdasi aks etgan suratni chop etdi. Mana o`sha suvrat.

foto

 Hali dunyo neligini bilmay, dunyoparast kuchlarning razil maqsadlari begunoh qurboniga aylangan bu jonsiz norasidani ko`rib har qanday tosh qalblar ham titilib ketmaydimi?

         Bolalar uxlagan paytdagina jim bo`lishadi. Qaniydi, bu bola ham hozir uxlab yotganida edi... Birozdan so`ng uyg`onib, beg`ubor sho`xliklari bilan dunyoni boshiga ko`targanida edi. Yo`q, u jim yotgani yo`q. Uning jonsiz jasadi ustida charx urayotgan bedor ruhi “mening gunohim nima? Mening yashashga, ulg`ayishga, hayotdan bahra olishga haqqim yo`qmidi? Bu bema`ni urushlaring, qirg`inlaring qachon tugaydi?” deya faryod urmoqda.

Tongdagi mudhish manzara        

Suriyada 2011 yilning mart oyidan beri davom etayotgan urush eng kamida 200 ming kishining umriga zomin bo`ldi. 22 millionlik mamlakat aholisining 8 millioni tug`ilib o`sgan joylarini tashlab ketishga, ayrimlari o`zga mamlakatlarga qochishga majbur bo`ldi.

Bugungi kunda suriyalik qochoqlar masalasi dunyo hamjamiyati qarshisidagi eng og`riqli muammolardan biri bo`lib qolayotir. Ayni paytda deyarli har kuni  dengiz orqali qayiqlarda Evropa tomon, tinch va osoyishta hayot sari oshiqayotgan qochoqlar fojiasi haqidagi noxush xabarlar tarqatilmoqda.

1 sentyabr kuni O`rtaer dengizi sohilidagi  sayyohlik markazlaridan biri – Bodrum shahri sohillari yaqinida suriyalik qochoqlarni olib kelayotgan shishirma  qayiqlarning suvga g`arq bo`lishi oqibatida 12 kishi cho`kib ketdi. Sohildagi xavfsizlik kuchlari faqat besh kishining hayotini asrab qolishga muvaffaq bo`ldi xolos.

Ko`p o`tmay, yana bir fojia haqida xabar yoyildi. Bu gal olti kishilik plastik qayiq ag`darilib ketdi. Qayiqdagi yo`lovchilardan bir ayol va uch go`dakning hayotini asrab qolishning iloji bo`lmadi. Ertasi kuni tonggi soat oltilarda sohilda to`lqinlar keltirib tashlagan jasadlarni Alixoja-Burni plyaji xodimlari ko`rib qolishdi va polisiyaga xabar berishdi.

“Endi Evropasini nima qilaman?”

         Surishtiruvlar natijasida  suvga cho`kkan ayol asli Suriyaning Kobani tumanidan bo`lgan Rayhon Kurdiy, bolalardan ikki nafari esa, uning o`g`illari 3 yoshli Aylan va 5 yoshli G`olib ekani ma`lum bo`ldi. Yana bir go`dakning shaxsi hali aniqlanmagan.

         Fojiadan tirik qolgan, shifoxonada hushiga kelgan  oila boshlig`i 35 yoshli Abdulloh Kurdiyning bu fojiadan qay ahvolga tushganini tasavvur qilish oson bo`lmasa kerak. Uning aytishicha, Kobanida  ayni chog`da  qirg`inbarot avjiga mingan. Loaqal ikki farzandining kelajagi uchun muhojirlikni ixtiyor etgan er-xotin dastlab Bodrumga kelishgan. U erdan Gresiyaga qarashli Kos oroliga, keyin esa, biror bir Evropa o`lkasiga o`tib ketishni niyat qilishgandi.

         “Endi yolg`iz o`zim Evropada nima qilaman? Faqat oilam, bolalarimning baxti uchun shu xavfli safarga otlangandim. Endi qanday bo`lmasin, ayolim va bolalarimning jasadini o`z vatanimga olib ketaman. Ularni tuproqqa berib, o`sha erda yashayveraman, peshonamda borini ko`raman” – deyd Abdullo Kurdiy jurnalistlarga bergan intervyusida.

Ogohlikka da`vat

         Dunyoning o`nlab yirik nashrlari qirg`oqda beozorgina yotgan murg`ak gavdaning tasvirini chop etarkan, yana bir bor jahon hamjamiyatini ogohlikka, qochoqlar muammosiga jiddiyroq yondashishga chaqirdi.

         BMTning Qochoqlar ishlari bo`yicha kormissariyati ma`lumotlariga ko`ra, yil boshidan beri dengiz orqali Gresiyaga o`tgan qochoqlarning umumiy soni 150 ming kishini tashkil etadi. Qochoqlar oqimi hali-hanuz iqtisodiy inqiroz girdobidan chiqolmay turgan Gresiya hukumati uchun “dard ustiga chipqon” bo`layotir. Qochoqlarning katta qismi esa, Gresiya orqali Germaniya, Avstriya va Skandinaviya mamlakatlariga o`tish harakatida.

         Ayni paytda Evropa hamjamiyati qochoqlarni joylashtirish borasida aniq bir to`xtamga kela olmayapti. Kim bilsin, maqsadsiz qirg`inlar, g`ayriinsoniy uqubatlar, oxiri ko`rinmaydigan majlislar bitgunicha, yana qancha aylanlar, g`oliblarning savil joni kerak bo`larkin...

Darvoqe...

         O`tgan haftada mamlakatimiz bilim dargohlarida yangi o`quv yili boshlandi. Yuz minglab bolalarimiz ilk bor maktab ostonasiga qadam qo`yib, Prezidentimiz sovg`alariga sazovor bo`ldi. Bolajonlarimizning quvonchini so`z bilan ta`riflash qiyin.

Dunyodagi barcha go`daklar ham bizning bolalarimiz singari beg`am, betashvish, baxtiyor bo`lishsa edi…

Rustam Jabborov

 

    Boshqa yangiliklar