AsosiyJamiyat

O`zbek olimlari grippga qarshi preparat yaratdi

O`zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalarida ilm-fan sohasini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va innovasion mahsulotlar yaratish bo`yicha salmoqli ishlar qilinmoqda, deya xabar beradi O`zA. O`zFAning Bioorganik kimyo instituti mutaxassislari tomonidan o`tkir virusli kasalliklarga qarshi «rutan» nomli yangi tabletka yaratilib, etakchi klinikalarda muvaffaqiyatli sinovdan o`tkazildi. 

– Gripp o`tkir va tez yuqadigan kasallik bo`lib, uni juda mayda, ko`zga ko`rinmaydigan, hatto filtrdan ham o`tib ketadigan viruslar keltirib chiqaradi, – deydi O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligiga qarashli Respublika gripp milliy markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Ravshan Rahimov. – Viruslarning A, V, S turlari ma`lum. Bemor yo`talganda, aksirganda, gaplashganda havoga ko`plab viruslarni ajratadi. Ular havoda uch soatgacha saqlanib turishi mumkin. Bunday havodan nafas olgan odamga gripp yuqadi. Mikrob og`iz, burun, tomoq va yuqori nafas yo`llari shilliq pardasiga ta`sir qiladi va qon oqimiga tushib, butun organizmni zaharlaydi. 
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, inson organizmi virusga qarshi avvalo interferonlar ishlab chiqish orqali kurashadi. Ammo organizmda ko`pincha aksariyat kasalliklarni engish uchun ushbu modda etarlicha bo`lmaydi. Bunday paytda interferon ishlab chiqishni tezlashtirish yoki uni endogen mahsulot sifatida tanaga yuborish zarur. Interferon turidagi preparatlar aynan ushbu maqsadlarga qaratilgan. 
O`zbek olimlari (Sh.Solihov, N.Abdullajonova, S.Mavlonov, A.To`raev) yaratgan «rutan» preparati ta`sirida organizmda interferonlar hosil bo`ladi va ular virusga qarshi kurashadi. Mazkur tabletka olti yoshdan oshgan bolalar va kattalarga gripp hamda o`tkir virusli respirator kasalliklarning oldini olish, davolash maqsadida tavsiya etiladi. Profilaktika uchun preparatni infeksiya keng tarqalgan vaqtda, xususan, bemorlar bilan muloqotdan so`ng qo`llash ham mumkin. Mazkur dori vositasi Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkentdagi 1-shahar shifoxonasida sinovdan muvaffaqiyatli o`tkazilgach, Sog`liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish boshqarmasi tomonidan amaliyotda qo`llanilishi uchun ruxsat berildi. 
O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti xodimlari so`nggi o`ttiz yil mobaynida Rossiya Federasiyasi, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining Virusologiya instituti, Respublika patologoanatomiya markazi va boshqa ilmiy muassasalar olimlari bilan hamkorlikda virusga qarshi faollikka ega dori vositalarini yaratish va ishlab chiqarish bo`yicha tadqiqotlar olib bordi. 
Markaziy Osiyoda o`sadigan g`o`za (gosipol va uning hosili), totum, grani, anor, zubturum kabi o`simliklardan ajratilgan 100 dan ortiq birikmalar skriningi natijasida yuqori darajada virusga qarshi faollikka ega birikmalar aniqlandi. 
Ushbu moddalarning aksariyati qator yangi dori vositalari, jumladan, “rutan”, “getasan” kabi preparatlarni ishlab chiqish uchun asos bo`lib xizmat qildi. Mazkur dori vositalari klinik tajribadan to`liq o`tkazilib, O`zbekiston Respublikasi patenti bilan himoyalandi va mamlakatimizdagi farmasevtik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Bemorlarni medikamentoz davolash amaliyotida ushbu dorilardan keng foydalanilmoqda. 
