Milliy matbuot markazida 1 oktyabr – O`qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Ta`lim va tarbiya uyg`unligi – barkamol avlodni shakllantirishning muhim omili” mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi.
Tadbirda pedagoglar mehnatini rag`batlantirishga oid amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar natijasida o`qituvchilarning o`rtacha mehnat haqi yildan-yilga oshirilayotgani ta`kidlandi.
Hozirgi kunda xalq ta`limi tizimida 390 mingga yaqin pedagog mehnat qilmoqda. Ta`lim samaradorligini ta`minlashda o`qituvchining kasb mahorati, bilim va ko`nikmasi muhim omillardan hisoblanadi.
Tizimda “Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi”, “Yilning eng yaxshi maktab psixologi”, “Yilning eng yaxshi maktab direktori”, “Yilning eng yaxshi uslubchisi” va boshqa ko`rik-tanlovlarning muntazam o`tkazilayotgani ta`lim jonkuyarlarining o`zaro tajriba va fikr almashishiga imkon yaratmoqda. Shu bilan birga, samarali o`quv-tarbiya uslublarini, ilg`or, tashabbuskor, ijodkor pedagoglar ish tajribasini keng ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 avgustdagi qarori asosida xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanib, o`quv jarayoni ta`limning milliy modeli xususiyatlarini hisobga olgan holda modernizasiya qilinmoqda. Endilikda xalq ta`limi tizimi xodimlarining malaka oshirishdan o`tishi uchun qulay sharoit yaratilib, pedagog kadrlarning metodik ta`minoti va o`quv-tarbiya jarayonining sifati yaxshilandi.
Yosh kadrlarni ishga jalb etish ta`lim dargohlarida ijobiy raqobatni kuchaytirish bilan birga, o`quv jarayoniga yangicha qarash, zamonaviy usul va shakllarning tatbiq etilishiga imkon yaratayotir.
O`tgan o`quv yilida jami 47 tuman va qishloq aholi punktlarida chet tillar o`qituvchilari ixtisosligi bo`yicha etishmaydigan kadrlarni tayyorlash uchun 200 nafar abiturient oliy ta`lim muassasalariga maqsadli qabul qilindi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.





