AsosiyJamiyat

8 oktyabr kuni oliy darajadagi o`zbek-turkman muzokaralari o`tkaziladi

8 oktyabr kuni Toshkentda O`zbekistonga rasmiy tashrif amalga oshirgan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirokida oliy darajadagi o`zbek-turkman muzokaralari tashkil etiladi.

7 oktyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev kutib olgandi. Martabali mehmon sharafiga aeroportda ikki davlat bayroqlari yuqori ko`tarilgan va faxriy qorovul saf tortgan.

Shuningdek, O`zbekiston bosh vaziri aeroport hududida Turkmaniston prezidenti bilan qisqa suhbat o`tkazgan. Suhbatda bo`lajak o`zbek-turkman muzokaralari natijasida ikki tomon munosabatlarida yangi qadamlar qo`yilishiga ishonch bildirilgan.

Shundan so`ng, Gurbanguli Berdimuhamedov aeroportdan o`zi uchun Ko`ksaroy majmuasida ajratilgan qarorgohiga yo`l olgan.

Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi uchrashuvlar chog`ida O`zbekiston va Turkmanistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport va kommunikasiyalar, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Tashrif yakunlari bo`yicha ikki davlat rahbarlarining Qo`shma bayonotini qabul qilish, iqtisodiyot, transport, bojxona, turizm, fan-texnika, sog`liqni saqlash va sport sohalaridagi o`zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolanishi mo`ljallangan.

Eslatib o`tamiz, Gurbanguli Berdimuhamedov 2013 yil noyabrida O`zbekistonga, O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov esa 2014 yil oktyabrida Turkmanistonga rasmiy tashrif buyurgan edi.

    Boshqa yangiliklar