AsosiyShou-biznes

Bahrom Nazarov yakkaxon konserti oldidan matbuot anjumanini o`tkazdi

 Kuni kecha poytaxtimizning Le Grand Plaza mehmonxonasida el suygan san`atkor Bahrom Nazarovning joriy yilning 10-11 noyabr kunlari “Istiqlol” san`at saroyida o`tkaziladigan “Shukrona” nomli ilk yakkaxon konsert dasturiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Shuningdek anjumanda san`atkorning yurtimiz bo`ylab o`tkazilgan “Unutilmas kunlar” deb nomlangan gastrol dasturi sarhisobi qilindi.
Ma`lumki, Bahrom Nazarov 2015 yilning 28 aprelidan boshlab respublika bo`ylab keng miqyosda gastrol konsertlarini boshlab yuborgan edi. Bugungi kungacha viloyatlarimiz markaziy amfiteatr va stadionlarida 50ga yaqin konsertlar berib muxlislar qalbini zabt etganini isbotladi.
Tadbirda ta`kidlanishicha, “Istiqlol” san`at saroyida taqdim etiladigan konsert dasturida asosan xonandaning yillar davomida o`ylab yurgan va o`z boshidan kechirgan orzu armonlari, quvonch hasratlarining ma`lum bir qismi ham sahnaga olib chiqiladi.
Dastur “Mo``jiza Media” kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilib, uning rejissyorligi aktyor va boshlovchi Farhod Badalovga ishonib topshirildi.
Sahna bezaklari bilan san`at arbobi Sergey Chernov shug`ullanmoqda. Yana shuni alohida ta`kidlash kerakki, Sergey Chernov dunyoga mashhur hind sahna bezakchilari Naynesh Ji, Saurin Sohib va Ashok Kumarlar bilan internet tarmoqlari orqali fikr almashib ish olib bormoqda. Sahna bezaklarida an`anaviylik va zamonaviylik uyg`unlashgan bo`lib, eng birinchi navbatda Bahrom Nazarovning qo`shiqlarining ifori sezilib turishi ko`zlangan.
Konsert dasturini O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimlari, taniqli boshlovchilar olib borishadi. Ammo aynan qaysi boshlovchilar olib borilishi hozircha sir tutilmoqda. Dastur jami 23 ta qo`shiqdan iborat bo`lib, deyarli barcha qo`shiqlar uchun raqs va sahna ko`rinishlari tayyorlanmoqda. Raqslarni esa “Parizoda” hamda “Tumor” raqs guruhining raqqosalari ijro etishadi.
Konsert dasturi uchun ko`plab yangi qo`shiqlar tayyorlanmoqda.
Darvoqe, konsert chiptasi narxlari 8000 dan 60 000 so`mgachani tashkil etadi.
Shuningdek anjuman doirasida xonandaning rasmiy sayti Baxromnazarov.com taqdim etildi. Saytda Bahrom Nazarovga tegishli eng so`nggi ma`lumotlar, qo`shiq, kliplar hamda fotosessiya jamlanmalari joy oladi.
Bahrom Nazarov 1984 yil 4 iyunda Andijon viloyati Qo`rg`ontepa tumanida tavallud topgan. Andijon viloyatidagi chet tiliga ixtisoslashgan 8-gimnaziyani tugatib, 2002 yilda Toshkent temir yo`l muhandislari institutiga to`lov shartnoma asosida o`qishga qabul qilinib, 2006 yilda o`qishni tugatgan.
U 2013 yilning 1 mayidan e`tiboran “Mo``jiza Media” prodyuserlik markazi bilan hamkorlik qiladi. “Ayrildim” nomli taronasi bilan butun muxlislar e`tibori va e`tirofiga sazovor bo`ldi. Ayni shu yilda “Yil qo`shig`i-2014” mukofotiga ham loyiq ko`rildi.
Xonanda 2014 yil “Ayrildim”, 2015 yilda esa “Kechikish” nomli albomlarini muxlislari hukmiga havola etgan.

    Boshqa yangiliklar