AsosiyShou-biznes

“Ummon” guruhidagi Jasur Gulistonga kuyov bo`ldi

Sentyabr-oktyabr oylari respublikamizda to`y mavsumi. Aslida yurtimizning qaysi bir go`shasiga bormang to`y ustidan chiqishingiz aniq. 6 sentyabr kuni “Ummon” guruhi xonandasi Jasur Rapikovning xonadonida ham karnay-surnay navolari yangradi.

Jasur va Gulnozaxonlarning visol oqshomi poytaxtimizdagi “Versal” restoranida bo`lib o`tdi. Restoran kiraverishga qizil gilam to`shalgan, atrof odamlar bilan gavjum. Bu holat jahon miqiyosida o`tadigan festivallarni eslatib yubordi. Ikki yosh to`yxonaga “Afruz” guruhining “Kelibdi” nomli qo`shig`i bilan kirib kelishdi.

To`yda mehmon san`atkorlar ro`yxatini “Nihol” mukofoti sovrindori Manzura boshlab berdi. Xonanda so`zga chiqar ekan Jasurni juda hurmat qilishi, uning insoniyligi va odamgarchiligi haqida juda uzoq gapirdi.

To`yda shou biznesimizning juda ko`p taniqli vakillari, aktyorlar, xonandalarga ko`zimiz tushdi. Xususan, Shahzoda, Oybek va Nigora, Doston Ubaydullaev, Jahongir Poziljonov, Muqaddas Sa`dullaeva, Sardor Isroilov, Dilshodbek Kattabekov, Botir Yaminov, Tohir Usmonov, Asqar Hikmatovlar birinchilardan bo`lib tashrif buyurishgan bo`lsa, Munisa Rizaeva, Shohruxxon, Alisher Fayz, Farrux Komilovlar biroz kechikib kelishdi. Kuyovbola xonanda Shohruxxon va “Afruz” guruhining qo`shiqlariga mazza qilib raqsga tushdi.

Shu kuni davrani olib borish vazifasi radioboshlovchi Akmal Mirzo va aktrisa Shahzoda Muhammedovaga topshirilgan bo`lsa-da, Muhammedova shu kuni ko`proq suratga tushish bilan ovora bo`ldi desak mubolag`a bo`lmas. Kelin va kuyov uchun mashhurlarning video tabriklarini yig`ish esa aktyor Sherzod BINga yuklatilgandi.

Kelin Gulnozaxon gulistonlik bo`lib, Jasur bilan tanishishganiga besh yil bo`lgan. Mehr va muhabbat, ota-onalarining oq fotihasiyu yaqinlar guvohligida tuzilgan yangi oilaga mustahkam sog`liq, baxt va omad tilab qolamiz. Kelajakda mustaqil O`zbekistonning nomini dunyoga yoyadigan, el yurt xizmatiga kamarbasta farzandlarning ota-onasi bo`lishlariga tilakdoshmiz.

Qamariddin ShAYXOV tayyorladi

 

    Boshqa yangiliklar