Dastlab totum o`simligi teri oshlash ekstraktlarini olish uchun foydalaniladigan xomashyo sifatida ekila boshlangan bo`lsa, keyinchalik totum polifenoli keng biologik faolligi aniqlandi. 
– Olimlarimizning uzoq yillik tajribasi mamlakatimiz qir-adirlarida o`sadigan totum o`simligi virusga qarshi samarali vosita ekanini ko`rsatdi, – deydi O`zbekiston Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti direktori Abbosxon To`raev. – Ushbu o`simlikni ko`paytirish va madaniylashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 24 apreldagi qaroriga asosan Andijon viloyatining Qo`rg`ontepa tumanida sumax, ya`ni totum o`simligini etishtirishga ixtisoslashgan maxsus fermer xo`jaligi tashkil etilib, 500 gektar erga sinov uchun mazkur o`simlik ekildi. Uning barglaridan ilk bor mamlakatimizda “rutan” nomi bilan grippga qarshi tabletka yaratildi. Dori grippning A-H3N2, H1N1 va B(01), (03) gruppa shtammlariga nisbatan samarali ta`sirga ega. Bundan tashqari, uning tarkibidagi polifenol birikmalar nihoyatda kuchli interferon induktori hisoblanib, organizmdagi viruslarga qarshi kurashish barobarida immunitetni oshirish xususiyatiga ham ega. Eng muhimi, tabiiy o`tdan tayyorlangani uchun dorining organizmga zararli ta`siri yo`q. Tibbiyot tilida aytganda, hech qanday toksik xususiyati yo`q,kulumyativ ta`sir ko`rsatmaydi, periferik qon kattaliklari, buyrak va jigarning ishlash funksiyasi, to`qima va organlar patomorfologiyasiga salbiy ta`siri aniqlanmadi. 
Ma`lumki, gripp immuniteti past, surunkali kasalliklar bilan xastalanganlar, keksa yoshdagilar, homilador ayollar va bolalarda og`irroq kechishi mumkin. Shu bois bunday xastalik o`z vaqtida aniqlanib davolansa, grippdan keyingi asoratlarning oldini olgan bo`lamiz. Gripp epidemiologiyasi, klinik xususiyatlari, oldini olish va davolashda qo`llaniladigan preparatlarning shifobaxshligini o`rganish bu borada muhim omil sanaladi. 
– Mamlakatimizda oktyabr oyidan grippga qarshi emlash boshlanadi, – deydi Sog`liqni saqlash vazirligiga qarashli Virusologiya instituti bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova. – Har yili vaksina xorijdan keltiriladi va grippning muayyan virusiga qarshi tayyorlanadi. Agar aynan o`sha infeksiya organizmga xavf solsa, olingan emlash samara beradi. Bioorganik kimyo instituti tomonidan tayyorlanib, sinov uchun klinikamizga yuborilgan «rutan» dori vositasi esa tabiiyligi bilan ahamiyatlidir. Tadqiqotlar mazkur preparat hech qanday mahalliy qo`zg`atuvchi, allergik va boshqa ta`sirlarga ega emasligini ko`rsatdi. 
«Rutan» organizmdagi virusga qarshi kurashish barobarida immunitet tayoqchalariga zarar etkazmaydi, aksincha uni kurashuvchanlikka chorlaydi. Agar bemor shamollash yoki gripp bo`lishini sezayotgan bo`lsa, uning bir kursi kasallikni oldini oladi yoki engillik bilan uni to`xtatadi. So`nggi izlanishlar shuni ko`rsatmoqdaki, “rutan” interferon sintezini kuchaytirishidan tashqari yallig`lanishga qarshi kurashish xususiyatiga ham ega. 
Hozirgi paytda olimlar tomonidan ushbu dori vositasining nafaqat gripp (barcha tegishli hujjatlar olinib, sotuvga chiqarilgan), balki boshqa virus turlariga qarshi (gepatit, ko`z viruslari va boshqalar) shakllari o`rganilmoqda. 
 

    Boshqa yangiliklar