Virusli va bakterial infeksiyalarning oldini olish bugungi kunda dunyo miqyosida dolzarb muammolardan biridir. OIV infeksiyasi, V, S gepatiti va boshqa virusli infeksiyalar inson salomatligiga jiddiy xavf solayotgan xastaliklar sirasiga kiradi. Masalan, ayni paytda dunyo bo`yicha 150 millionga yaqin kishi surunkali S gepatitini yuqtirgan. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, har yili ushbu kasallikka chalinish bilan bog`liq 4 million holat qayd etilmoqda.
Inson salomatligi uchun xavfli bo`lgan mazkur infeksiyalar asosan qon orqali yuqadi. Tibbiy asbob-uskunalarning yaxshi sterilizasiya qilinmasligi va tekshirilmagan dori-darmonlardan foydalanish kasallikni yuqtirishning keng tarqalgan yo`lidir. Jumladan, surunkali S gepatiti infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarning aksariyatida jigar sirrozi yoki saratoni rivojlanadi.
Mamlakatimizda ushbu dolzarb muammoni hal etishga qaratilgan keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Amaliyot shuni ko`rsatadiki, kasallikka o`z vaqtida tashxis qo`yish va zararlanish manbalarini aniqlash infeksiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridir.
Immunoferment tahlili bunday infeksiyalarga tashxis qo`yishning keng tarqalgan usulidir. Inson qonidagi antigen yoki antijismlar sifatini laboratoriya sharoitida aniqlash va miqdorini o`lchashning immunologik usuli bo`lgan ushbu tahlil tashxis to`plami yoki test-tizimlar yordamida amalga oshiriladi.
OIV infeksiyasi, V, S gepatiti va infeksiya qo`zg`atuvchi boshqa viruslarni aniqlash maqsadida mamlakatimiz aholisi immunoferment test-tizimlar yordamida tekshiruvdan o`tkazilmoqda. Chunonchi, homilador ayollar, bolalar, tibbiyot xodimlari, laboratoriya xizmati mutaxassislari va kasallikni yuqtirish xavfi yuqori bo`lgan guruh vakillari (qon topshiradigan donorlar, gemodializ bemorlar va boshqalar) majburiy tashxisdan o`tkaziladi. Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining qariyb barcha tashxis qo`yish laboratoriyalari immunoferment tahlil o`tkazish uchun zarur jihozlar bilan ta`minlangan.
Ayni paytda mamlakatimizda asosan xorijdan keltirilgan test-tizimlardan foydalanilmoqda. Shu bois yuqori sifatli va narxi arzon tahlil vositalarini yurtimizda ishlab chiqarish va tashxis qo`yish markazlari hamda qon quyish xizmatlarini ushbu vositalar bilan ta`minlash aholi xavfli infeksiyalar bilan kasallanishining oldini olish va kamaytirishning asosiy omillaridan biridir.
Prezidentimizning 2009 yil 28 oktyabrdagi «O`zbekiston Respublikasining 2010 yilgi investisiya dasturi to`g`risida»gi qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida turli infeksiyalarga qarshi IFT test-tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etish investisiya dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturda OIV, TORCh infeksiyalari, V va S gepatitlarini aniqlashda qo`llaniladigan test-tizimlar ishlab chiqarish ko`zda tutilgan. Mazkur qarorga ko`ra, Fanlar akademiyasining O`simlik moddalari kimyosi institutida yuqorida zikr etilgan infeksiyalar uchun immunoferment tahlil test-tizimi ishlab chiqildi.
Ushbu qarorga binoan tashxis qo`yishning bunday test-tizimlarini ishlab chiqishni yo`lga qo`yish maqsadida institutning ishlab chiqarish binosi rekonstruksiya qilinib, zamonaviy texnologik jihozlar bilan ta`minlandi va test-tizimlarini ommaviy ishlab chiqarishga tayyorlandi. Ayni paytda to`rt turdagi tashxis qo`yish test-tizimlari ishlab chiqarish uchun tayyor. Yiliga har bir test-tizimning qariyb 30 ming to`plamini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu mamlakatimizning ushbu test-tizimlarga bo`lgan talabini qondirish va xorijdan keltiriladigan tashxis qo`yish vositalarini xarid qilishni kamaytirish imkonini beradi.
Ishlab chiqilgan test-tizimlar qator tibbiyot klinikalari, xususan, Respublika OITSga qarshi kurash markazi, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika dermatologiya va venerologiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida sinovdan o`tkazildi.
Klinik tadqiqotlarning ijobiy natijalari asosida ushbu test- tizimlar O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasida ro`yxatga olindi. Sinovlar o`tkazilgach, ushbu test-tizimlarni ommaviy ishlab chiqish uchun zarur ruxsat berish hujjatlari rasmiylashtirildi.
Yuqorida qayd etilgan test-tizimlar to`plami kasalliklarga 96 turda tashxis qo`yish, jumladan, nazorat namunalarini tahlil qilishga mo`ljallangan bo`lib, tahlil o`tkazish uchun kerakli barcha reagentlarni o`z ichiga olgan.
Institutimiz olimlari tomonidan ishlab chiqilgan test-tizimlar sifati jahon andozalariga to`la javob beradi. Bu to`plamlar narxi import tizimlardan o`rtacha ikki barobar arzon. Immunoferment tahlil test-tizimlarining O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O`simlik moddalari kimyosi instituti bazasida ommaviy ishlab chiqarilishi mamlakatimizda ushbu mahsulotga bo`lgan ehtiyojni to`liq ta`minlaydi.
Prezidentimizning 2008 yil 15 iyuldagi «Innovasion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag`batlantirish borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaroriga muvofiq har yili o`tkazib kelinayotgan Innovasion g`oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi yangi innovasiya ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etishda muhim omil bo`lib xizmat qilayotir.
Institutimiz olimlarining joriy yilda o`tkazilgan VIII Innovasion g`oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida taqdim etilgan tashxis qo`yish vositalari ilmiy jamoatchilik, sog`liqni saqlash va tibbiyot muassasalari tizimi mutaxassislarida katta qiziqish uyg`otdi.
Bugungi kunda olimlarimiz ushbu yo`nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni va yangi, samarali tashxis qo`yish to`plamlarini yaratishni davom ettirmoqda. Mazkur to`plamlarning hayotga tatbiq etilishi tahlil o`tkazish qiymatini pasaytirib, ularni mamlakatimizda qo`llash ko`lamini kengaytirish imkonini beradi. Ayni paytda O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi muassasalari bilan birgalikda marketing ishlari amalga oshirilmoqda.
Yuqumli kasalliklarga tashxis qo`yish bo`yicha mamlakatimizda ishlab chiqilgan yuqori samarali innovasiya vositalari ushbu kasalliklarni dastlabki bosqichda aniqlashga doir keng ko`lamli profilaktika ishlarini o`tkazish va buning samarasida mazkur xastaliklarning surunkali bosqichga o`tishining oldini olishga yordam beradi.
Shahnoz Azimova,
O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
O`simlik moddalari kimyosi instituti
molekulyar genetika laboratoriyasi mudiri,
kimyo fanlari doktori, professor,
Elvira Yusupova,
O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
O`simlik moddalari kimyosi institutining
katta ilmiy xodimi, kimyo fanlari nomzodi.
Manba: O`zA





