ABL-Soft&SS mas`uliyati cheklangan jamiyati xodimlari avtotransport vositalarining davlat raqamlarini va ularning tezligini videotasvirlar oqimi orqali avtomatik aniqlaydigan «AutoCon TR.uz» dasturiy ta`minotini ishlab chiqdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda. Ushbu dasturiy mahsulot avtotransport vositalarining davlat raqamlarini aniqlash va yo`l harakati qoidalarini buzuvchilarni avtomatik qayd etish bilan bog`liq masalalar majmuini hal qilishga mo`ljallangan. «‘AutoCon TR.uz’ dasturi ob`ektga yo`naltirilgan texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan bo`lib, avtotransport vositalarining davlat raqamlari belgilarini tutib olish va uning tasvirlarini binarlash, raqamlar belgilarini aniqlash, videotasvir bo`yicha tezlikni o`lchash, yo`lda yuz bergan vaziyatni tahlil qilish va yo`l harakati qoidalarini buzuvchilarni aniqlash, ma`lumotlar bazasi bilan ishlash va interfeys kabi asosiy modullardan tarkib topgan», deyiladi xabarda.
Dasturiy ta`minot mualliflari bo`lmish A.R.Maraximov, S.S.Rasulov, Sh.X.Umarov va A.R.Maraximovga № DGU 03320 raqamli guvohnoma berildi.





