AsosiyJamiyat

Eski pasportning 100 kunlik umri qoldi yangisini olishga ulgurdingizmi?

Mamlakatimizda xalqaro standartlarga javob beradigan biometrik pasport tizimiga 2015 yil oxirigacha to`liq o`tish belgilanganligidan xabaringiz bor. Fursatning qisqarib borayotgani esa aholini xavotirga solib,  turli savollarni keltirib chiqarmoqda. Ana shularni inobatga olgan holda O`zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi mutaxassislaridan mushtariylarni qiziqtirgan savollarga  javob oldik.

BIOMETRIK PASPORT OLISh TARTIBI QANDAY?

– Fuqarolar biometrik pasport olish uchun o`zlari doimiy yashab kelayotgan joydagi biometrik ma`lumotlarni yig`ish punktlariga, ya`ni ichki ishlar organlarining xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`linmalariga murojaat qilishlari mumkin. Ular buning uchun quyidagi hujjatlarni topshiradilar:

  • Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan maxsus shakldagi anketa-ariza;
  • Amaldagi pasporti yoki birinchi marta pasport olayotganlar uchun tug`ilganligi haqida guvohnoma;
  • davlat boji to`langanligi haqidagi kvitansiya;

Pasport egasining familiyasi, ismi, otasining ismi, millati, tug`ilgan sanasi o`zgarganligi yoki yozuvlarda noaniqliklar mavjudligi aniqlanganligi munosabati bilan almashtirilayotganida, fuqaro ma`lumotlarni yig`ish punktiga ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.

Biometrik ma`lumotlarni yig`ish punkti operatori fuqarolarning biografik va biometrik ma`lumotlarini kompyuter umumiy to`plamiga kiritadi, bunda fuqaroning barmoq izlari olinadi va raqamli fotosuratga tushiriladi. Ushbu ma`lumotlar asosida elektron talabnoma tayyorlanib, maxsus elektron tarmoq orqali O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga yuboriladi. Bu erda elektron talabnomalar asosida hujjatlar personallashtiriladi, ya`ni biografik ma`lumotlar pasportni vizual tekshirish zonasiga, biografik va biometrik axborot esa chipga kiritiladi. Ta`kidlash kerakki, biometrik pasportlar eng zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tayyorlanadi va barcha xalqaro standartlarga to`liq javob beradi.

Tayyor biometrik hujjatlar hududiy biometrik ma`lumotlarni yig`ish punktlariga maxsus pochta vositalari orqali etkaziladi. Hujjat faqat verifikasiya jarayoni, ya`ni egasining biometrik parametrlari hujjatga tushirilgan ma`lumotlarga mosligi tizimda tekshirilgandan so`nggina egasiga topshiriladi.

QANDAY HOLLARDA JARIMA UNDIRILADI?

 — Fuqarolar pasportlarining amal qilish muddati tugashidan avval doimiy ro`yxat manzillari bo`yicha ichki ishlar idorasiga murojaat etadilar va yangi pasport olish uchun tegishli hujjatlarni topshirib navbatga turadilar. Hujjat topshirilgan kundan boshlab navbat kelgunga qadar amal qilish muddati tugagan pasportlar uchun jarima undirilmaydi. Fuqarolarning e`tiborsizliklari natijasida amal qilish muddati tugagach yangi pasport olish yuzasidan murojaat qilingan hollarda fuqarolardan tegishli jarima miqdorlari undiriladi. O`zbekiston Respublikasida pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorlari O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 223-moddasi asosida belgilanadi.

KIMLAR IMTIYoZGA EGA?

— Xorijga chiqish-kirish, fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari bo`yicha Biometrik ma`lumotlarni yig`ish pukntlariga qabul ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, birinchi guruh nogironlari hamda homilador ayollarga (homiladorlik darajasiga qarab) nisbatan navbatsiz amalga oshiriladi.

DAVLAT BOJI HAQIDA QISQAChA

— Biometrik pasport olish uchun to`lanadigan davlat bojlari respublika miqyosida amaldagi eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida belgilangan.

2015 yilning 1 sentyabridan boshlab O`zbekiston Respublikasi hududidagi eng kam:

ish haqi — oyiga 130 240 so`m qilib belgilangan.

YoDDA TUTING

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 5 yanvarda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoniga asosan O`zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi pasporti 2015 yil 31 dekabrgacha haqiqiyligi belgilab qo`yilgan.

 Sevara Nishonova tayyorladi

 

    Boshqa yangiliklar